Allanazarov Sultanbek Reypnazarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Chilpish muddatlari va usullariga bog‘liq holda defoliantlarning samaradorligini baholash», 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx71.
Ilmiy rahbar: Teshaev Fatullo Jo‘raqulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Atabaeva Halima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Ibragimov Odiljon Olimjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida parvarishlanayotgan o‘rta tolali g‘o‘za navida chilpish o‘tkazish agrotadbiriga bog‘liq holda mahalliy «UzDEF» va «Samara» defoliantlarining maqbul me’yorlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida istiqbolli o‘rta tolali «Navro‘z» g‘o‘za navida chilpish muddatlari va usullariga bog‘liq holda mahalliy «UzDEF» va «Samara» defoliantlarining maqbul qo‘llash me’yorlari aniqlangan;
chilpish muddati va usullariga bog‘liq holda «Navro‘z» g‘o‘za navining barg sathi, hosil elementlarining har xil bo‘lishi hamda ko‘saklar ochilish muddati turlicha bo‘lishi isbotlangan;
chilpish muddatlari va usullariga bog‘liq holda defoliatsiya o‘tkazishning g‘o‘za barglari to‘kilishi, ko‘saklar ochilishi, bir dona ko‘sakdagi paxta vazni, paxta hosili va birinchi terim salmog‘i hamda paxta tolasi va chigitning sifat ko‘rsatkichlariga ta’siri aniqlangan;
turli muddatlarda va usullarda chilpish o‘tkazilishi natijasida defoliantlarning g‘o‘zani generativ va vegetativ organlarida quruq modda hosil bo‘lishi hamda to‘plangan azot miqdorining o‘zgarishiga ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
G‘o‘za ko‘saklarining fiziologik etilishini inobatga olgan holda g‘o‘zaning chilpish muddatlari va usullariga bog‘liq holda defoliantlarning maqbul qo‘llash me’yorlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
chilpish muddatlari va usullariga qarab defoliantlarni qo‘llash borasida «G‘o‘za defoliatsiyasini sifatli o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar» ishlab chiqilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 8 noyabrdagi 02/20-578-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma respublikada paxta etishtiruvchi fermer xo‘jaliklarida qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
maqbul chilpish muddatlari va usullarini inobatga olgan holda defoliantlarni qo‘llash texnologiyasi Toshkent viloyati fermer xo‘jaliklari paxta maydonlarida 6600 gektarga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 8 noyabrdagi 02/20-578-son ma’lumotnomasi). Natijada defoliatsiyadan samarali foydalanilib, barglar to‘kilishi 92,5–95,2 foizni, ko‘saklar ochilishi 89,0–93,0 foizni tashkil etgan holda, birinchi terim salmog‘i 14–21 foizga, paxta hosildorligi gektariga 1,7–2,8 sentnerga oshib, defoliatsiya hisobiga iqtisodiy samaradorlik gektariga 90–110 ming so‘mni tashkil etgan.