Mirzamahmudova Madina Odiljon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Aholining ijtimoiy jihatdan muhtoj qatlamlarini aniqlashning nazariy asoslarini takomillashtirish», 08.00.01 – “Iqtisodiyot nazariyasi” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Iqt862
Ilmiy rahbar: Vaxabov Abduraxim Vasikovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.01.11.
Rasmiy opponentlar: Abulqosimov Xasan Pirnazarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xasanov Rustam Rabbimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: aholining ijtimoiy jihatdan muhtoj qatlamlarini aniqlashning nazariy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“kam ta’minlangan”, “kambag‘al”, “qashshoq” tushunchalarining mohiyatini ochib berishda insonning takror ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan tirikchilik vositalari qiymati bilan birgalikda, uning ma’naviy dunyosini rivojlantirish va kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayonidagi harajatlarini hisobga olish maqsadga muvofiqligi ilmiy asoslangan;
kambag‘allik darajasini aniqlashda ijtimoiy xavfsizlik talablariga muvofiq iste’mol savatchasi tarkibini nooziq-ovqat mahsulotlari hisobidan takomillashtirishning maqsadga muvofiqligi nazariy jihatdan asoslangan;
nostandart ijtimoiy-iqtisodiy, jumladan, Covid-19 pandemiyasi sharoitida inklyuziv ijtimoiy himoya tizimini davlatning faol va nofaol maqsadli dasturlari orqali manzilli shakllantirish nazariy va amaliy jihatdan takomillashtirilgan;
YaIMning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qismi bilan uy xo‘jaliklari xarajatlari tarkibidagi oziq-ovqat mahsulotlari ulushining o‘zgarishi o‘rtasida aniqlangan teskari bog‘liqlikdan kelib chiqqan holda, 2030 yilgacha uy xo‘jaliklari xarajatlari tarkibida oziq-ovqat xarajatlari ulushi o‘zgarishining uch xil variant bo‘yicha prognoz ssenariylari ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
“kam ta’minlangan”, “kambag‘al”, “qashshoq” tushunchalariga berilgan mualliflik ta’rifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 avgustdagi «Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida»gi Qarorini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2021 yil 27 dekabrdagi 03/14-01-10/437-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi aholining ijtimoiy jihatdan muhtoj qatlamlari “kam ta’minlangan aholi”, “kambag‘al aholi”, “qashshoq aholi” kategoriyalarga ajratishda asos sifatida xizmat qilgan.
kambag‘allik darajasini aniqlashda ijtimoiy xavfsizlik talablariga muvofiq iste’mol savatchasi tarkibini nooziq-ovqat mahsulotlari hisobidan takomillashtirish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 841-sonli «2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2021 yil 27 dekabrdagi 03/14-01-10/437-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida respublikada kambag‘allikni aniqlash uslubiyotini xalqaro andoza talablariga muvofiq takomillashtirish.
nostandart ijtimoiy-iqtisodiy, jumladan, Covid-19 pandemiyasi sharoitida inklyuziv ijtimoiy himoya tizimini davlatning faol va nofaol maqsadli dasturlari orqali manzilli shakllantirish taklifidan «2021-2030 yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi konsepsiyasi» ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining 2021 yil 24 dekabrdagi 02-02/3172-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan va kam ta’minlangan mehnatga layoqatli yoshdagi aholining samarali bandligi ta’minlanadi.
YaIMning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qismi bilan uy xo‘jaliklari xarajatlari tarkibidagi oziq-ovqat mahsulotlari ulushining o‘zgarishi o‘rtasida aniqlangan teskari bog‘liqlikdan kelib chiqqan holda, 2030 yilgacha uy xo‘jaliklari xarajatlari tarkibida oziq-ovqat xarajatlari ulushining o‘zgarish tendensiyalari bo‘yicha ishlab chiqilgan ko‘p variantli prognoz ssenariylaridan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 oktyabrdagi «2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorini tayyorlash jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2021 yil 27 dekabrdagi 03/14-01-10/437-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga qo‘llanilishi natijasida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatda aholi daromadlarining ikki barovar oshishi natijasida uy xo‘jaligi xarajatlari tarkibida oziq-ovqat harajatlari ulushi 40 foizni tashkil etadi.