Kurbanov Elbek Elmurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Nutqiy ta’sir etishning kognitiv-pragmatik xususiyatlari”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V 2018.4.PhD/Fil676.
Ilmiy rahbar: Rustamov Dilshodbek Abduvaxidovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.60.02.
Rasmiy opponentlar: Xamroeva Shaxlo Mirdjanovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Toirova Nargiza Isakovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi nutqiy ta’sir ko‘rsatishning kognitiv-pragmatik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nutqiy ta’sirga ega bo‘lgan nutqni shakllantirishda o‘zbek tilining ekspressiv imkoniyatlariga bog‘liq ravishda, birinchi navbatda, lisoniy imkoniyat, ikkinchi o‘rinda muloqot jarayonining ekstralingvistik ta’minoti, uchinchi o‘rinda paralingvistik vositalar bilan boyitilganlik turishi aniqlangan;
o‘zbek lisoniy qadriyatlarida nutqiy ta’sirning asosiy usullariga ishontirish, so‘rash va taklif kabi asosiy uzvlar kirishi dalillangan;
nutqiy ta’sir effektini oldindan bilish, uni kelajakdagi nutq vaziyatlarida tasavvur qilishning milliy-madaniy, fonopragmatik va leksik pragmatik imkoniyatlari aniqlangan;
nutqiy ta’sir etishda troplardan foydalanishning o‘ziga xos lingvomadaniy xususiyatlari, shuningdek, frazeologik, paremiologik vositalardan foydalanish, nutqiy ta’sir kuchiga ega dialogni yaratishda ishtirok etadigan lisoniy birliklarning kognitiv-pragmatik imkoniyatlari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Nutqiy ta’sir etishning kognitiv-pragmatik xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
nutqiy ta’sir effektini oldindan bilish, uni kelajakdagi nutq vaziyatlarida tasavvur qilishning milliy-madaniy pragmatik imkoniyatlariga doir xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Manaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining sud nutqining sotsiolingvistik, psixolingvistik xususiyatlarini o‘rganish faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Manaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining 2021 yil 2 noyabrdagi 30/1-3850-son ma’lumotnomasi). Natijada nutqiy ta’sir jarayonida muayyan til birliklarining amaliy samaradorligi ochib berilgan;
nutqiy ta’sirga ega bo‘lgan nutqni shakllantirishda o‘zbek tilining ekspressiv imkoniyatlaridan kelib chiqib, birinchi navbatda, lisoniy imkoniyat, ikkinchi o‘rinda muloqot jarayonining ekstralingvistik ta’minoti, uchinchi o‘rinda paralingvistik vositalar bilan boyitilganlik turishi borasidagi tadqiqot natijalaridan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan olib borilgan AM-FZ-201908172 “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” mavzusidagi innovatsion ilmiy loyihani bajarishda foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2020 yil 19 yanvardagi 15-85-son ma’lumotnomasi). Natijada ta’lim jarayonida muayyan til birliklarining amaliy samaradorligi ochib berilgan;
lisoniy madaniyatda nutqiy ta’sirning o‘ziga xos o‘rni, ommaviy nutqiy ta’sir etish, muloqot jarayonining o‘ziga xosliklari, lisoniy birliklarning nutqiy ta’sir o‘tkazishdagi xususiyatlarini ochib berish, shuningdek, kognitiv-pragmatik farqli birliklarning uslubiy, mazmuniy, vazifaviy jihatlari kabi masalalar borasidagi tadqiqot natijalaridan Andijon davlat universitetida 2017-2020 yillarda olib borilgan OT-F1-18 “Ommaviy lisoniy madaniyatni shakllantirish metodlar va metodologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi davlat fundamental-tadqiqot dasturlari doirasidagi loyihalarda foydalanilgan (Andijon davlat universitetining 2022 yil 5 martdagi 39-08-545-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning ommaviy nutqiy madaniyatni shakllantirishga doir aniq diskurslarga doir tavsiyalarining nazariy asosi ta’minlangan;
nutqiy ta’sirning sud jarayoniga xos xususiyatlari, sud jarayoni qatnashchilarining nutqidagi farqlar, muloqot jarayonining genderga doir o‘ziga xosliklari, lisoniy mentalitetning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berish, shuningdek, muloqot jarayonidagi ijtimoiy farqli birliklarning uslubiy, mazmuniy, struktur hamda vazifaviy o‘ziga xosliklari kabi masalalar borasidagi tadqiqot natijalaridan Andijon davlat universitetida 2018-2020 yillarda olib borilgan PZ-20170926286 “O‘zbek amaliy sud lingvistikasi tadqiq” mavzusidagi davlat amaliy-tadqiqot dasturlari doirasidagi loyihalarda foydalanilgan (Andijon davlat universitetining 2022 yil 5 martdagi 39-08-544-son ma’lumotnomasi). Natijada nutqiy ta’sir jarayonida muayyan til birliklarining amaliy samaradorligi ochib berilgan;
nutqiy ta’sir o‘tkazishning psixolingvistik omillari tahlil qilinib, insonga ta’sir o‘tkazishning yuqori samaraga erishish usullarini farqli jihatlari ilmiy asoslashga doir natijalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DM “Madaniy-marifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan “Talim va taraqqiyot”, “Notiqlik odobi”, “Adabiy jarayon” radioeshittirishlarini tayyorlashda (2020-2021 yillar davomida) foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 12 yanvardagi 04-36-70-son ma’lumotnomasi). Natijada radiotinglovchilarga efir orqali nutqiy ta’sir o‘tkazishning psixolingvistik xususiyatlari tahlil qilinib, reklama matnlari va manaviy-marifiy teleradio eshittirishlarning umumiy va o‘ziga xos jihatlari hamda ularning tomoshabinga ta’siri haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishida ilmiylik mezoni ta’minlangan.