Normatova Shaxnoza Anvarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aholi ovqatlanishida sut va sut mahsulotlarining o‘rnini va ularni ishlab chiqarishda xavfsizligini baholash», 14.00.07–Gigiena (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tib38.
Ilmiy rahbar: Baxritdinov Shaxob Samarovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Xudayberganov Anatoliy Sagatbaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Iskandarova Shaxnoza Tulkinovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: issiq iqlim sharoitida sut mahsulotlarini haqiqiy iste’moli, tayyor sut mahsulotining sifat va xavfsizligini doimiy tizimli nazoratini gigienik parametrlarini asoslash, sut korxonalarida texnologik jarayonni o‘rganish va mehnat sharoitini sog‘lomlashtirish bo‘yicha gigienik tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona vodiysi aholisi ovqatlanishi tizimida ilk bora sut mahsulotlarining iqlim, yosh va jinsga nisbatan haqiqiy iste’mol holati aniqlangan hamda kunlik ovqat ratsionidagi sutning kimyoviy va biologik moddalar qoldiqlari bilan ifloslanishi asoslangan;
issiq iqlim sharoitini inobatga olgan holda sut mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash va tashish bo‘yicha gigienik tavsiyalar ishlab chiqilgan hamda sutning ifloslanish darajasi bakterisid, nordon sut bijg‘ish va aralash bijg‘ish bosqichlarida asoslangan;
sut mahsulotlarini ishlab chiqarishdan iste’molchigacha bo‘lgan jarayonlarda aholi salomatligi muhofazasiga qaratilgan mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlovchi tizim takomillashtirilgan;
sut ishlab chiqarish korxonalarida ishlovchilarning ish sharoitini optimallashtirish borasida doimiy monitoringini olib borishni tashkil etish bo‘yicha sanitar-gigienik tadbirlar tizimi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Aholi ovqatlanishida sut va sut mahsulotlarining o‘rnini va ularni ishlab chiqarishda xavfsizligini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonida sifati va xavfsizligini yaxshilash maqsadida «Sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish va sifatini tekshirishning nazoratini tashkil etish» uslubiy qo‘llanmasi ishlab chiqilgan va sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 10 oktyabrdagi 8n-d/33-son ma’lumotnomasi). Mazkur qo‘llanma sut ishlab chiqarish korxonalarini sanitar-gigienik talablar asosida loyihalashtirish va qurish, sut va sut mahsulotlarining organoleptik, mikrobiologik va kimyoviy jihatdan xavfsizligini ta’minlash imkonini bergan;
oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida pestisidlarning qoldiq miqdorlarini aniqlash maqsadida «Atrof-muhitda va oziq-ovqat mahsulotlarida pestisidlarining gigienik me’yorlari» (SanMvaQ 0308-13 qo‘shimcha) tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 10 oktyabrdagi 8n-d/33-son ma’lumotnomasi). Mazkur hujjat atrof-muhitda va oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibida pestisidlarning qoldiq miqdorini aniqlash va davriy ravishda nazorat qilishga imkon bergan;
aholi ovqatlanishida sut mahsulotlarining o‘rnini va ularni ishlab chiqarishda xavfsizligini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyati DSENMlari, Andijon «Rash Milk» sut zavodi, shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi sut-tovar fermalariga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 9 noyabrdagi 8n-z/35-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi Farg‘ona vodiysi aholisining kunlik ovqat ratsioni tarkibida sut va sut mahsulotlarining o‘rni isbotlangan, sut ishlab chiqarish korxonalaridagi kuzatuv nazorat nuqtalarini o‘rnatish va tizimli monitoring olib borish natijasida sutning sifati va xavfsizlik ko‘rsatkichlarining 20% ga ijobiy tomonga o‘zgarishiga imkon yaratgan.