Pardaev G‘ulomnazar Eshbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Paxta moyini uzluksiz emul`siyali rafinatsiyalash texnologiyasini modernizatsiyalash», 02.00.17–Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish, saqlash hamda qayta ishlash texnologiyalari va biotexnologiyalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/T153.
Ilmiy rahbar: Abduraximov Saidakbar Abduraxmanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.T.04.01.
Rasmiy opponentlar: Qurbonov Jamshid Majidovich, texnika fanlari doktori, professor; Tillaeva Gulnora O‘rinbaevna, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: elektromagnitli ishlov berish, yangi kislotali va ishqoriy reagentlarni hamda ularni qo‘llash uskunalari yordamida, paxta moyini uzluksiz emul`siyali rafinatsiyalash texnologiyasini modernizatsiya qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
presslangan va ektraksiyalangan paxta moylarini uzoq muddatli saqlashdan oldingi hamda keyingi ko‘p komponentli tarkibi va miqdordagi o‘zgarish farqlari aniqlangan;
paxta moyini turli ishqoriy eritmalar bilan, xususan, erkin yog‘ kislotalari bilan maksimal bog‘lanishini ta’minlovchi samarali aralashtirgichlar aniqlangan;
soapstokning yirik parchalarini 22 dan 70°C haroratda uzluksiz shakllantiruvchi uch zonali termodifferensial ekspozitor ishlab chiqilgan;
erkin yog‘ kislotalarini tanlab neytrallovchi natriy silikatni, hisoblangan miqdorda (ortiqcha NaOH o‘rniga) qo‘llash rafinatsiyalangan moyning chiqish miqdorini oshirishi isbotlangan;
erkin yog‘ kislotalari assotsiatlarini parchalovchi elektromagnit ishlovi, tavsiya etilgan aralashtirgich va ekspozitordan foydalanib, paxta moyini uzluksiz ikki bosqichli emul`siyali rafinatsiyalashning modernizatsiyalangan texnologiyasi ishlab chiqilgan;
kaustik soda eritmasidan foydalanib olingan an’anaviy soapstokka nisbatan silikat natriy eritmasidan foydalanib olingan soapstokning farqli ko‘rsatkichlari aniqlangan;
presslangan va ekstraksiyalangan paxta moylarini oqlashda zararli va toksik moddalardan tozalovchi mahalliy faollantirilgan gilmoya va ko‘mirlardan samarali kompozisiya olish va qo‘llash texnologiyasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Paxta moyini uzluksiz emul`siyali usulda rafinatsiyalashning modernizatsiyalangan texnologiyasini qo‘llash bo‘yicha olingan natijalarni amaliyotga joriy qilish asosida:
elektromagnit ishlovi yordamida paxta moyini uzluksiz emul`siyali usulda ikki bosqichli rafinatsiyalash texnologiyasi «Qo‘qon yog‘-moy» aksionerlik jamiyatida ishlab chiqarishga joriy qilingan («O‘zpaxtasanoateksport» XKning 2017 yil 22 sentyabrdagi VD-yo/1687-son ma’lumotnomasi). Natijada rafinatsiyalangan moyning chiqish miqdorini 1,5–2,5%ga oshirish imkonini bergan;
emul`siyali rafinatsiyalashda paxta moyini tozalashning modernizatsiya qilingan texnologiyasi «Qo‘qon yog‘-moy» aksionerlik jamiyatida ishlab chiqarishga joriy qilingan («O‘zpaxtasanoateksport» XKning 2017 yil 22 sentyabrdagi VD-yo/1687-son ma’lumotnomasi). Natijada soapstok tarkibidagi neytral moy miqdorini 7–11%ga kamaytirish imkonini bergan;
elektromagnit ishlovi yordamida paxta moyini uzluksiz emul`siyali usulda ikki bosqichli rafinatsiyalashda mahalliy faollantirilgan gilmoyali va ko‘mirlardan yaratilgan kompozisiyalar «Urgench yog‘-moy» aksionerlik jamiyatida ishlab chiqarishga joriy etilgan («O‘zpaxtasanoateksport» XKning 2017 yil 22 sentyabrdagi VD-yo/1687-son ma’lumotnomasi). Natijada rang ko‘rsatkichi standart talablariga javob beradigan paxta moylarini ishlab chiqarish imkonini bergan.