Nafasov Doniyor Baxtiyorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tijorat banklari risklarini boshqarishning nazariy va amaliy asoslarini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Iqt78.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bank-moliya akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.15.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Ismailov Alisher Agzamovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: tijorat banklar risklarini boshqarishning nazariy va amaliy asoslarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tijorat banklarining aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun majburiy zaxiralarni Markaziy bankdagi maxsus depozit hisob raqamlarda saqlash tartibi xalqaro amaliyotdagi tajribalar asosida takomillashtirilgan;
banklarning jalb qilingan moliyaviy resurslari tarkibida uzoq muddatli moliyaviy resurslar hajmini oshirish orqali likvidlilik va majburiyat riskining xavfsiz chegarasini ta’minlash yuzasidan tavsiyalar shakllantirilgan;
aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning naqd pulga bo‘lgan talabini qondirish va ularning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash orqali banklarning moliyaviy jihatdan barqaror resurslarni jalb etish asosida risk darajasini pasaytirish usuli asoslangan;
bank risklarini boshqarishda xorijiy mamlakatlar amaliyotida qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalar, xususan, «stress-test» usulini banklarda joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tijorat banklari risklarini boshqarishning nazariy va amaliy asoslarini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
tijorat banklarining aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarini qoplash uchun majburiy zaxiralarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi depozit hisobraqamlarida saqlash mexanizmini bekor qilish taklifi «Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga (ro‘yxat raqami 2696, 2015 yil 14 iyul`) kiritilgan (Markaziy bankning 2017 yil 6 noyabrdagi 17-22/1096-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi tijorat banklari resurs bazasining mustahkamlanishiga hamda daromad manbaining oshishiga xizmat qilgan;
bank majburiyatlari tarkibida uzoq muddatli moliyaviy resurslar hajmini oshirish orqali likvidlilik riskini tartibga solish to‘g‘risidagi taklifi «Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida»gi nizomga (ro‘yxat raqami 2709, 2015 yil 13 avgust) kiritilgan (Markaziy bankning 2017 yil 6 noyabrdagi 17-22/1096-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida mamlakatimiz tijorat banklarining likvidlilik riskidan ko‘riladigan ehtimoliy zararlarni qisqartirish imkoniyati yaratilgan;
aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning naqd pulga bo‘lgan talablarini qondirish orqali likvidlilik riskini to‘liq bartaraf etish haqidagi taklifi «Tijorat banklariga jismoniy shaxslardan naqd chet el valyutasini sotib olishi uchun Markaziy bank tomonidan madad pullari berish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga (ro‘yxat raqami 2912, 2017 yil 16 avgust) kiritilgan (Markaziy bankning 2017 yil 6 noyabrdagi 17-22/1096-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi aholining naqd pulga bo‘lgan talabini qondirishga hamda banklarda likvidlilik riskini 0,2 foizga pasaytirish imkonini bergan;
bank tizimida risklarni boshqarishdagi «stress-test» usulidan foydalanish borasidagi taklifi tijorat banklarining ichki tartiblariga kiritilgan (Markaziy bankning 2017 yil 6 noyabrdagi 17-22/1096-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu banklarning riskka tortilgan aktivlar bo‘yicha yo‘qotishlar bosqichma-bosqich pasayishiga va bank foydasi ortishiga erishilgan;
tijorat banklari risklarini boshqarish yuzasidan takliflar ochiq aksiyadorlik tijorat banki «Agrobank» faoliyatiga joriy qilingan (OATB «Agrobank»ning 2012 yil 22 martdagi ma’lumotnomasi). Natijada tijorat bankining muammoli aktivlar salmog‘ini kamaytirilishi hisobiga ular bo‘yicha yo‘qotilishi mumkin bo‘lgan zaxira xarajatlarini 5% ga tejashga erishilgan;
tijorat banklari risklarini boshqarishning nazariy va amaliy asoslarini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar xususiy aksiyadorlik banki «Trastbank» faoliyatiga joriy qilingan (XAB «Trastbank»ning 2017 yil 10 fevraldagi 01/2-801-son ma’lumotnomasi). Natijada bank faoliyatida uchraydigan risklar bo‘yicha yo‘qotishlarning oldi olingan va daromad keltiradigan aktivlar hajmini oshirish orqali foizli daromadlari 26% ga ortgan.