Abduvalieva Dilnoza Akramovnaning
falsafa doktori (PhD)dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Alisher Navoiy tarixiy asarlari leksikasi», 10.00.01–O‘zbek tili.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil12.
Ilmiy rahbar: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.27.06.2017Fil.19.01.
Rasmiy opponetlar: Ashirboev Samixon, filologiya fanlari doktori, professor; Husanov Nishonboy Abdusattorovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: «Tarixi anbiyo va hukamo» hamda «Tarixi muluki Ajam» asarlari so‘z boyligining tarixiy-etimologik, funksional-semantik va semantik-stilistik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tarixiy asarlar lug‘at tarkibidagi o‘z va o‘zlashgan qatlamga oid leksik birliklarning lingvostatistikasi aniqlangan;
asarlarda ishlatilgan leksik qatlamlarning qadimgi turkiy til, eski turkiy til va hozirgi o‘zbek adabiy tiliga munosabati, leksemalar semantikasida sodir bo‘lgan ma’no kengayishi, ma’no torayishi hodisalari misollar asosida ochib berilgan;
tarixiy leksikologiyaning nazariy qoidalariga tayangan holda tarixiy asarlar leksikasidagi turli mavzuiy guruhlarga oid leksik birliklarning qo‘llanish doirasi dalillangan;
asarlardagi sinonimlarning o‘z va o‘zlashgan qatlamga tegishli so‘zlardan iborat ekanligi aniqlangan;
TAH va TMAdagi omoleksemalar morfologik qurilishi jihatdan ot+ot, sifat+sifat, ot+ot+fe’l, ot+son, ot+sifat, ot ko‘makchi+fe’l shakllarida voqelangani belgilangan;
asarlar matnidagi antonimik uyalarga oid so‘zlarning leksik-semantik xususiyatlari ochib berilgan;
tarixiy asarlar leksikasidagi polisemiya hodisasi, asosan, ot, fe’l, sifat turkumlariga oid leksik birliklar doirasida ro‘y bergani hamda tasvir jarayonida muallifning, asosan, metafora, metonimiya va sinekdoxa kabi ma’no ko‘chish usullaridan foydalangani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Alisher Navoiy qalamiga mansub tarixiy asarlar leksikasining tarixiy-etimologik, funksional-semantik, semantik-stilistik xususiyatlarini ochib berish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar asosida:
Alisher Navoiyning tarixiy asarlari leksikasida aniqlangan hujjat bilan bog‘liq tushuncha nomlari (vasiqat, noma, loyiha, maktub, hujjat-ul islom, ahdnoma, sulh, qonun, vasiyatnoma, nasihatnoma) va turlarini tasniflashga oid nazariy xulosalar F-1-136 raqamli «Ilk va o‘rta asrlarda yaratilgan turkiy hujjatlarning o‘zbek davlatchiligi tarixidagi o‘rni (diplomatika, sfragistika, paleografiya va matn interpretatsiyasi masalalari)» (2012–2016) nomli fundamental loyihaga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 27 iyuldagi FTA-02-11/402-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar turkiy tillar tarixida amalda bo‘lgan hujjatlar mazmunini to‘g‘ri talqin etish, hujjat nomlarini qo‘llash bilan bog‘liq xatoliklarni bartaraf etish imkonini bergan;
mumtoz o‘zbek adabiyoti vakillari asarlarining qo‘lyozma nusxalarini tadqiq etish, Alisher Navoiy asarlari arxivini ilmiy tavsif qilish, nashrga tayyorlash hamda nashr qildirish, qo‘lyozma manbalar bilan bog‘liq Navoiy asarlarida qo‘llangan leksik qatlam tahlili bo‘yicha ma’lumotlar tayyorlash kabi ilmiy tadqiqot natijalaridan F1-FA-055746 raqamli «Markaziy Osiyo xalqlari qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish. O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivini ilmiy tavsifi va nashr qilish» (2012–2016) fundamental loyihasida tadqiqot xulosalaridan nazariy manba sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 7 noyabrdagi FTA-02-11/1033-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotdagi Navoiy tarixiy asarlari («Kitobi tavorixi anbiyo», «Kitobi tavorixi muluk», Sulaymoniya kutubxonasi, Fotih fondi, Navoiy kulliyoti, № 4056 inventar` raqamli qo‘lyozma)dan olinib tahlilga tortilgan misollar mazkur asarlarning muzey qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan boshqa nusxalari bilan qiyosiy o‘rganish imkonini bergan;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining «Bir bayt sharhi» va «Til ziynati» kabi teleloyihalarini tayyorlashda tadqiqotda tahlilga tortilgan Navoiy shohbaytlarida tarixiy davr ruhini ifodalovchi til birliklari va ularning etimologiyasiga doir izohlar, shuningdek, tarixiy asarlar leksikasining tarixiy-etimologik, funksional-semantik aspektlardagi tadqiqi, adibning ko‘p ma’noli so‘zlar (tüz=, sal=, tart=, ilik, yїγač, devār va hk.)dan foydalanish mahorati, shoir qo‘llagan bir qator leksemalar (balala=, üzät=, bilik)ning eski o‘zbek adabiy tili davridagi ma’no taraqqiyoti, shoir asarlari leksikasidagi o‘z va o‘zlashgan qatlamning ma’no xususiyatlari haqidagi ilmiy xulosalardan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining 2017 yil 6 noyabrdagi 01-17/801-son ma’lumotnomasi). Natijada bu Navoiy asarlari mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish, yoshlarning bu boradagi ilmiy bilimlarini oshirishga xizmat qilgan.