Bekmirzaev Ilhomjon Isroiljonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «X–XIII asrlar Movarounnahr ijtimoiy munosabatlariga oid protsessual va notarial hujjatlari», 07.00.05 – Islom tarixi va manbashunosligi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tar36.
Ilmiy maslahatchi: Islomov Zohidjon Mahmudovich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent islom universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent islom universiteti, DSc.27.06.2017.Tar/F/Fil.14.01.
Rasmiy opponentlar: Uvatov Ubaydulla Muradovich, tarix fanlari doktori, professor; Muminov Ashirbek Kurbanovich, tarix fanlari doktori, professor; Rajabova Mavjuda Abdullaevna, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: X-XIII asrlarda Movarounnahr qozilik mahkamalarida yuritilgan rasmiy hujjatlarga oid manbalarda aks etgan protsessual va notarial hujjatlarni hayotga tatbiq etish mexanizmlarining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek davlatchiligi tarixida qozilik instansiyasining shakllanishi, o‘rta asrlarda Movarounnahrda rasmiylashtirilgan qator huquqiy hujjatlarning ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-huquqiy jihatdan jamiyatni boshqarish va tartibga solishdagi o‘rni mavjudligi isbotlangan;
X–XIII asrlarga xos huquqiy hujjatlar va unga oid manbalarga bag‘ishlangan tadqiqotlarning manbashunoslik xususiyatlari tizimli-funksional tamoyil asosida ochib berilgan;
hanafiy ta’limotining mahalliylashuvi hamda mazhab faqihlarining huquq ijodkorlari sifatida jamiyatda adolat tamoyillarini qaror toptirishga bo‘lgan intilishlari asoslangan;
qo‘lyozma manbalarning paleografik va kodikologik xususiyatlari, ularda keltirilgan protsessual (mahzar, sijil) va notarial (shurut) hujjat turlari ilk bor tasniflangan;
X–XIII asrlarga xos kanselyarizm va formulyarlar genezisi, protsessual va notarial hujjatlarni rasmiylashtirish tamoyillari hamda ularni ijtimoiy hayotga tatbiq etish mexanizmlari isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
X–XIII asrlar Movarounnahr ijtimoiy munosabatlariga oid protsessual va notarial hujjatlarni tadqiq etish natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
islomdagi huquqiy maktablar, Movarounnahr qoziligi tajribalari va tarixiy hujjat materiallari yuzasidan olingan ilmiy natijalardan «Islom huquqi» nomli darslikning IV, V, VIII mavzularini yoritishda foydalanilgan (№82-020). Mazkur mavzularning darslikka kiritilishi islomshunoslik va huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, shuningdek, soha mutaxassislari uchun Sharqda shakllangan hujjatshunoslik maktablari, ularni rasmiylashtirish va ijro mexanizmi, O‘zbekiston davlati va huquqi, diplomatika, islom dunyosiga xos yuksak huquqiy madaniyat tarixini birlamchi manbalar asosida ochib bergan;
Movarounnahrda yozilgan hanafiy fiqhiga oid manbalar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Albert Lyudvig universitetining sharqshunoslik bo‘limi va Frayburg islomshunoslik markazining «Islom dunyosi va islom bilimlari rivoji» nomli xalqaro tajriba almashish o‘quv dasturini (Germaniya) tayyorlashda foydalanilgan (Albert Lyudvig universiteti va Frayburg islomshunoslik markazining 2016 yil 12 dekabrdagi ma’lumotnomalari). Ushbu ilmiy natijalar germaniyalik islomshunos mutaxassislarga O‘zbekistonda islom bilimlarining jamiyat hayotiga ta’siri va hanafiylikning mo‘’tadil mazhab sifatida o‘zbek xalqi hayotidan munosib o‘rin egallaganligi, X–XIII asrlardagi O‘zbekiston hududida davlatchilik an’analari, jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy hayotni tartibga solishda rasmiy huquqiy hujjatlarning ahamiyatini ko‘rsatib bergan;
X–XIII asrlar Movarounnahr mulkiy munosabatlariga oid da’vo va nizolarning huquqiy asoslari bilan bog‘liq xulosalardan BV-F8-068 raqamli «Islom huquqida mulkiy munosabatlarning tartibga solinishi» (2007–2011) fundamental tadqiqot loyihasida, moturidiya aqidaviy maktabining asoschilaridan Abu Ja’far Tahoviyning ilmiy merosi hamda uning huquqiy qarashlariga oid takliflardan A-1-050 raqamli «Movarounnahrda moturidiya aqidaviy maktabining paydo bo‘lish tarixi va uning hozirgi kundagi ekstremistik oqimlarga qarshi kurashdagi mafkuraviy ahamiyati» (2015–2017) amaliy loyihasida, Abu Nasr Samarqandiy, Husomuddin Sadr Shahid, Burhonuddin Mahmud Buxoriy kabi ajdodlarimizning ilmiy merosi bo‘yicha ma’lumotlardan A1-FQ-0-96622A-1-051 raqamli «Islomshunoslik muammolarini birlamchi manbalar va ajdodlarimiz diniy-ma’rifiy merosini tizimli tahlil qilish asosida yosh avlodda sog‘lom e’tiqodni shakllantirish» (2012–2014) amaliy loyihasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 27 iyundagi FTK-0213/415-son ma’lumotnomasi). Ushbu xulosa, taklif va ma’lumotlar orqali O‘zbekiston tarixida mulkka egalik qilish va u bilan bog‘liq savdo bitimlari mustahkam huquqiy asoslarga ega bo‘lganligi, islom dogmatik din emasligi, aksincha, ushbu dinda ham bag‘rikenglik, hurfikrlilik mavjudligi va fuqarolik munosabatlarining aqidaviy asoslari, ijtimoiy munosabatlarga doir umuminsoniy g‘oyalar, dunyo tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shgan hamda hozirgi vaqtda keng jamoatchilikka yaxshi ma’lum bo‘lmagan buyuk allomalarimizning shaxsiyati va ilmiy merosi bo‘yicha ilmiy xulosalarning takomillashuviga xizmat qilgan;
X–XIII asrlar Movarounnahr markaziy shaharlarida faoliyat yuritgan qozilarning tajribalari, jamiyatda tutgan o‘rni, huquqiy madaniyati bo‘yicha ilmiy xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Hakamlik sudlari assotsiyasiyasi huzuridagi akademiyaning «O‘zbekistonda protsessual va notarial hujjatlar tarixi», «O‘zbekistonda hakamlik sudlari tarixi» fan dasturlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zHSAning 2016 yil 29 fevraldagi 01/47-son ma’lumotnomasi). Mazkur xulosalar orqali O‘zbekistondagi huquq ijodkorligi va O‘zbekiston tarixida sud-huquq islohotlari hamda ularning davriy rivojlanish bosqichlari O‘zbekiston va jahon qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozma manbalar hamda huquqiy hujjatlar asosida ochib berilgan;
O‘zbekiston tarixida mavjud diniy bag‘rikenglik an’analari, sof islomiy tushunchalar, milliy davlatchilik va tarixiy hujjat tuzish tajribalari bo‘yicha bildirilgan xulosalar «O‘zbekiston» telekanalida maxsus tayyorlanadigan «Ziyo», «Diniy ekstremizm va mutaassiblikka qarshi chora-tadbirlar» turkumidagi ko‘rsatuvlar, «Yoshlar» telekanalining «So‘z yoshlarga», «Kitob va oftob», «Toshkent» telekanalining «Toshkent vaqti», «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining «Akademik soat» kabi ilmiy-ommabop ko‘rsatuvlari hamda «Mahalla» radiosining «Obod manzillar», «Hamma uchun» kabi eshittirishlarining ssenariylarini tayyorlashda (2011–2016) foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2015 yil 15 dekabrdagi 05-15/3448-son ma’lumotnomasi). Mazkur ko‘rsatuv va eshittirishlar fuqarolarning X–XIII asrlar Movarounnahr rasmiy hujjatlari tarixi, ajdodlarimiz ilmiy merosiga doir yangi ilmiy ma’lumotlar bilan tanishishi, tarixiy bilimlarining oshishi va ularda milliy g‘urur tuyg‘usining shakllanishiga xizmat qilgan.