Mirzaeva Zulxumor Inomovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «XX asr o‘zbek adabiyotining Amerikada o‘rganilishi», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Fil16.
Ilmiy maslahatchi: Nazarov Baxtiyor Aminovich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Adib Xolid, falsafa fanlari doktori, professor; Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Quranov Dilmurod Haydaralievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: AQSh olimlarining XX asr o‘zbek adabiyotiga oid tadqiqotlarida aks etgan ijtimoiy-estetik tahlil birligidagi yaxlitlashuv jarayonlarini muayyan manbalar asosida kuzatish, ilmiy maktablardagi ayrim konseptual mushtarak va o‘ziga xos jihatlarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asr o‘zbek adabiyotining Amerikada o‘rganilishi tarixi, bosqichlari ilk bora ingliz, nemis va turk tillaridagi manbalarning tarixiy-ijtimoiy, qiyosiy-analitik tahlili asosida umumlashtirilgan;
Amerika olimlarining XX asr o‘zbek adabiyotiga oid izlanishlari natijalari adabiyotimizning xalqaro miqyosda konseptual tadqiq etilishi nuqtai nazaridan ochib berilgan;
milliy so‘z san’atimizning xorijda ilk bora tadqiq etilishidan mustaqillik yillarigacha va undan keyingi davrlarga xos yondashuv prinsiplari yaxlit tizim sifatida davrlashtirilgan;
AQSh olimlari izlanishlaridagi qarashlar individualligining nazariy-metodologik asoslari aniqlangan;
milliy-estetik ideal va intellektual qahramonning estetik ideal tashuvchi obraz sifatidagi genezisi va evolyusiyasidagi o‘rni ochib berilgan;
jahon adabiyotshunosligining ilg‘or nazariyalari asosida tadqiq etilgan ramziy obrazlar va ularning badiiy matndagi ijtimoiy-g‘oyaviy vazifalari tadqiqi bilan bog‘liq munozarali qarashlarning ob’ektiv va sub’ektiv omillari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
XX asr o‘zbek adabiyotining Amerikada o‘rganilishi genezisi, taraqqiyot bosqichlari, estetik ideal tashuvchi modellarning paydo bo‘lish sabablari, milliy-estetik tafakkur tadrijidagi o‘rni masalalarini tadqiq etish jarayonida erishilgan natijalar asosida:
xorijda Abdulla Qodiriy romanlarining 1980 yillarda struktural, formal tahlil metodlari asosida o‘rganilishi jahon adabiyoti nazariyotchilari qarashlarini rivojlantirgani;
«O‘tkan kunlar» va «Mehrobdan chayon» romanlarining jahon adabiyotshunosligi nazariy qarashlari asosidagi individual tahlil uslublarini takomillashtirish asosida milliy manbalarni boyitishda, jumladan FA–F1-G039 «Alisher Navoiy (2 jildlik) va Abdulla Qodiriy qomuslarini yaratish» (2012–2016 yy.) fundamental tadqiqot loyihasining «Abdulla Qodiriy qomusi» so‘zligini tayyorlashda foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 2 oktyabrdagi FTA-02-11/764-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida qomusda aks etgan Qodiriy hayoti va ijodiga oid talqinlar rivojlantirilgan, adib asarlarining jahon adabiyoti nazariyasi asosidagi qiyosiy-tipologik tahlillari ahamiyatini ilmiy konseptual jihatdan isbotlash imkonini bergan;
adabiyotning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ahamiyatini ko‘rsatishdagi ilmiy natijalar Kostal Karolina universiteti (AQSh) hamkorligida amalga oshirilgan «XX asr o‘zbek adabiyotining inglizcha tarjimalari» xalqaro loyihasini takomillashtirish hamda universitet talabalariga jahon adabiyoti namunalaridan ma’ruzalar o‘qishda tayanch manba bo‘lib xizmat qilgan (Kostal Karolina universitetining 2017 yil 21 fevraldagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar XX asr o‘zbek adabiyoti namunalarining ingliz tilidagi mukammal tarjimalarini yaratish, tarjima jarayonlarida badiiy asar mazmuni hamda ramziy-majoziy obrazlar mohiyatini chuqur anglashga xizmat qilgan;
tadqiqot materiallari va xulosalaridan Boram Shin (Boram Shin)ning «Inventing a national writer: the Soviet celebration of the 1948 Alisher Navoi jubilee and the writing of Uzbek History» (Cambridge University, 2017) tadqiqotida, «Literature and Society in Central Asia» (Bickek-Paris, 2015), «Contemporary research in Turkology and Eurasian Studies» (Presa Universitara Clujeana, 2013) xalqaro loyihalarida foydalanilishi 1950–70-yillardagi adabiy, mafkuraviy jarayonlar, g‘oyaviy kurash maydonida olib borilgan antoganistik harakatlar mohiyatini yangicha nuqtai nazar bilan o‘rganish, sho‘ro davri adabiyoti va adabiy tanqidchiligiga yangicha yondashuv tamoyillarini tatbiq etish orqali ularning asl mohiyatini ko‘rsatishga xizmat qilgan.