To‘raev Laziz Abdivali o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi: “Mahmud Zamaxshariy ilmiy merosida “Rabi’ al-abror” asari muhim manba sifatida”, 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tar521.
Ilmiy rahbar: Mannonov Abdurahim Mutalovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSC.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Islamov Zohidjon Mahmudovich, filologiya fanlari doktori, professor; Xudoyberganov Ravshan Turabovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Temuriylar tarixi Davlat muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Mahmud Zamaxshariy “Rabi’ al-abror” asarining Toshkent va xorij fondlaridagi qo‘lyozma nusxalarini aniqlash, ularning manbashunoslik tadqiqini amalga oshirish, yirik qomusiy manba ekanligini asoslash orqali asardagi ba’zi tarixiy, jug‘rofiy va ijtimoiy-falsafiy mavzularni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Mahmud Zamaxshariy “Rabi’ al-abror” asarining O‘zbekiston va xorijdagi 50 dan ortiq qo‘lyozma nusxalari aniqlanib, ulardan 35 tasi ilk bor tavsiflangan va ilmiy muomalaga kiritilgan;
Toshkentda saqlanayotgan “Rabi’ al-abror” asarining noyob nusxasi manbashunoslik nuqtai nazardan ilk bor ilmiy muomalaga olib kirilgan hamda uning mukammal nusxa ekanligi asoslangan;
“Rabi’ al-abror” asari Toshkent nusxasining Sharq qo‘lyozmalari to‘plamining II jildi 1783-tartib raqamida berilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanligi isbotlanib, ushbu qo‘lyozma nusxa 77 bob emas, 98 bobdan iborat ekanligi aniqlangan;
“Rabi’ al-abror” “muhozara” uslubida yozilgan asar sifatida o‘tmishda yashab o‘tgan allomalarning ijtimoiy-axloqiy qarashlarini ochib berishda muhim manba ekanligi isbotlanib, asarda keltirilgan Xorazm, Samarqand, Buxoro, Makka, Madina, Hijoz, Bag‘dod, Basra, Kufa, Xuroson, Shom, Nishopur, Isfahon singari shaharlarning o‘rta asrlardagi tarixiy-jug‘rofiy qiyofasi ko‘rsatilgan hamda Islom olamidagi o‘rni dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mahmud Zamaxshariyning ilmiy merosi, xususan, “Rabi’ al-abror” asari va uning manbashunoslik tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Mahmud Zamaxshariyning yoshlar ta’lim-tarbiyasi, odob-axloqi, ularning ma’naviyatini, ma’rifatini yuksaltirishga qaratilgan ijtimoiy-axloqiy qarashlari bo‘yicha olingan xulosalardan PZ-20170929561 raqamli “Yoshlarda innovatsion tafakkurni shakllantirish va milliy g‘oyaga sodiqlik ruhini kuchaytirishda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot mexanizmlarini takomillashtirish” loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 18 noyabrdagi 89-03-4815-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyihada keltirilgan allomaning didaktik asarlari, xususan “Rabi’ al-abror” asaridagi pand-nasihatlar, o‘gitlar va ibratli so‘zlar yoshlarning milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilgan;
“Rabi’ al-abror” asari qo‘lyozmasining xorij olimlari nazaridan chetda qolayotgan Toshkent nusxalari hamda xorijda saqlanayotgan asarning 30 dan ortiq qo‘lyozma nusxalarining tavsifi bo‘yicha olingan xulosalar va ilmiy yangiliklardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan ma’lumotlar va ilmiy tadqiqotlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2021 yil 1 noyabrdagi 02/445-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rta asrlarda yashagan allomalarining ilmiy merosi bilan bog‘liq markaz tomonidan tayyorlangan ma’lumotlar va ilmiy tadqiqotlarning birlamchi manbalar asosida yoritilishiga yordam bergan;
“Rabi’ al-abror” asarining Toshkent nusxalari, asarning xorij nusxalari xususidagi hamda asarda berilgan turli hadislar, hayotiy maqol-masallar, foydali maslahatlar, ibratomuz hikmatlar va she’rlarda ko‘tarilgan mavzularning bugungi kundagi ahamiyati haqidagi tahliliy fikrlar va xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasi “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharriyatining “Millat va ma’naviyat”, “Bedorlik” va “O‘zbekiston yoshlari” radio eshittirishlarining dasturlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2021 yil 2 noyabrdagi 04-25-1708-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarning dalillarga boy, sermazmun chiqishiga yordam bergan hamda “Rabi’ al-abror” asarida berilgan ezgu g‘oyalar va fazilatlar yoshlarini ma’rifatli bo‘lishlari uchun xizmat qilgan.