Davlatov Olim Davlatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Alisher Navoiy she’riyatida Qur’on oyatlari va hadislarning badiiy talqini», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil117.
Ilmiy rahbar: Muhiddinov Muslihiddin Qutbiddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.27.06.2017.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Qudratullaev Hasan Samadovich, filologiya fanlari doktori, professor; Ochilov Ergash Zokirovich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilotlar: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent islom universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Alisher Navoiy she’riyatida Qur’on oyatlari va hadislarning tutgan o‘rni hamda islomiy g‘oyalarning Navoiy ijtimoiy-falsafiy dunyoqarashidagi darajasini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Alisher Navoiy ijodiy merosida islomiy g‘oyalarning o‘rni hamda shoirning she’riy va nasriy asarlarida oyat va hadislarning badiiy talqini asoslari ishlab chiqilgan;
oyat va hadislarni badiiy matnda qo‘llashga doir iqtibos va aqd san’atlari haqida ilmiy tushunchalar berilib, shoir ijodidan o‘rin olgan insonparvarlik g‘oyalarining oyat va hadislar mazmun-mohiyatiga uyg‘unligi aniq misollar asosida isbotlab berilgan;
mumtoz arab poetikasi manbalari asosida ishora san’atiga doir asosiy tushuncha va qoidalar shakllantirilgan, Qur’on oyatlari va hadislarning mazmunini she’rda ifodalashda ushbu poetik vositaning o‘rni va ahamiyatini talqin qilish asoslari hamda Muhammad alayhissalomning Navoiy asarlarida yaratilgan siymosi tegishli oyat va hadislar yordamida dalillangan;
bugungi globallashuv davrida Alisher Navoiy ijodidagi insonparvarlik g‘oyalarining yoshlarni diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalash uchun kuchli ma’naviy vosita ekanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Alisher Navoiyning she’riy merosida islomiy g‘oyalarning o‘rni hamda shoir ijodida ilohiy oyat va nabaviy hikmatlarning badiiy talqinini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Navoiy ijodiy merosida islomiy g‘oyalarning o‘rni hamda shoirning she’riy va nasriy asarlarida oyat va hadislarning badiiy talqini haqidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston musulmonlari idorasining ilmiy-ma’rifiy va diniy-ma’rifiy faoliyatida hamda «Islom Ensiklopediyasi» uchun diniy-irfoniy mavzudagi maqolalarni tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2017 yil 24 oktyabrdagi 1660-son va 2017 yil 14 oktyabrdagi 1553-son ma’lumotnomalari). Natijada nashr etiluvchi diniy-ma’rifiy adabiyotlar hamda boshqa nashrlarda islomiy g‘oyalar, oyat va hadislarning badiiy adabiyotdagi talqinidan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish imkonini bergan;
Alisher Navoiy ijodidagi yoshlarni insonparvarlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashdagi g‘oya va tushunchalardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligining O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlangan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2017 yil 20 oktyabrdagi 446-son ma’lumotnomasi). Natijada diniy-ma’rifiy mavzulardagi teleko‘rsatuv va raidoeshittirishlarning sifati oshgan, ularni tomosha qiluvchi va tinglovchilar auditoriyasining kengayishiga xizmat qilgan;
Alisher Navoiy she’riyatidagi oyat va hadis matnlarining manbalarini aniqlash, mazkur baytlarning g‘oyaviy-badiiy mohiyatini ochib berish, asl matnni turkiy misralarda singdirish usullarini belgilash orqali «Qo‘lyozma manbalarning milliy-ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati» mavzusidagi Samarqand davlat universitetida bajarilgan OT-F8-027-raqamli fundamental loyihada tatbiq etilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 11 oktyabrdagi FTA-02-11/843-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi Alisher Navoiy she’riyatidagi oyat va hadis matnlarining milliy-ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyatini anglash va baholash imkonini bergan.