Mustapova Xilolaxon Islomovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiyasi mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Hindiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo vektori”, 23.00.04 – Xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari (siyosiy fanlar).
Dissertatsiyasi mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Ss40.
Ilmiy rahbar: Saidolimov Saidxon Tal’at o‘g‘li, siyosiy fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Dsc.03/30.12.2019.Ss/tar/21.02.
Rasmiy opponentlar: Raximov Mirzoxid Akromovich, tarix fanlar doktori, professor; Umarov Xayrulla Payzullaevich, siyosiy fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Hindiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo vektorining shakllanishi va rivojlanish tendensiyalarini, Hindistonning mintaqa davlatlari bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarini yoritish hamda ushbu munosabatlar rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Hindistonning mintaqa darajasidagi davlatdan jahon darajasidagi nufuzli davlatga aylanishining siyosiy – Janubiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Hind okeani mintaqasi kabi ustuvor yo‘nalishlarga doir tashqi siyosiy dasturlari, iqtisodiy – proteksionizmdan voz kechish, investision muhit yaratish singari asoslari hamda mintaqaviy siyosatning yirik ko‘rinishlaridan biri bo‘lgan «Sharqqa nazar» (Look East) konsepsiyasidan «Sharq sari qadam» (Act East) konsepsiyasiga transformatsiyasi asoslangan;
Markaziy Osiyoga nisbatan Hindiston tashqi siyosati mintaqadagi geosiyosiy jarayonlar, yetakchi davlatlarning mintaqadagi geostrategik manfaatlarining yangi konfiguratsiyasi vujudga kelishi sharoitida faollashuvining geosiyosiy – Osiyodagi yangi kuch markazi sifatida mintaqa davlatlariga nisbatan ta’sirni oshirish, xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq ko‘p tomonlama hamkorlikda yetakchilik qilish; geoiqtisodiy – mintaqada xom-ashyo va resurslar borasida o‘z manfaatlarini ilgari surish kabi xususiyatlari ochib berilgan;
Hindiston madaniy aloqalar Kengashi (The Indian Council for Cultural Relations) va Hind madaniyat markazi (Indian Cultural Centre) tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarida, jumladan O‘zbekistonda Hindiston milliy madaniyatini keng targ‘ib etish imkoniyatlari yaratilayotgani ochib berilgan;
Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, investisiyaviy va gumanitar sohalardagi aloqalarni mustahkamlash hamda mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida “Markaziy Osiyoga bog‘lanish siyosati”, “Hindiston-Markaziy Osiyo muloqoti” hamda “Hindiston-Markaziy Osiyo sammiti” kabi muloqot guruhlari tashabbuskor va hamkorlar uchun ochiqlik kabi xususiyatlarga egaligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Hindiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo vektorining shakllanish va rivojlanish jarayonlarini tadqiq etish natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflardan:
Hindiston va O‘zbekiston davlatlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni kuchaytirishga doir xulosa, taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining ilmiy-amaliy tadbirlarida, shuningdek, madaniy hamkorlik doirasida milliy-madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari, jumladan «O‘zbekiston– Hindiston» do‘stlik jamiyatining tadbirlar rejasi va yo‘l xaritalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Qo‘mitaning 2021 yil 7 iyuldagi 14-07-1387-son ma’lumotnomasi). Natijada milliy-madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlarining faoliyatini rivojlantirish uchun metodologik asos bo‘lib xizmat qilgan;
Hindiston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari va konseptual asoslari shakllanishi, «Sharqqa nazar» (Look East) konsepsiyasining “Sharq sari qadam” (Act East) konsepsiyasiga transformatsiyasiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2015–2017 yillarda bajarilgan A 1-191-raqamli “Xorijiy tillardagi tarixiy asarlarning ilmiy tadqiqi va tanqidiy tahlili asosida Sharq mamlakatlari tarixiga oid zamonaviy o‘quv adabiyotlarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 iyundagi 89-03-1971-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanishi Hindistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarining rivojlanish tendensiyalarini yoritib berishga xizmat qilgan;
tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 5A121101 – “Xalqaro munosabatlar va zamonaviy siyosiy jarayonlar” mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim berishda qo‘llash tavsiya etilgan “Xorijiy Sharq va G‘arb mamlakatlaridagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar” darsligini tayyorlashda foydalanilgan. Ushbu darslikning “Janubiy Osiyo va Osiyo Tinch okeani mintaqalarida ijtimoiy-siyosiy jarayonlar” bobidagi “Janubiy Osiyoda ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning xususiyatlari” mavzusining Hindiston tashqi siyosatiga oid qismini shakllantirishda, Hindistonning tashqi siyosiy tashabbuslariga doir ilmiy xulosalariga murojaat qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 30 dekabrdagi 89-03-5614-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur darslik orqali sohaga oid yangi ma’lumotlarning kengayishiga, talabalarda mavzu bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarning shakllanishiga xizmat qilgan;
dissertatsiyada keltirilgan Hindistonning Markaziy Osiyo respublikalari ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ishtirokini kengaytirishga yo‘naltirilgan siyosiy, iqtisodiy, strategik sheriklik, axborot texnologiyalari, ta’lim, tibbiyot sohasidagi hamkorlik, xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot, mintaqaviy hamkorlikni qamrab olgan «Markaziy Osiyoga bog‘lanish siyosati» («The Connect Central Asia policy») va uning Hindiston-Markaziy Osiyo munosabatlariga ta’siri hamda ushbu siyosatning amaliy natijalariga oid xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston tarixi» telekanali ijodkorlari «O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan hamkorligi masalalari» mavzusidagi ko‘rsatuvlarning ssenariylarini tayyorlashda foydalanishgan. Xususan, «Taqdimot» ko‘rsatuvida tadqiqotchining dissertatsiyada keltirilgan eng muhim ilmiy-nazariy fikrlaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston teleradiokanali» davlat unitar korxonasining 2019 yil 19 noyabrdagi 02-40-2398-son ma’lumotnomasi). Natijada Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanish tarixi, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, fan-ta’lim sohasidagi hamkorlikning istiqbollari haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatuvlar saviyasi va ta’sir doirasining o‘sishiga xizmat qilib, ma’lumotlar qamrovini oshirgan.