Isoqov Maqsud Uzoqovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston oltin konlarida geologiya-qidiruv ishlarining uslubiyatini takomillashtirish va zaxiralarni baholashning ishonchliligini oshirish», 04.00.02–Qattiq foydali qazilma konlarining geologiyasi, ularni qidirish va razvedka qilish. Metallogeniya va geokimyo (geologiya-mineralogiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/GM10.

Ilmiy maslahatchi: Zimalina Valentina Yakovlevna, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: «Mineral resurslar instituti» DK.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.FM/T.03.04 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.

Rasmiy opponentlar: Pirnazarov Majid Maxkamovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori; Antonov Aleksandr Evgen`evich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori;. Konkin Viktor Dmitrievich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot nomi: «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning uchta geologik-sanoat turiga mansub oltin ma’danli konlarida geologiya-qidiruv ishlarining uslubiyatini takomillashtirish va oltin zaxiralarini baholash ishonchliligini oshirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor uchta geologik-sanoat turiga (oltin-kvars, oltin-sul`fid-kvars va oltin-sul`fid turlari) mansub oltin ma’danli konlar bo‘yicha ularning geologik-qidiruv ishlari uslubiyatini takomillashtirish uchun asosiy ma’dan tanalarining joylashuv qonuniyatlari va sharoitlarini belgilab beradigan geologik omillar tizimi ishlab chiqilgan;

oltin ma’danli konlarda geologiya-qidiruv parametrlarini yuqori darajadagi o‘zgaruvchan xususiyatliligi va hisoblangan zaxiralarning turli ishonchlilik darajasiga ega ekanligi miqdoriy jihatdan isbotlangan;

uchta geologik-sanoat turiga mansub 7 ta kon kesimida eksperimental tadqiqotlar asosida geologiya-qidiruv ishlari uslubiyatining asosiy elementlari–burg‘ilash quduqlari va tog‘-kon inshootlari orasidagi masofa, ularning geometrik xossalari, ma’dan tanalaridan olinadigan namunalarning parametrlari, zaxira hisoblashning optimal usullari va konlarni qazib olish uslublari miqdoriy jihatdan asoslangan;

ilk bor O‘zbekiston sharoitida GGIS-texnologiyalar asosida zaxiralarni hisoblash usullarini qo‘llash yordamida geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini, ish unumdorligini oshirishi va zaxiralarni hisoblash tezligini o‘rtacha 30% ga ko‘tarishi isbotlangan;

O‘zbekiston konlari misolida ilk marotaba qidirib-chamalangan va qazib olingan ma’lumotlarni taqqoslash bo‘yicha mukammallashtirilgan «Qattiq foydali qazilma konlarini qidirish va qazib olishdagi ma’lumotlarni taqqoslash bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar» va «Ma’danli konlarda namunalashning aniqliligi va ishonchliligini baholash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar» ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

O‘zbekiston oltin konlarida geologiya-qidiruv ishlarining uslubiyatini takomillashtirish va zaxiralarni baholashning ishonchliligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

Kokpatas oltin koni bo‘yicha qidirib topilgan va qazib olingan zaxiralarning parametrlari o‘zaro taqqoslanib, ular o‘rtasidagi nomutanosibliklarning kelib chiqish sabablari ilmiy jihatdan ob’ektiv ravishda baholab berilgan va «Navoiy KMK» DKda joriy qilingan («Navoiy KMK» DKning 2017 yil 6 oktyabrdagi 01-02-02/12246-son ma’lumotnomasi). Natijada baholash materiallari DZK tomonidan qayta ko‘rilib, tasdiqlanmagan zaxiralarni o‘rnatilgan tartibda «Navoiy KMK» DK balansidan chiqarish imkonini bergan.

O‘rtaliq oltin koni zaxiralarini optimal baholash maqsadida minerallashgan tomirlar va zonalarni joylashuv qonuniyatlari hamda sharoitlarini aniqlash natijalari «Uran va qimmatbaho metallar geologiyasi» IIChM tomonidan O‘rtalik oltin konida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish jarayonida qo‘llanilgan («Navoiy KMK» DKning 2017 yil 6 oktyabrdagi 01-02-02/12246-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘rtalik oltin koni geologik tuzilishi murakkabligiga ko‘ra 3-toifaga mansub deb topilgan va bu o‘z navbatida ma’dan tanalarining geometrizatsiyasi, geologiya-qidiruv parametrlari va qidirish to‘rlarining zichligini mos ravishda optimallashtirish imkonini bergan;

Gujumsoy oltin konidagi ma’dan tanalarini joylashuv qonuniyatlari va sharoitlarini belgilab beruvchi geologik omillarni kompleks baholash natijasi Zarmitan geologiya-qidiruv ekspedisiyasida joriy qilingan («Navoiy KMK» DK 2017 yil 6 oktyabrdagi 01-02-02/12246-son ma’lumotnomasi). Natijada Gujumsoy oltin koni geologik tuzilishi murakkabligiga ko‘ra 3-toifaga mansubligi aniqlangan va bu o‘z navbatida S1 kategoriyasidagi zaxiralar uchun orasidagi masofa 40x40m, S2 kategoriya uchun esa 80x80m ni tashkil etgan qidirish to‘rlarini qo‘llash imkonini bergan;

Ko‘chbuloq, Qizilolma, Qayrag‘och oltin konlari buyicha qidirib topilgan va qazib olingan zaxiralarning parametrlari o‘zaro taqqoslanib, ular o‘rtasidagi nomutanosibliklarning kelib chiqish sabablari ilmiy jihatdan ob’ektiv ravishda baholab berilgan va «Olmaliq KMK» AJda joriy qilingan («Olmaliq KMK» AJning 2017 yil 9 oktyabrdagi 09-8189-son ma’lumotnomasi). Natijada baholash materiallari DZK tomonidan qayta ko‘rilib, tasdiqlanmagan zaxiralarni o‘rnatilgan tartibda «Olmaliq KMK» AJ balansidan chiqarish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish