Zokirov Sherzod Ilxom o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Prokuratura organlarida murojaatlar bilan ishlash institutini takomillashtirish masalalari”, 12.00.07 - Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Yu354.
Ilmiy rahbar: Raximov Faxri Xaydarovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bosh prokuratura Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bosh prokuratura Akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Djuraev Ixtiyor Baxtiyorovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Fayziev Olim Raimkulovich, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy Kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi prokuratura organlarida murojaatlar bilan ishlash institutini takomillashtirish masalalari yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ota-ona qarovidan mahrum bo‘lgan voyaga etmagan shaxslarning davlat organlariga yo‘llagan murojaatlari ularning to‘liq muomala layoqatiga ega emasligi sababli rad etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi va murojaatlarning ko‘rib chiqilishining kafolatlanishi asoslab berilgan;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida murojaat qilgan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari davlat himoyasida bo‘lishi, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilinishiga, shuningdek ish beruvchi tomonidan ularning mehnatiga oid huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi hamda bu qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishi asoslab berilgan;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud jamiyat va davlat manfaatlariga etkaziladigan zararning miqdori aniq belgilanishi zarurligi asoslab berilgan;
Bosh prokuraturada jismoniy va yuridik shaxslarning karantin cheklovlari, favqulotda holatlar, epidemiyalar vaqtida ham murojaat etishlariga bo‘lgan huquqlarini to‘liq amalga oshirishlari uchun qo‘shimcha ishonch telefon raqamlari joriy etilishi, shuningdek, markaz operatorlari murojaatlar haqidagi ma’lumotlarning haqqoniy va to‘liq qayd etilishiga shaxsan mas’ul hisoblanishi zarurligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ota-ona qarovisiz qolgan bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to‘liq ko‘rib chiqish kafolatlanishi va bola to‘liq muomala layoqatiga ega emasligi sabablari bilan bunday murojatlari ko‘rib chiqilmasligiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 1022-son Qarori 3-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 6 maydagi 12/21-31-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga oid qonunlar ijrosi ustidan prokuror nazorati faoliyatida ota-ona qarovisiz qolgan hamda to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmagan voyaga etmagan shaxslarning murojaat huquqlarining buzilishiga olib keladigan holatlarning oldi olinishiga xizmat qilgan;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari davlat himoyasida bo‘lishi, Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslarning va ularning yaqin qarindoshlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qilganligi sababli tajovuz qilishga, shuningdek ish beruvchi tomonidan ularning mehnatga oid huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi hamda bu qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 18 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-729-son Qonunining 28-moddasi 1 va 4-qismlarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2021 yil 30 noyabrdagi 41-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatida bu to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslar va ular oila a’zolarining huquq hamda erkinliklari davlat tomonidan himoya qilinishini kafolatlanishiga xizmat qilgan;
amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 144-moddasi birinchi qismi dispozisiyasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi taklif Jinoyat kodeksi yangi tahrirdagi loyihasining 179-moddasida “jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud jamiyat va davlat manfaatlariga ancha miqdorda zarar etkazilishiga sabab bo‘lsa” shaklida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2021 yil 19 martdagi 27/2-81-21-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarga oid qonunlar ijrosi ustidan prokuror nazoratini o‘tkazishda sodir etilgan qonunbuzilishi holatlarining aniq miqdorini belgilashga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazida Bosh prokuratura rahbariyatining ko‘rsatmasiga asosan tezkor xodimlarning ham jalb qilinishi, zarur hollarda qo‘shimcha “ishonch telefon” raqamlari joriy etilishi mumkinligi hamda operatorlar murojaatlar haqidagi ma’lumotlarning haqqoniy va to‘liq qayd etilishiga shaxsan mas’ul hisoblanishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2020 yil 23 aprelida qabul qilingan “Prokuratura organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini elektron qabul qilish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 221-sonli buyrug‘i 5-bandi 1-xatboshisi, 11-bandi 2-xatboshisi va 15-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2021 yil 15 apreldagi 30/8-21-1067-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinishi Bosh prokuraturaning “ishonch telefoni”ga yo‘llanayotgan murojaatlarga bo‘lgan e’tiborni sifat jihatdan yaxshilanishiga va bu boradagi ishlarni to‘g‘ri tashkil qilinishiga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish