Xudayberdieva Umida Saidrasulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tut ipak qurtining kapalaklari hayoti davomiyligi asosida yangi seleksiya tizimlarini baholash”, 06.02.04 - Ipakchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Qx394.
Ilmiy rahbar: Navruzov Sobir Navruzovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.05/30.12.2019.Qx.13.02.
Rasmiy opponentlar: Ismatullaeva Diloram Adilovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Batirova Aziza Negmuradovna, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Chorvachilik va parandachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tut ipak qurtining yangi seleksion tizimlari populyasiyasini tabaqalash asosida, kapalaklar hayoti davomiyligini qurtlar hayotchanligi va pilla mahsuldorlik ko‘rsatkichlariga ta’sirini hamda xo‘jalik qimmatli belgilari bilan o‘zaro bog‘liqliq darajasini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tut ipak qurtining zot va tizimlar populyasiyasida kapalaklar hayoti davomiyligi o‘zgaruvchanligi keng qamrovga (29,58-58,05%) egaligi aniqlangan;
kapalaklar hayoti davomiyligi va asosiy 10 xil seleksion belgilar o‘rtasidagi fenotipik korrelyasiya koeffisientlari aniqlangan (rp=-0,407-0,784);
ingichka ipakli, jinsi nishonlangan va oddiy zot, tizimlar populyasiyasida seleksion avlodni kapalaklar hayoti davomiyligi bo‘yicha tanlashni hayotchanlik, pilla mahsuldorlik va reproduktiv belgilariga ta’siri ilmiy jihatdan asoslangan;
ipak tolasining texnologik ko‘rsatkichlari va kapalaklar hayoti davomiyligi aloqadorligi xom ipak chiqishi, ipak tolasining ingichkaligi hamda tola uzunligi belgilarining ko‘rsatkichlari asosida isbotlangan;
9-18 sutka davomida yashagan kapalaklar avlodida tuxum jonlanishi, qurtlarning hayotiyligi va kapalaklar tana o‘lchamlari yuqori bo‘lishi aniqlangan;
kapalaklar hayoti davomiyligi va ularning tanasidagi organik moddalar miqdori o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlangan (rp=0,305-0,995);
tut ipak qurti seleksiya jarayoni samarasini oshirish va boshlang‘ich materialni to‘g‘ri tanlash imkonini beruvchi tut ipak qurtining seleksion tizimlarini kapalaklar hayoti davomiyligi bo‘yicha baholashning yangi uslubiyoti ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tut ipak qurti kapalaklari hayoti davomiyligini o‘rganish jarayonida olingan tadqiqot natijalari asosida:
«Tut ipak qurtining seleksion tizimlarini kapalaklar hayoti davomiyligi bo‘yicha baholash» nomli uslubiyoti asosida «Marxamat x Asaka», «Asaka x Marxamat», «Liniya 66 x Liniya 67», «Liniya 67 x Liniya 66» sanoat duragaylari «Farg‘ona Pilla Naslchilik» MChJ da joriy qilingan («O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish» qo‘mitasining 3-2/947-sonli ma’lumotnomasi 25.08.2021 y.). Mazkur usulni joriy qilinishi natijasida amaldagi usulga nisbatan 4,5 quti qo‘shimcha elita urug‘i olingan. Iqtisodiy samaradorlik 659655 so‘mni, sof foyda 271862 so‘mni tashkil etib, rentabellik darajasi 66,7 % ga ko‘tarilgan;
tut ipak qurtining «Asaka x Marxamat» va «Marxamat x Asaka» duragaylari «Farg‘ona Agro pilla» MChJ da joriy etilgan («O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish» qo‘mitasining 3-2/947-sonli ma’lumotnomasi 25.08.2021 y.). Natijada har bir quti tajribadagi duragaydan qiyoslovchiga nisbatan 7,3 kg qo‘shimcha pilla hosili va 0,8 kg xom ipak olingan. Iqtisodiy samaradorlik 252000 so‘mni, sof foyda 52740 so‘mni va rentabellik darajasi 26,5 % ni tashkil etgan;
yaratilgan «Liniya 66 x Liniya 67» va «Liniya 67 x Liniya 66» duragaylari Sirdaryo viloyati, «Boyovut tuman Agro-pilla» MChJ da joriy etilgan («O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish» qo‘mitasining 3-2/947-sonli ma’lumotnomasi 25.08.2021 y.). Natijada parvarishlangan 3 quti duragay qurtlardan qo‘shimcha 5,5 kg pilla va 0,6 kg xom ipak olingan. Iqtisodiy samaradorlik 189000 so‘mni, sof foyda 35355 so‘mni va rentabellik darajasi 23,0 % ni tashkil etgan.