Aripova Shaxnoza Raxmanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qovoqcha (Cucurbita pepo L.) nav namunalarini tanlash va urug‘lik mevalarini etishtirishning texnologik elementlarini takomillashtirish”, 06.01.05 – Seleksiya va urug‘chilik va 06.01.06 – Sabzavotchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Qx616.
Ilmiy rahbar: Dusmuratova Saodat Ismailovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor va Xakimov Rafiqjon Abdunabievich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02.
Rasmiy opponentlar: Avtonomov Viktor Aleksandrovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Asatov Shuxrat Ismatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi bahorgi va yozgi ekish muddatlarida qovoqchaning ixcham palakli, yuqori mahsuldor nav va duragaylarini baholash va ajratish; seleksiya uchun qovoqchaning navlarini tanlash hamda ertagi mahsulotni va urug‘lik mevalarini ko‘chatdan va urug‘dan etishtirish usullarini qiyosiy baholash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshkent viloyati sharoitida kelib chiqishi turli xil bo‘lgan qovoqchaning nav namunalari bahorgi va yozgi ekish muddatlarida o‘rganilgan, ular morfologik hamda xo‘jalik qimmatli belgilari bo‘yicha baholangan;
o‘rganilgan navlardan yuqori mahsuldorligi, meva rangi (yashil va to‘q-yashil), palak shakli (ixcham palakli) va urug‘ chiqishiga ko‘ra seleksiyada foydalanish uchun tanlab olingan;
qovoqchaning 0044SQ (Gollandiya) va BT+KB-001 (Turkiya) namunalaridan ixcham palakli, yuqori mahsuldor, mevalari cho‘zinchoq, to‘q yashil rangli LH-1916 (Viridi) va mevalari dumaloq, och yashil rangli LZ-2513 (Orbita) tizmalari analitik seleksiya usuli bilan yaratilgan;
ertagi mahsulot va urug‘lik mevalarni olish maqsadida bahorgi muddatda istiqbolli qovoqcha tizmalarini urug‘idan va ko‘chatidan ekishning maqbul muddati ko‘chatidan etishtirish usulida 1-10 aprel, urug‘dan etishtirishda 1 aprel ekanligi aniqlangan;
qovoqchani ekish usullari va muddatlarining o‘simliklarning fazalararo rivojlanishiga hamda urug‘lik mevalar hosildorligi va urug‘ mahsuldorligiga ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Toshkent viloyatida qovoqcha nav namunalarini tanlash va urug‘lik mevalarini etishtirishning texnologik elementlarini takomillashtirish bo‘yicha tadqiqotlar natijasida:
qovoqchaning yangi yaratilgan istiqbolli LZ-2513 (Orbita nomi bilan, NAP 20200087) va LH-1916 (Viridi nomi bilan, NAP 20200088) tizmalariga patent olish uchun hujjatlar shakllantirilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk Agentligiga talabnomalar topshirilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 29 dekabrdagi 02/029-4677-son ma’lumotnomasi). Yangi navlarning hosildorligi qiyosiy Unumdor naviga nisbatan 12,4-25,8% ga yuqori bo‘lgan va rentabellik darajasi 43,5-52,3 % ni tashkil etgan;
«Qovoqcha (Sucurbita pepo L.) mevalari va urug‘larini etishtirish texnologiyasi bo‘yicha tavsiyanoma» tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 29 dekabrdagi 02/029-4677-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiyalar bugungi kunda fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa egalari qovoqchani etishtirish va undan yuqori hosil olishda qo‘llanma sifatida foydalanmoqda;
Tadqiqot natijalari 2019-2020 yy. jami 13,4 ga, shundan Samarqand viloyatida - 3,5 ga, Andijon viloyatida - 5 ga, Namangan viloyatida - 0,9 ga va Toshkent viloyatida - 4 ga sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari maydonlarida joriy etilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 29 dekabrdagi 02/029-4677-son ma’lumotnomasi). Natijada bir gektar maydondan 7,8-12,5 mln.so‘m daromad olingan va rentabellik 43,5-73,5 foizni tashkil etgan.