Mamedov Normuxammad Mardanovichning

falsafa doktori dissertatsiyasi (PhD) himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Urug‘li meva daraxtlarida monilioz kasalligiga qarshi kurash choralarini takomillashtirish», 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx50.

Ilmiy rahbar: Marupov Abbosxon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jalik instituti, DSc.27.06.2017.Qx13.01.

Rasmiy opponentlar: Amanov Shuxrat Baxtiyorovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Boyjigitov Fozil Muxammadievich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi.

Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: urug‘li mevali bog‘larda monilioz kasalligining tarqalishi, uning zarari, tumanlashtirilgan navlarning kasallikka chidamliligini va kasallik qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larning bioekologik xususiyatlari asosida ushbu kasallikka qarshi samarali kimyoviy kurash choralarini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor O‘zbekiston sharoitida mahalliy va intensiv urug‘li meva bog‘larida monilioz kasalligining tarqalishi va keltiradigan zarari aniqlangan;

urug‘li meva daraxtlarida uchraydigan monilioz kasalligini qo‘zg‘atuvchi  zamburug‘lar kasallangan daraxt a’zolarining namunalaridan toza muhitga ajratib olingan, ularning sistematikasi, bioekologik xususiyatlari va patogenligi aniqlangan;

 monilioz kasalligiga chidamli bo‘lgan navlar tanlab olingan;

fungisidlarning har xil konsentratsiyalarini kasallik qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larga ta’sirini laboratoriya va dala sharoitida aniqlanib, fitosanitar tadbirlar bilan birgalikda qo‘llashning afzalliklari isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Urug‘li meva daraxtlarining monilioz kasalligiga qarshi kurash choralarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:

urug‘li mevali daraxtlarning zamburug‘li kasalliklariga qarshi kurash bo‘yicha «Intensiv bog‘larni zamburug‘li kasalliklardan himoya qilish» tavsiyanomasi ishlab chiqilgan («O‘zagrokimyohimoya» aksionerlik jamiyatining 2017 yil 16 oktyabrdagi 03-13/1919-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklarida yangidan tashkil etilgan intensiv bog‘larda zamburug‘li kasalliklarga qarshi kurashda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;

monilioz kasalligining qishlovchi infeksiyalariga qarshi 4 foizli «Bordo suyuqligi» guldan chiqqandan keyin va yana ikki marta 10 kun oralatib 0,025 foizli «Ridomil gold», 0,02 foizli «Impakt» fungisidlari bilan ishlov berish Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tajriba uchastkasida 13,3 gektar olma, 2,6 gektar nok, 9,6 gektar behi bog‘ida hamda  pakana bo‘yli intensiv olma va nok bog‘larida monilioz kasalligiga qarshi  0,01 foizli «Panch» va 0,04 foizli «Fal`kon» fungisidlari bilan kimyoviy kurash texnologiyasi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi «Yangiobod Axunov Rashid» fermer xo‘jaligida  2 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 28 sentyabrdagi 02/22-498-son ma’lumotnomasi).  Buning natijasida olmadan gektariga 61,8–66,7 sentner, nokdan 18,7–24,4 sentner va behidan 51,3–55,1 sentner qo‘shimcha hosil olingan va rentabellik darajasi olmada 147,9 foiz, nokda 109,1 foiz va behida 149,2 foizni hamda pakana bo‘yli intensiv olma va nok bog‘larida biologik samaradorlik 82,3 foizni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish