Jo‘raev Diyor Turdiqulovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yumshoq bug‘doyning respublika cho‘l mintaqalari sharoitida abiotik omillarga chidamli, hosildor nav va boshlang‘ich manbalarni yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:  B2017.1.PhD/Qx19.

Ilmiy rahbar: Amanov Amir Amonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti Qashqadaryo filiali.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jalik instituti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

Rasmiy opponentlar: Ergashev Ibroxim Toshkentovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Baboev Saidmurod Kimsanboevich, biologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: turli ekologik-geografik guruhlarga mansub nav va namunalardan foydalangan holda respublikaning cho‘l mintaqalari uchun yumshoq bug‘doyning abiotik omillarga chidamli yangi navlari va boshlang‘ich manbalarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

cho‘l mintaqalari sharoitida jahon genofondida saqlanayotgan kuzgi yumshoq bug‘doy navlarining qurg‘oqchilikka, issiqlikka, garmselga chidamlilik xususiyatlari aniqlangan;

genetik kelib chiqishi uzoq bo‘lgan mahalliy va xorijdan keltirilgan ota-ona shakllarning tanlash, duragaylash, duragay avlodlarda qimmatli-xo‘jalik belgilarini fenotipik yuzaga chiqishi hamda dominantlik, to‘liq irsiylanish koeffisienti aniqlangan;

duragaylash asosida yaratilgan nav va namunalar don hosildorligi, don sifati yuqori va turli noqulay sharoitlarga chidamli bo‘lgan kombinatsiyalar ajratib olingan;

yumshoq bug‘doyning turli ekologo-geografik guruhlariga mansub duragaylarini yaratishda ota-ona juftlarini o‘zaro chatishtirib, qimmatli-xo‘jalik belgi va xususiyatlarining irsiylanishi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Yumshoq bug‘doy seleksiyasi va urug‘chiligi bo‘yicha olib borilgan izlanishlar natijalari asosida:

kuzgi yumshoq bug‘doyning tur ichida duragaylash orqali yaratilgan va genetik belgilari o‘zida mujassamlashgan «Shams» navi 2017 yildan istiqbolli nav sifatida Davlat reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining 2017 yil 10 fevraldagi 53/4-79-son ma’lumotnomasi). Issiqlik va qurg‘oqchilikka chidamli kuzgi bug‘doyning «Shams» navidan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida yuqori va sifatli don hosili olingan;

qishloq xo‘jaligi uchun qimmatli-xo‘jalik belgilarini namoyon etgan kuzgi yumshoq bug‘doyning «Shams», «Shukrona» va «Kesh-2016» navlari yaratilgan va fermer xo‘jaliklariga ekish uchun joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 20 oktyabrdagi 02/21-548-son ma’lumotnomasi). Ushbu navlardan andoza «Krasnodar-99» naviga nisbatan gektaridan o‘rtacha maqbul muddatlarda ekilganda 11,0 sentner, kechki muddatlarda ekilganda esa 16,5 sentner qo‘shimcha don hosili olingan va har bir gektar hisobiga 605,0-907,5 ming so‘m shartli sof foyda olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish