Abdullaev Sardor Tuychievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Go‘zallik inson ma’naviy borlig‘ining shakli sifatida”, 09.00.01 – Ontologiya, gnoseologiya va mantiq (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fal255.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Ilmiy rahbar: Turaev Baxtiyor Omanovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Tulenova Karima Jandarovna, falsafa fanlari doktori professor; Nishonova Ozoda Jalolitdinovna, falsafa fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi go‘zallik inson ma’naviy borlig‘ining o‘ziga xos shakli ekanligini mifologiya, din, falsafa va fan taraqqiyoti bilan bog‘liq ontologik evolyusiyasini ilmiy-falsafiy jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
inson ma’naviy borlig‘ida go‘zallik mumtoz paradigmada barcha narsaning mezoni, falsafiy asosi bo‘lib, keyinchalik u utilitar (moddiy foyda), kognitiv (haqiqat), ahloqiy (ezgulik) qadriyatlar bilan ekspressiv bog‘langani falsafiy jihatdan asoslangan;
go‘zallik kategoriyasi inson tafakkurida ob’ektiv va sub’ektiv munosabat, ideal obraz sifatida uyg‘unlik, simmetriya va mutanosiblikda namoyon bo‘lishini manfaatsiz maqsadga muvofiqlik tamoyili asosida ochib berilgan;
go‘zallik jamiyatning murakkab tizimlarida simmetrik va asimmetrik holatini aks ettirib, inson ma’naviy borlig‘idagi fluktuatsiya (me’yordan chetga chiqish), go‘zallikning deviantligi (axloqiy me’yoridan og‘ishi) holatida namoyon bo‘lishi mantiqiy isbotlangan;
go‘zallik tarbiyasiga innovatsion yondashuv insonning nafosat olamini hissiyot-emotsional qabul qilishi, obrazli tasavvurni rivojlantirishi, san’at va hayotda go‘zallikni xunuklikdan ajrata olish ko‘nikmasini hosil qilishdagi ustuvorligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Go‘zallik inson ma’naviy borlig‘ining o‘ziga xos shakli ekanligini tahlil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan onto-gnoseologik g‘oyalar asosida:
inson ma’naviy borlig‘ida go‘zallikning mumtoz paradigmada hamma narsaning mezoni, falsafiy asosi bo‘lib, keyinchalik u utilitar (moddiy foyda), kognitiv (haqiqat), axloqiy (ezgulik) qadriyatlar bilan ekspressiv bog‘langani asoslab berilganligiga doir taklif va tavsiyalardan “Avestoni tizimli tadqiq etish va “Zardushtiylik va Xrestomatiya”ni nashr etish” mavzusidagi A-1-92 raqamli amaliy loyihasi ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 28-dekabrdagi 89 03 5571-son ma’lumotnomasi). Natijada, go‘zallik inson ma’naviy borlig‘ida o‘ziga xos shakllarda namayon bo‘lishi, go‘zallikning yangicha yondoshuvlar asosida yoritilishi ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishiga xizmat qilgan;
go‘zallik kategoriyasi inson tafakkurida ob’ektiv va sub’ektiv munosabat, ideal obraz sifatida uyg‘unlik, simmetriya va mutanosiblikda namoyon bo‘lishini manfaatsiz maqsadga muvofiqlik tamoyili asosida ochib berilganligiga oid taklif va xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan “O‘rta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi” nomli ensiklopediyani tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazining 2020 yil 24 dekabrdagi 02/373-son ma’lumotnomasi). Natijada, davlatimizning milliy tarixiga oid fikr va qarashlarning mazmunini, ajdodlarimizning xalqimizga qoldirgan moddiy va ma’naviy merosini yanada rivojlantirish va yoritishga xizmat qilgan;
go‘zallik jamiyatning murakkab tizimlarida simmetrik va asimmetrik holatini aks ettirib, inson ma’naviy borlig‘idagi fluktuatsiya (me’yordan chetga chiqish), go‘zallikning deviantligi (axloqiy me’yordan og‘ishi) holatida namoyon bo‘lishiga oid taklif va tavsiyalaridan Samarqand viloyat musiqa va drama teatri tadbirlar rejasi va ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 9 fevraldagi 02-12-06-657-son ma’lumotnomasi). Natijada, go‘zallik estetik hodisa sifatida badiiy faoliyatda, san’atda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, badiiy-estetik ijod natijasida go‘zallik qonuniyatlarining o‘rni, ularning ijobiy va salbiy ta’sirini asoslashga xizmat qilgan;
go‘zallik tarbiyasiga innovatsion yondoshuv insonning nafosat olamini hissiyot-emotsional qabul qilishi, obrazli tasavvurni rivojlantirishi, san’at va hayotda go‘zallikni xunuklikdan ajrata olish ko‘nikmasini hosil qilishi zarurligiga oid taklif - tavsiyalaridan Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 4 avgust kuni efirga uzatilgan “Assalom Samarqand” teledasturi va 10 oktyabrda efirga uzatilgan “Ma’naviyat ko‘zgusi” ko‘rsatuvlarni navbatdagi sonining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 26 noyabrdagi 09-01/353-son ma’lumotnomasi). Natijada, keng jamoatchilikka go‘zallikning inson nafosat olamidagi ta’sirini etkazishga xizmat qilgan.