Mirzaev Nuriddin Fayzullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida soyaning oqsil miqdori va moylilik darajasi yuqoriligini ta’minlovchi etishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirish (Qashqadaryo viloyati misolida)”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Qx459.
Ilmiy rahbar: Abduazimov Akbar Muxtorovich, qishloq xo‘jaligi bo‘ycha falsafa fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, PhD.05/30.10.2020.Qx.126.01.
Rasmiy opponentlar: Yormatova Dilorom, Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Yuldasheva Zul’fiya Kamolovna, Qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qashqadaryo viloyatining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida mahalliy va xorijdan keltirilgan soya navlarini asosiy ekin sifatida etishtirishda azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish me’yorini o‘rganish orqali, soyaning oqsil va moylilik darajasini oshirish agrotexnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qashqadaryo viloyati och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida tajribadagi soya navlarini asosiy ekin sifatida ekishda ma’dan o‘g‘itlar me’yorini soyaning o‘sishi, rivojlanishiga ijobiy ta’sir qilgan holda o‘simlikning quruq massa to‘plashi nazoratga nisbatan “To‘maris-MAN-60” navida 9,09 tonna/ga, “Oyjamol” navida 9,31 tonna/ga yuqori bo‘lishi isbotlangan;
och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida soyaning mahalliy “To‘maris-MAN-60” va “Oyjamol” navlarini azotli o‘g‘itlar bilan sof xolda 120 kg/ga hisobida oziqlantirilganda dala unuvchanligi, o‘sishi, rivojlanishi, hosil strukturasi yaxshilanib, hosildorlik 28,5-32,2 s/ga oshganligi aniqlangan;
Qashqadaryo viloyati sharoitida soya etishtirishda azotli o‘g‘itlar bilan sof holda gektariga 120 kg/ga qo‘llash tartiblarining iqtisodiy samaradorligi (“Amigo” va “Selekto-201” navlarida 7,2-45,7%, “To‘maris-MAN-60” va “Oyjamol” navlarida 161,2-195,2%) yuqori bo‘lganligi aniqlangan;
soyaning mahalliy “To‘maris-MAN-60” va “Oyjamol” navlarini azotli o‘g‘itlar bilan sof xolda N120 kg/ga oziqlantirilganda donning moylilik ko‘rsatkichlari (22,7-22,9%) sanoat talablariga to‘la mos keladigan, iqtisodiy samarador etishtirish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
soyaning mahalliy va xorijdan keltirilgan navlarining azotli o‘g‘itlar bilan sof holda N150 kg/ga oziqlantirilganda donning oqsil miqdori miqdorini yuqori (42,3-43,4%) bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qashqadaryo viloyatining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida soyaning oqsil miqdori va moylilik darajasini oshirishda azotli o‘g‘itlar qo‘llash me’yorlarini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
Och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida soyaning oqsil miqdori va moylilik darajasi yuqoriligini ta’minlovchi etishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 12 noyabrdagi 02/027-4580-son ma’lumotnomasi). Bunda, soyaning oqsil miqdori va moylilik darajasi yuqoriligini ta’minlovchi agrotexnologiyasi Qashqadaryo viloyati sharoitida 296 gektarga joriy etilib, fermer xo‘jaliklarida foydalanilib kelinmoqda.
Soya (“To‘maris-MAN-60” va “Oyjamol”) navlarini etishtirishda azotli o‘g‘itlar me’yori sof xolda 120 kg/ga hisobida qo‘llanillish texnologiyasi Qashqadaryo viloyati G‘uzor, Nishon va Qarshi tumanida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 12 noyabrdagi 02/027-4580-son ma’lumotnomasi). Natijada don tarkibidagi oqsil va moylilik darajasi sezilarli darajada oshgan. Hosildorlik an’anaviy texnologiyalarga nisbatan 4,5-6,4 s/ga oshgan va gektaridan 3755-6675 ming so‘mgacha shartli sof daromad olinib, rentabellik darajasi o‘sishiga erishilgan.
Soyaning oqsil miqdori va moylilik darajasini oshirishda azotli o‘g‘itlar qo‘llash me’yorlarini takomillashtirish orqali soya etishtirish (2021 yil) Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida (250 gektar), Nishon tumanida (24 gektar), fermer xo‘jaliklari va yirik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarida hamda Qarshi agrouchastkasida (22 gektar) maydonlarda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 12 noyabrdagi 02/027-4580-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida hosildorlik oshib, rentabellik darajasi 51,9-91,4 foizni tashkil etgan.