Urazova Ra’no Tashpulatovnaning
fan doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Zardushtiylikda ma’budalarning funksiyalari va ijtimoiy-tarixiy mohiyati», 07.00.04–Dinshunoslik (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tar81.
Ilmiy rahbar: Ishoqov Mirsodiq Mirsultonovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent islom universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent islom universiteti, DSc.27.06.2017.Tar/F/Fil.14.01.
Rasmiy opponentlar:Sulaymonov Rustam Hamidovich, tarix fanlari doktori; Maxmudova Guli Tilabovna, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot:Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: zardushtiylik diniy dunyoqarash tizimida ma’budalarning funksiyalari va ijtimoiy-tarixiy mohiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zardushtiylikda ibtidoiy mifologik obrazlar ma’budalar sifatida e’tiqod ob’ektlariga aylanishi ijtimoiy-tarixiy jarayon hosilasi ekani, ma’budalarga yuklangan vazifalarning tarixiy, ijtimoiy, diniy-axloqiy talqinlari yagona o‘zaro bog‘liqligi asoslangan;
zardushtiylik dini real tarixiy-ijtimoiy munosabatlarning diniy tafakkur orqali qayta ishlanishi, rasm-rusumlar, marosimlar ko‘rinishida talqin qilinishi aniqlangan;
zardushtiylikning bosh xudosi Mazda bo‘lgani holda boshqa ma’budlar (yazadlar)ga ham e’tiqod an’anasi saqlangani masalasida yangicha talqin etilgan. Ya’ni Ahura Mazda barcha yazadlarni o‘zi yaratgan, e’tiqod ular orqali yaratganning o‘ziga qaratilgani asoslab berilgan;
Ardvi Sura, Ashi, Chisti, Daena kabilar misolida ma’budalarning vazifalari zardushtiy jamoalarining kundalik hayoti bilan, odamlarning orzu-umidlari bilan naqadar yaqinligi ko‘rsatib berilib, zardushtiylikni bir hovuch oliy zodagonlarning tor diniy jamoalarigagina emas, balki keng ommaga qaratilgani isbotlangan;
zardushtiylikning ijtimoiy mohiyatini aniqlashda ba’zi ma’budalarning funksiyalaridagi o‘xshash qirralari alohida o‘rganilib, zardushtiylikka qadar ular turli urug‘ va qabilalarga mansub bo‘lgani, keyinchalik etnik konsolidatsiyalashuv jarayonida funksiyalarda qorishuvlik ro‘y bergani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Zardushtiylikda ma’budalarning funksiyalari va ijtimoiy-tarixiy mohiyatini ochib berish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
zardushtiylikning ijobiy hislatlarga ega ma’bud va ma’budalari funksiyalariga ko‘ra ijtimoiy asoslarga egaligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan IDT-1A-1-92 raqamli «Avestoning tizimli tadqiqotlari va zardushtiylik xrestomatiyasini tayyorlash va nashr etish» nomli ilmiy loyihaning «Markaziy Osiyo falsafiy tafakkurida «Avesto»ning o‘rni» nomli to‘plamida «Avesto»da ayol jinsiga mansub ma’budalarning funksional tahlili» va «Zardushtiylikda ilohiy ma’budalar tizimi» mavzularida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 6 oktyabrdagi 89-03-2242-son ma’lumotnomasi). Avesto asosidagi ushbu tadqiqot natijalari Markaziy Osiyo va O‘rta Sharqda qadimiy dinlarni, zardushtiylikning shakllanishi va mintaqa xalqlari ma’naviyatini yangi bosqichga ko‘tarish tarixini ilmiy asoslashga xizmat qilgan;
ma’budalarga yuklatilgan vazifalar, ularning ijtimoiy hayot amaliyotida tutgan o‘rni haqidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining «Bronza davri», «Ilk temir davri» nomli ekspozisiya bo‘limlarini sharhlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2017 yil 10 oktyabrdagi 3/1255-2017-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalari muzey eksponatlari qatoridan joy olgan tosh, sopol, bronzadan yasalgan ayol ma’buda haykallariga izohlar tuzishga xizmat qilgan;
tadqiqotning Avesto va zardushtiylik diniy tizimidan o‘rin olgan ma’budalar hamda ularga yuklatilgan vazifalar va ijtimoiy-tarixiy mohiyatiga bag‘ishlangan tahliliy ilmiy xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» kanalining «Moziyga sayohat» ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanali davlat unitar korxonasining 2017 yil 6 oktyabrdagi 01-16/740-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari O‘zbekistonda ilk davlatchilik asoslarini vujudga kelishi, ilk ibtidoiy e’tiqodlardan diniy tizimga o‘tilishi jarayonlarining g‘oyaviy asoslarini yoritishga xizmat qilgan.