Boltaev Mansurjon Sotivoldievichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasida tibbiy sug‘urta faoliyatini fuqarolik-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish masalalari», 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.DSc/Yu164.
Ilmiy maslahatchi: Okyulov Omonbay, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Usmanova Muborak Akmaldjanovna, yuridik fanlar doktori, professor; Sindarov Komil Oydinovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Musaev Bekzod Tursunboevich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tibbiy sug‘urta faoliyatini fuqarolik huquqiy tartibga solish sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sud`yaning hayoti va sog‘lig‘i davlatning maxsus muhofazasida bo‘lishi hamda respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan davlat tomonidan majburiy tartibda sug‘urta qilinishi lozimligi asoslangan;
sug‘urtalovchi mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta tovoni yoki shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta puli miqdorini sug‘urta mukofotining to‘langan qismiga mutanosib summada cheklashga va muddati o‘tkazib yuborilgan sug‘urta badali summasini hisobga olishga haqliligi asoslab berilgan;
sug‘urta shartnomasida navbatdagi sug‘urta badalini to‘lamaganlik uchun sug‘urtalovchining sug‘urta shartnomasini bekor qilishni talab qilish huquqi belgilangan bo‘lsa va bunday holat yuz berganda sug‘urtalovchi ushbu huquqdan foydalanmaganda, u sug‘urta tovonini to‘lashni rad etishi mumkin emasligi asoslantirilgan;
tibbiy sug‘urta shartnomasining tarafi hisoblangan sug‘urtalovchi faoliyatini lisenziyalashda murojaat qilishning elektron tartibini joriy etish zarurligi asoslangan;
tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish, aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish lozimligi asoslantirilgan;
tibbiy sug‘urta doirasida aholini tibbiy muassasalarga yo‘naltirish kafolatlangan paket asosida amalga oshirilishi zarurligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tibbiy sug‘urta faoliyatini fuqarolik-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish masalalari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
sud`yaning hayoti va sog‘lig‘i davlatning maxsus muhofazasida bo‘lishi hamda respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan davlat tomonidan majburiy tartibda sug‘urta qilinishiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 28 iyuldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-703-son Qonunining 84-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2021 yil 30 avgustdagi 25-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif sud`yalar hayotini majburiy tibbiy sug‘urta qilishning huquqiy asoslarini belgilash hamda majburiy tibbiy sug‘urta asosida sud`yalarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimini aniqlashtirishga xizmat qilgan;
sug‘urtalovchi mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta tovoni yoki shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta puli miqdorini sug‘urta mukofotining to‘langan qismiga mutanosib summada cheklashga va muddati o‘tkazib yuborilgan sug‘urta badali summasini hisobga olishga haqliligiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017 yil 29 noyabrdagi 45-sonli “Sudlar tomonidan sug‘urta shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021 yil 7 avgustdagi 11-39-21-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif sug‘urta tovoni va sug‘urta puliga nisbatan sug‘urta mukofotining o‘zaro nisbatini aniqlash orqali tibbiy sug‘urta shartnomasi taraflari o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy asoslarini o‘rnatishga xizmat qilgan;
sug‘urta shartnomasida navbatdagi sug‘urta badalini to‘lamaganlik uchun sug‘urtalovchining sug‘urta shartnomasini bekor qilishni talab qilish huquqi belgilangan bo‘lsa va bunday holat yuz berganda sug‘urtalovchi ushbu huquqdan foydalanmaganda, u sug‘urta tovonini to‘lashni rad etishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017 yil 29 noyabrdagi 45-sonli “Sudlar tomonidan sug‘urta shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiining 2021 yil 7 avgustdagi 11-39-21-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif sug‘urta tovonini to‘lash tartibini belgilashga oid tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni aniqlashtirishga imkon bergan;
tibbiy sug‘urta shartnomasining tarafi hisoblangan sug‘urtalovchi faoliyatini lisenziyalashda murojaat qilishning elektron tartibini joriy etishga oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 27 noyabrdagi 413-son qarori bilan tasdiqlangan “Sug‘urtalovchi va sug‘urta brokerlarining sug‘urta faoliyatini lisenziyalash to‘g‘risida”gi nizomga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil
31 dekabrdagi 1060-sonli qarori bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil
14 sentyabrdagi 12/21-37-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif tibbiy sug‘urta shartnomasi sub’ektlari faoliyatini lisenziyalash tizimini soddalashtirishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish, aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4890-son qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 10 sentyabrdagi 16-09/11873-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif aholining barcha qatlamlari uchun kafolatlangan davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etishga oid munosabatlarni barqaror huquqiy tartibga solishga imkon yaratgan;
tibbiy sug‘urta doirasida aholini tibbiy muassasalarga yo‘naltirish kafolatlangan paket asosida amalga oshirilishi to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4890-son qarori ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 10 sentyabrdagi 16-09/11873-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi tibbiy sug‘urta shartnomasi qo‘llash doirasi kengayishiga xizmat qilgan.