Elmuratova Umida Farxadovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston ta’lim tizimiga innovatsiyalarning tatbiq etilish jarayonlari (1991-2016 yy.)”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Tar42.
Ilmiy rahbar: Murtazaeva Rahbar Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor; Xatamov Toxir Abdumutalovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ta’lim tizimiga innovatsiyalarni tatbiq qilish borasida amalga oshirilgan siyosat mohiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
respublika davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning tashabbuskorligini, ularning mustaqilligi, ijodiy o‘zligini namoyon qilishga qaratilgan ijodkorlik va nostandart fikrlash tarbiya usullarini keng joriy qilish orqali bolalarning shaxsiyati, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun maxsus ta’lim maydoni shakllantirilganligi dalillangan;
ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalarni joriy qilishda mahalliy innovatorlar tajribasi negizida umumta’lim maktab – ixtisoslashgan maktab – xalqaro maktab zanjiri ko‘rinishidagi differensial “O‘zbek maktabi” mexanizmining muomalaga kiritilishi bitiruvchilarda ish beruvchilar tomonidan talab qilinadigan kompetensiyalarini shakllantirish imkonini berganligi asoslangan;
maktabdan tashqari ta’lim bosqichini modernizatsiyalash maqsadida “Tarbiya markazlari” tashkil etilganligi, bunday markazlarning fan to‘garaklari hamda kasb(hunarmandchilik)ka asoslangan samarali faoliyati asosiy va qo‘shimcha ta’limni integratsiyalashuvi asosida innovatsion jarayonlarni loyihalashda yaxlit yondashuvni ishlab chiqishga xizmat qilganligi asoslangan;
oliy ta’lim muassalarini modernizatsiyalash jarayonida intellektual mulkni himoya qilish mexanizmlarining to‘liq ishlab chiqilmaganligi sohalarda innovatsion faoliyatni ta’minlovchi kadrlarni mutanosib ravishda tayyorlashga to‘sqinlik qilganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston ta’lim tizimiga innovatsiyalarning tatbiq etilish jarayonlariga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflardan:
ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalarni joriy qilishda mahalliy innovatorlar tajribasi negizida umumta’lim maktab – ixtisoslashgan maktab – xalqaro maktab zanjiri ko‘rinishidagi differensial “O‘zbek maktabi” mexanizmining muomalaga kiritilishi bitiruvchilarda ish beruvchilar tomonidan talab qilinadigan kompetensiyalarini shakllantirish imkonini berganligi haqidagi natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 avgustdagi 654-sonli “Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Xalqaro matematika maktabi”ni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2019 yil 22 avgustdagi 06-02/5-2476-son ma’lumotnomasi). Natijada kelajakda xalqaro miqyosda “O‘ZBEK MAKTABI” (Uzbek school) ning namunaviy formulasini yaratishga hamda respublikamizning barcha viloyatlarida shunday ta’lim muassasalari filiallarini tashkil qilish imkoniyatini yaratgan;
O‘zbekiston oliy ta’lim muassalarining modernizatsiyalash jarayoniga rivojlangan davlatlar o‘quv yurtlarini jalb qilinmaganligi, byudjetdan tashqari mablag‘lardan foydalanishda ayrim cheklovlarlarning mavjudligi, intelektual mulkni himoya qilish mexanizmlarining ishlab chiqilmaganligi barcha sohalarda innovatsion faoliyatni ta’minlovchi kadrlarni mutanosib ravishda tayyorlashga to‘sqinlik qilganligi bo‘yicha ilmiy natijalaridan Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat institutida bajarilgan A-1-37 raqamli “O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ijtimoiy-pedagogik jihatlarini ilmiy-amaliy tadqiq etish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 4 oktyabrdagi 89-03-3725-son ma’lumotnomasi). Natijada “O‘zbekiston tarixi” fanidan ta’lim islohotlariga oid hamda O‘zbekistonning dunyo reytingi va indekslaridagi nufuzini o‘rganishga qaratilgan mavzularni yoritish imkoniyatini yaratgan;
maktabdan tashqari ta’lim bosqichini modernizatsiyalash maqsadida Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida “Tarbiya markazlari” tashkil etilganligi, bunday markazlarning fan to‘garaklari hamda kasb (hunarmandchilik)ka asoslangan samarali faoliyati asosiy va qo‘shimcha ta’limni integratsiyalashuvi asosida innovatsion jarayonlarni loyihalashda yaxlit yondashuvni ishlab chiqishga xizmat qilganligi haqidagi natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” kanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 3 dekabrdagi 02-10-1237-son ma’lumotnomasi). Ushbu ma’lumotlar tomoshabinlarning ta’lim tizimiga innovatsiyalarni tatbiq qilishga qaratilgan islohotlar, ta’lim tizimi rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan innovatorlar to‘g‘risidagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qilgan.