Atajanov Azizbek Abdimalikovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimida korrupsiyaviy holatlarni oldini olishning amaliy jihatlari”, 12.00.07 - Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Yu340.
Ilmiy rahbar: Ismailov Bahodir Islamovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bosh prokuratura Akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Sindorov Komil Oydinovich, yuridik fanlar doktori, professor; Mustafaev Shuxrat Bo‘rievich, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi sud tizimida korrupsiyani oldini olishning amaliy jihatlarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sud`yalar ish yuklamalarini hisobga olgan holda hamda sud jarayoni natijasidan manfaatdor shaxslarning ta’siridan holi bo‘lgan avtomatlashtirilgan tizimlardan foydalanib, sud`yalar o‘rtasida ishlarni avtomatik taqsimlashga oid normalarni qonunda belgilash zarurligi asoslab berilgan;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarini sud korpusini shakllantiruvchi sud`yalar hamjamiyati organi a’zoligidan chiqarish taklifi asoslantirilgan;
sud`yalar hamjamiyati organlarining vazifalariga sud`yalar o‘rtasida korrupsiyaning oldini olish va erta aniqlashga qaratilgan (manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish hamda korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy-amaliy seminarlar va so‘rovnomalar o‘tkazish) mexanizmlarni kiritish taklifi asoslantirilgan;
yuqori instansiya sudlari va Sud`lar oliy kengashi tomonidan joylarga chiqib, sud`yalar faoliyatini tekshirish imkoniyatini istisno etuvchi, sud`yalar faoliyatini elektron dasturlar yordamida monitoring qilish orqali tekshirishning mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi ko‘rsatilgan. Bunda sud`yalar faoliyati samaradorligini elektron reyting baholash orqali masofaviy monitoring qilishga erishish asoslab berilgan;
sud jarayonlarida jamoatchilik nazoratini, shu jumladan, har qanday sub’ekt ochiq sud majlislarida ishtirokini kafolatlash, ularning qonunda belgilangan tartibda sud zalida fotosuratlar, video va audio yozuvlarni amalga oshirishining huquqiy mexanizmlarini qonunda belgilash asoslantirilgan;
sud`yalar mustaqilligini mustahkamlashning huquqiy asosi sifatida sud`yaning mustaqilligini cheklovchi har qanday normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishini taqiqlovchi normani qonunga kiritish zarurligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasi sud tizimida korrupsiyaviy holatlarni oldini olishning amaliy jihatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sud tizimida ochiqlikni ta’minlash va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida avtomatlashtirilgan axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sud`yalar o‘rtasida ishlarni taqsimlashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 10 martdagi O‘RQ-607-sonli Qonuni bilan kiritilgan o‘zgartirishlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 17-moddasi ikkinchi qismi tahririda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Senatining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi 2020 yil 26 martdagi 6-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif sudlarda ishlarni taqsimlashning samarali mexanizmlarini yaratish va ochiqlik hamda shaffoflikni mustahkamlashga xizmat qiladi;
“huquqni muhofaza qiluvchi organlar” degan so‘zni “O‘zbekiston Respublikasining Sud`yalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasidan chiqarib tashlash to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 20 sentyabrdagi O‘RQ-717-sonli Qonuni bilan kiritilgan o‘zgartirishlar asosida “O‘zbekiston Respublikasining Sud`yalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonuni 5-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashining 2021 yil 09 dekabrdagi 695-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qildi;
Sud`yalar oliy kengashi vakolatlariga sud`yalar orasida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va ularni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish kabi vazifalarni kiritish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 20 sentyabrdagi O‘RQ-717-sonli qonuni bilan kiritilgan o‘zgartirishlar asosida “O‘zbekiston Respublikasining Sud`yalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonuni 6-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashining 2021 yil 09 dekabrdagi 695-son ma’lumotnomasi) Mazkur taklif sud`yalar orasida korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish xizmat qildi;
sud`yalar faoliyatini elektron monitoring qilish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 20 sentyabrdagi O‘RQ-717-sonli Qonuni bilan kiritilgan o‘zgartirishlar asosida “O‘zbekiston Respublikasining Sud`yalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonuni 12-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashining 2021 yil 09 dekabrdagi 695-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif sud`yalar orasida korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish xizmat qildi;
sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkinligiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 28 iyuldagi O‘RQ-703-sonli Qonuni bilan qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasi ikkinchi qismi tahririda qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Senati Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2021 yil 20 dekabrdagi 44-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif sudlarning ochiqligi va shaffofligini oshirib, fuqarolarning sud tizimiga ishonchini yanada oshirishga xizmat qildi;
sud`yaning mustaqilligini cheklaydigan normalar qabul qilinishining oldini olishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 28 iyuldagi O‘RQ-703-sonli Qonuni bilan qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 63-moddasi tahririda qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Senati Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2021 yil 20 dekabrdagi 44-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif sud tizimi mustaqilligining yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi.