Balgaeva Shaxida Abdisamatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston qishloqlarida landshaft arxitekturasini shakllantirish va rivojlantirishning ustuvor tamoyillari», 18.00.02–Rayonlashtirish. Shaharsozlik. Qishloq turar joylarini rejalashtirish. Landshaft arxitekturasi. Bino va inshootlar arxitekturasi (arxitektura).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/A3.
Ilmiy rahbar: Uralov Axtam Sindarovich, arxitektura doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, DSs.27.06.2017.A.11.02.
Rasmiy opponentlar: Yusupova Mavluda Aminjanovna, arxitektura doktori, professor; Inog‘omov Baxtiyor Ismailovich, arxitektura nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: «Qishloqqurilishloyiha» MChJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston qishloq aholi punktlari hududlarini me’moriy-landshaft tashkillashtirish, ularda zamonaviy landshaft arxitekturasini shakllantirish va rivojlantirishning ustuvor tamoyillarini ishlab chiqish va takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qishloqlarda landshaft arxitekturasini shakllantirish va rivojlantirishning tarixiy-an’anaviy, tipologik, landshaft-ekologik, me’moriy-rejaviy, kompozision-landshaft echimlari va me’moriy-loyihalash usullari aniqlangan;
qishloq landshaft arxitekturasi ob’ektlarining tipologiyasi ishlab chiqilgan va qishloq aholi punktlari landshaft arxitekturasining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi kompleks omillar aniqlangan;
qishloq landshaftlari arxitekturasiga mos keladigan daraxtlar, butalar, gulzorlar va sun’iy suv havzalari hisobga olingan umumiy shaharsozlik talablari takomillashtirilgan;
qishloqlarni ko‘kalamlashtirish va ko‘kalamzor muhitlarni yaratishda «shabboda samarasi» usulini qo‘llash asoslab berilgan;
turli xil tabiiy-iqlim va geografik sharoitlarda joylashgan qishloq aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirishda manzaraviy daraxtlarni tanlash metodikasi yaratilgan;
qishloqdagi umumiy foydalanish va foydalanishi cheklangan ko‘kalamzorlar hududlarini shaharsozlik, me’moriy-rejaviy va landshaft tashkillashtirishning nazariy va me’yoriy-loyihaviy mezonlari asoslab berilgan;
O‘zbekistonning turli xil landshaft-iqlim zonalari: cho‘l, tog‘ oldi va tog‘li qishloqlarda ko‘kalamzorlar va landshaft tizimini yaratishning algoritmlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbekiston qishloqlarida landshaft arxitekturasini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qishloq landshaft arxitekturasini shakllantirish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan grafik-al`bom shaklidagi ilmiy-amaliy va loyihaviy takliflar amaliyotga tatbiq qilingan (Respublika «Qishloqqurilishloyiha» MChJ Bosh loyiha-qidiruv institutining 2017 yil 16 oktyabrdagi 1313/18-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning qo‘llanishi qishloq landshaft arxitekturasini shakllantirishning samarali yo‘llarini amaliy loyihalarda qo‘llash imkonini yaratgan;
O‘zbekiston qishloq landshaftlari arxitekturasining shakllanish va rivojlanish xususiyatlarini yoritishda F.1-86 raqamli «O‘zbekiston arxitekturasining mustaqillik mafkurasi asosida shakllanish qonuniyatlarini tadqiq etish va samarali rivojlantirish tamoyillarini ishlab chiqish» (2011–2016 yy.) mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasining «Shaharsozlikning zamonaviy rivojlanish tamoyillari» va «O‘zbekiston arxitekturasining mustaqillik mafkurasi asosida shakllanish qonuniyatlari va samarali rivojlantirish tamoyillari» deb nomlangan bo‘limlarini tayyorlashda foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 12 oktyabrdagi FTA 02-11/861-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi qishloq landshaft arxitekturasining shakllanishi va rivojlanishidagi o‘ziga xos xususiyatlarni ochib berish imkonini bergan.