Isaqova Zamiraxon Ruhitdinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja berilgan fan tarmog‘i nomi): “Irfon va uning Sharq falsafiy tafakkuri rivojidagi o‘rni (X-XIII asrlar)”, 09.00.03 – Falsafa tarixi (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.DSc/Fal79.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi Bir martalik ilmiy kengash.
Ilmiy maslahatchi: Turaev Baxtiyor Omonovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Karimov Sohibnazar Karimovich, falsafa fanlari doktori, dotsent; Nuritdinov Mahmudxodja Nizamovich, falsafa fanlari doktori, professor; Madaeva Shahnoza Omonullaevna, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatna molik.
II. Tadqiqotning maqsadi X-XIII asrlarda Sharq falsafiy tafakkuri rivojida irfon muammosining falsafiy asoslarini ontologik, epistemologik, antropologik, aksiologik qiyosiy jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
X-XIII asrlar Sharq falsafiy tafakkuri rivojida “basirat”, “ilhom”, “kashf”, “farosat”, “qalb” istilohlari irfon ilmining mohiyatini aks ettirishda birlamchi omil bo‘lib xizmat qilgani Abu Ali ibn Sinoning “Al-ishorot vat-tanbehot” (Ishoralar va tanbehlar), Abu Homid G‘azzoliyning “Ar-risola al-laduniya” (Ladun haqida risola), Hakim Termiziyning “Ilm ul-avliyo” (Avliyolik ilmi), “Ma’rifat ul-asror” (Sirlar ma’rifati) kabi asarlari misolida isbotlangan;
falsafiy bilimlar tizimida irfon (go‘zal axloq, pok ishq va irfoniy adabiyot)ning nochiziqli ma’naviy-ruhiy hodisa sifatida jamiyat kelajagi va ijtimoiy barqarorligini ta’minlash va murakkab ilmiy-konseptual muammolar (har qanday zulm va adolatsizlik, jaholat va nodonlikka qarshi ilm-ma’rifat bilan kurashish)ni hal etishda substansional asos vazifasini bajargani aniqlashtirilgan;
orif, o‘zining akmeologik darajasiga ko‘ra, bashariyat uchun yuksak ideal ekanligi axloq, qalb va ruh tarbiyasi orqali insonda qudratli birlik tuyg‘usini vujudga keltiradigan shukronalik, bag‘rikenglik, sog‘lom tafakkur, ruhiy xotirjamlik, kechirimlilik, murosasozlik, minnatdorlik kabi irfoniy bilish xususiyatlari vositasida isbotlangan;
plyuralistik yondashuv, mustaqil fikrlash, irodani chiniqtirish, tafakkurni yuksaltirish, dunyo xalqlari ilg‘or madaniyatini tanqidiy o‘zlashtirish kabi irfoniylik va dunyoviylikning uyg‘unligi tamoyilini ta’lim tizimi modernizatsiyasiga yo‘naltirilishi sog‘lom ijtimoiy muhit yaratishga xizmat qilishi dalillangan;
jamiyat ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirish, inson ruhiyati, axloqi va ma’naviyatidagi bo‘shliqni oriflarning hayoti, hikmatli so‘zlari, asarlariga murojaat qilish orqali insonning tanasi, joni va ruhining bir butunligiga erishish mumkinligi falsafiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sharq falsafiy tafakkuri rivojida irfonning o‘rni tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
X-XIII asrlar Sharq falsafiy tafakkuri taraqqiyotida irfonning o‘ziga xos xususiyatlari, irfonning tarkibiy qismlari, basirat, ilhom, kashf, farosat, qalb tasnifiga doir ilmiy-nazariy xulosalari, taklif-tavsiyalaridan O‘zbekiston Musulmonlar idorasi tasarrufidagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan “Termizlik ikki alloma”, “Hakim Termiziy yo‘lining boshlanishi”, Hakim Termiziyning “Nafs odobi”, “Nafs riyozati”, “Kasb tirikchilik bayoni”, Abu Iso Termiziyning “Sunani Termiziy” asarlari tarjimalarini tayyorlashda va arxiv qo‘lyozmalari fondlarini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Musulmonlar idorasining 2021 yil 13 iyuldagi 2218-son ma’lumotnomasi). Natijada xalqimiz dunyoqarashida ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga, intellektual salohiyatli yoshlarni ajdodlarga munosib vorislar etib tarbiyalashga xizmat qilgan;
falsafiy bilimlar tizimida irfon ilmining nochiziqli ma’naviy-ruhiy hodisa sifatida jamiyat kelajagi, uning barqarorligiga oid murakkab ilmiy-konseptual muammolarni hal etishda “kalit” vazifasini o‘tashiga doir taklif-tavsiyalaridan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarkibidagi kutubxona va arxiv qo‘lyozmalari fondlarini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2021 yil 30 iyundagi 381/21-son ma’lumotnomasi). Natijada xalqimiz qalbida islom, tasavvuf, irfon ilmi va islom dinining insonparvarlik mohiyatini teran anglash, tasavvuf va tariqatlarning inson ma’naviyatini yuksaltirib, kamolotga etaklovchi umuminsoniy qadriyatlar manbasi ekanini anglashga xizmat qilgan;
orif, uning akmeologik (axloqiy kamolot) darajasiga ko‘ra, bashariyat uchun yuksak ideal ekanligi irfoniy bilish xususiyatlari hamda inson ruhiyati, axloqi va ma’naviyatidagi bo‘shliqni tasavvuf allomalarining hayoti, hikmatli so‘zlari, asarlariga murojaat qilish orqali to‘ldirish borasidagi taklif va xulosalaridan 2021 yil 26 martdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5040-son Qarorning 8-bandida belgilangan “Yoshlarni islom dini va falsafasi, boshqa diniy konfessiyalarga nisbatan hurmat-ehtirom va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirishda, milliy davlatchilik tarixi va buyuk ajdodlarning boy ma’naviy merosini o‘rganish, ularning insonparvarlik g‘oyalarini hayotga keng tatbiq etish bo‘yicha qo‘shma dastur” hamda 12-bandidagi “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi” asosida ta’lim tizimi bo‘g‘inlarida uzluksiz tarbiyani yo‘lga qo‘yish maqsadida tatbiq etiladigan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2021 yil 4 avgustdagi 02/08-891-son ma’lumotnomasi). Natijada yoshlar ongi, shuuri va tafakkkurida kreativ dunyoqarashni shakllantirish, shu orqali mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni amalga oshirishga xizmat qilgan;
“irfoniylik va dunyoviylik uyg‘unligi” (plyuralistik yondashuv, mustaqil fikrlash, irodani chiniqtirish, tafakkurni yuksaltirish, dunyo xalqlari ilg‘or madaniyatini tanqidiy o‘zlashtirish) tamoyilini ta’lim tizimi modernizatsiyasiga yo‘naltirish orqali sog‘lom ijtimoiy muhit yaratish konsepsiyasida ilgari surilgan ilmiy-nazariy taklif va tavsiyalaridan P3-20170930192 raqamli amaliy loyihasi doirasida bajarilgan “Tasavvufga kirish” darsligini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining 2021 yil 29 iyundagi 02-1340-son ma’lumotnomasi). Natijada talabalar ongi va tafakkurida tasavvuf tarixi, ta’limoti, g‘oyalari, tariqatlarning qadimdagi va hozirgi holatlari, mintaqaviy xususiyatlari, globallashuv sharoitida tariqatlarning faollashuvi, soxta so‘fiylik, tariqatchilik, bugungi kunda tasavvufga to‘g‘ri munosabat shakllantirishga xizmat qilgan;
inson ruhiyati, axloqi va ma’naviyatidagi bo‘shliqni tasavvuf allomalarining hayoti, hikmatli so‘zlari, asarlariga murojaat qilish orqali to‘ldirishga doir tavsiya va xulosalaridan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan “O‘rta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi”, “O‘rta asrlarda yashagan mashhur samarqandlik allomalar”, “Ibrohim Saffor Buxoriy”, “Keshlik allomalar”, “Uzbekistan a land of multifarious Geniuses” asarlarining mazmunini to‘ldirishda va arxiv qo‘lyozmalari fondlarini boyitishda foydalanilgan (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2021 yil 28 iyundagi 02/264-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh avlodda islom dini, tasavvuf va irfon haqida, e’tiqod erkinligi, dinlararo bag‘rikenglik borasidagi dunyoqarashni kengaytirishga, din niqobi ostidagi buzg‘unchi ekstremistik oqimlarning da’volari sof islomga zid ekanligi haqidagi tushunchalari rivojlanishiga hamda mazkur oqimlarning da’volariga qarshi zarba berish ko‘nikmalarini tarbiyalashga xizmat qilgan.