Karimov Maxmud Muratovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Karboksil  guruh tutgan polimerlarni olish, ularning fizik-kimyoviy xossalarini va qo‘llanilish sohalarini o‘rganish», 02.00.06–Yuqori molekulyar birikmalar (kimyo fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/K11.

Ilmiy maslahatchi: Babaev Tuyg‘un Mirzaaxmedovich, kimyo fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, DSc.27.06.2017.FM/K/T.36.01.

Rasmiy opponentlar: Magrupov Farxod Asadullaevich, kimyo fanlari doktori, professor; Karimov Aminjon Karimovich, kimyo fanlari doktori, professor; Rafiqov Adxam Salimovich, kimyo fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: O‘simlik moddalari kimyosi instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: tarkibida karboksil guruhi tutgan suvda eriydigan va erimaydigan polimerlarning maqsadli sintezi, ularning fizik-kimyoviy, tibbiy-biologik xossalarini va quyi molekulyar birikmalar bilan ta’sirlashish jarayonlarini aniqlash, ular asosida anti-protozoy xossali dori vositasini olishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor polimetakril kislotasining va kompleks tuz-dipropionat 3,3-bis-(2-imidazolinil-2)-karbanilidning polikomplekslari sintez qilingan;

imidokarb polimetakril kislotasi bilan ta’sirlashganda, kimyoviy tuzilishining saqlanib qolishi va uning polimerda immobillanishida kooperativ bog‘lanishi isbotlangan;

ilk bor polimetakril kislotasi va imidokarbning yuqori konsentratsiyali eritmalari o‘zaro ta’sirlashganda, imidokarb molekulalarining polimer komplekslari shaklida 1-turli fazoviy o‘tish imkoniyatlari aniqlangan;

organik molekulasi qarshi ioni tabiatining polielektrolitlar bilan ta’sirlashish jarayonlariga ta’sir qilishi isbotlangan; 

ilk bor polivinilxloridni aminosirka, aminokapron, o-, m-, p-aminobenzoy kislotalari bilan modifikatsiyalab donador sorbentlar olishning muqobil sharoitlari aniqlangan;

polivinilxloridni aminokislotalar bilan modifikatsiyalashda aminoguruhning asosliligidan tashqari qo‘shni funksional guruhlarning fazoviy joylashishi ham ta’sir qilishi isbotlangan;

polivinilxloridni aminosirka va m-aminobenzoy kislotalari bilan modifikatsiyalash reaksiyalarining regressiya tenglamalari tuzilgan va ushbu jarayonlarga turli omillarning ta’sir darajasi aniqlangan;

polivinilxloridni aminokislotalar bilan modifikatsiyalashdan olingan sorbentlarning fizik-kimyoviy xossalari, texnik-ishlatish ko‘rsatkichlari va tuzilishi hamda morfologiyasi aniqlangan;

olingan sorbentlarning dorivor moddalarni immobillashda asos sifatida va biologik faol moddalarni tozalashda hamda suvning qattiqligini yumshatishda ion almashinuvchi material sifatida ishlatish imkoniyatlari asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Karboksil guruhi tutgan polimerlarni olish, ularning fizik-kimyoviy xossalari va ishlatilish sohalarini tadqiq qilish natijalari asosida: 

uzoq antiprotozoy ta’sir qila oladigan polimetakril kislotasi va 3,3-bis-(2-imidozolinil-2)-karbanilidning polikompleksini olish usuli uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№ IAP 04616, 2012 y.). Natijada import o‘rnini bosuvchi, kam zararli, uzoq antiprotozoy ta’sir qiluvchi veterinariya dori vositasi olish texnologiyasini yaratish imkonini bergan;

amin va karboksil guruhlari tutgan poliamfolitlar olish usuli uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№ IAP 05281, 2016 y.). Natijada ichimlik suvining qattiqligini yumshatish, biologik faol moddalarni ajratish va tozalashda qo‘llaniladigan sorbentlar olishning oson va sodda usulini yaratish imkonini bergan;

yaratilgan «POLIKARB» dori vositasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi tizimidagi muassasalarda qoramollar piroplazmidozlarini davolash va uning oldini olish bo‘yicha amaliyotga joriy etilgan (Davlat veterinariya qo‘mitasining 2017 yil 30 avgustdagi 02/24-192 son ma’lumotnomasi). Natijada davomiy ta’sir qiluvchi va kam zararli «POLIKARB» dori vositasini qo‘llashda profilaktik samaradorlik 99% bo‘lishiga erishilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish