Zununova Gulchexra Shavkatovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Toshkent shahri o‘zbeklarining moddiy madaniyati transformatsiyasi (XX asr va XXI asr boshlari)», 07.00.07–Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 2017.1.DSc/Tar39.
Ilmiy maslahatchi: Arifxanova Zoya Xamidullaevna, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz, Tarix instituti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc27.06.2017.Tar.01.04
Rasmiy opponentlar: Doniyorov Alisher Xudoyberdievich, tarix fanlari doktori, professor; Tursunov Sayfulla Narzullaevich, tarix fanlari doktori, professor; Hakimov Akbar Abdullaevich, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, akademik.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XX asr va XXI asr boshlarida Toshkent shahri o‘zbeklarining moddiy madaniyati transformatsiyasini etnologik materiallar asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XXI asrda jahon miqyosida sodir bo‘lgan globalizatsiya va vesternizatsiya jarayonlari ta’sirida o‘zbek xalqining kundalik turmush tarzi, madaniyati, an’analari bilan birga moddiy madaniyat bilan bog‘liq dunyoqarashi ham transformatsiyalashganligi etnografik materiallar asosida aniqlangan;
mustaqillik yillarida tarixiy meros, milliy an’analarni qayta tiklashga oid davlat siyosati va bu borada amalga oshirilgan amaliy ishlar mohiyati, milliy o‘zlikni anglash hamda moddiy madaniyatni o‘zaro uyg‘unlashuvi tarixiy-etnografik ma’lumotlar asosida ochib berilgan;
Toshkent shahri o‘zbeklarining kundalik va marosimiy hayotidagi ashyoviy dunyoqarash bilan bog‘liq qarashlarni o‘zgarish dinamikasi hamda an’anaviy moddiy madaniyatga yangiliklarning kirib kelishi va ularning aholi turli qatlamlarida tarqalishi yo‘nalishlari aniqlangan;
shahar aholisi moddiy madaniyatidagi ikki sathli tizim asosida dunyoqarashning qo‘sh qatlamli – periferiya va o‘zagini ifodalovchi kundalik va marosimiy xususiyatlari ilmiy asosda isbotlab berilgan;
sovet hokimiyati yillarida moddiy madaniyatning o‘zgarishiga ta’sir qilgan jarayonlar, xususan, diniy dunyoqarashdan holi «unifikatsiyalashgan sovet kishisi»ni yaratish, «sovet turmush tarzi»da «moddiy ashyolar» va yangi ramzlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi:
Toshkent shahri o‘zbeklarining moddiy madaniyati transformatsiyasini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Toshkent shahri o‘zbeklari moddiy madaniyatiga oid tadqiqot natijalaridan Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 9 oktyabrdagi «Zamonaviy talablarga javob beruvchi va mustaqillik g‘oyalari asoslariga mos keluvchi O‘zbekiston tarixi muzeyini rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida muzeyning O‘zbekiston tarixining qadimdan hozirgi kungacha bo‘lgan davriga oid ekspozisiyalar qismining VII «Hunarmandchilik» va «XIX– XX asrlarda O‘zbekiston» bo‘limlaridagi ekspozisiyalarni qayta shakllantirish jarayonida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2016 yil 16 avgustdagi 3/1255-1042-son ma’lumotnomasi). XX asr o‘zbek xalqi moddiy madaniyati bilan bog‘liq ilmiy qarashlar sovet mustabid tuzumining moddiy madaniyatni siyosiylashtirishi, an’anaviy qadriyatlardan mahrum qilishga qaratilgan siyosiy sharoitda o‘zbek xalqining milliy o‘zligi va madaniy merosini saqlab qolish bo‘yicha xulosalarni takomillashtirish hamda muzey ekspozisiyalarini qayta shakllantirishga asos bo‘lib xizmat qilgan;
o‘zbek xalqi an’anaviy moddiy madaniyatining rivojlanish bosqichlariga, xususan, sovet hukumati yillarida o‘zbeklarning marosimiy an’analariga doir yangi ilmiy qarashlardan «Qiyosiy madaniyatshunoslik va dinshunoslik» (Vashington universiteti, AQSh) (2003–2005 yy.) mavzusidagi xalqaro ilmiy loyihada foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 30 maydagi FTK-03-13/336-son ma’lumotnomasi). Bu etnologlar uchun sobiq ittifoq davrida o‘zbeklarning marosimiy turmush-tarzi va an’analarini ilmiy xolislik mezonlari asosida o‘rganishda muhim metodologik asos bo‘ldi;
XX asrda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlar ta’sirida o‘zbek xalqining milliy taomlaridagi o‘zgarishlarga oid xulosalardan «Xalqlar va madaniyatlar» turkumida nashr qilingan «O‘zbeklar» (Uzbeki. –Moskva, 2011.– 688 s.) nomli fundamental monografiyaning «Zamonaviy davrda an’anaviy taomlar transformatsiyasi» va «Taqvimiy bayramlar, marosim va urf-odatlar» qismlarida dissertantning etnografik materiallari asos bo‘lib xizmat qilgan;
O‘zbekistonda an’anaviy va zamonaviy turarjoylar hamda ularning transformatsiyasiga oid ilmiy natijalardan OT-F8-146 «O‘zbekistonda shaharsozlik merosi va zamonaviylik» (2007–2012 yy.) mavzusidagi fundamental loyihada Rossiya imperiyasi, sovet davri va O‘zbekistonning mustaqillik yillarida Toshkent o‘zbeklarining turarjoylari transformatsiyasiga oid ilmiy xulosalardan foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 30 maydagi FTK-03-13/336-son ma’lumotnomasi). Bu Toshkent shahrida shaharsozlik muammolarini ilmiy asosda o‘rganish jarayonida sovet davrida birxillik tendensiyasi ustuvor ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida shaharsozlikda milliylik va zamonaviylikning uyg‘unlashuvi asos bo‘lganligini ilmiy asosda yoritishda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.