Bafoev Farruh Sadriddinovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbek va nemis xalq maqollarining qiyosiy-tipologik tadqiqi”,10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fil760.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Ilmiy rahbar: Eshonqulov Jappor Salievich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, Dsc.02/30.12.2019.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Allambergenov Kenesbay Allambergenovich, filologiya fanlari doktori, professor; Sayitqulov Ilhom Abdusalamovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD);
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va nemis maqollarining o‘ziga xos xususiyatlari, tematikasi, tuzilishi, badiiyati va obrazlar tizimini tipologik nuqtai nazardan aniqlash va shu orqali kelajakda tuziladigan o‘zbek va nemis maqollari, frazeologik lug‘atlariga nazariy asos tayyorlash, elektron tarjima dasturlari uchun manba yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek va nemis xalq og‘zaki ijodida qo‘llanadigan ibratli, tugal fikrni ifodalovchi janrlarga nisbatan ishlatiluvchi terminlarning, o‘zbek va nemis fol`klorshunosligida maqollarning kelib chiqishi, janr tematikasi, strukturasi, badiiyati, obrazlar tizimidagi o‘xshash va farqli jihatlar ikki xalq maqollaridan olingan misollar yordamida aniqlangan;
o‘zbek va nemis xalq maqollarida uchrovchi ikki komponentli maqollarning ma’no munosabatiga ko‘ra 4 turi (AB=AB, AB˂AB, AB˃AB, AB↔AB) aniqlanib, ularning bir-biridan mazmuni, asosiy fikrni ifoda etuvchi qismning joylashish o‘rni, paremiologik birliklarning komponentlari orasida ziddiy yoki noziddiy munosabatning ifodalanishi kabi asosiy farqlari ochib berilgan;
o‘zbek va nemis xalq maqollarida eng ko‘p va kam murojaat etilgan mavzular, maqollardagi tematik tafovutning ushbu paremiologik birliklarni ijod etgan xalqning milliy o‘ziga xosligi, e’tiqodi, turmush tarzi bilan bog‘liq bo‘lgan sabablari ochib berilgan, har ikki xalq og‘zaki ijodida uchrovchi o‘zaro muqobil maqollar shakl va mazmun jihatidan uch tipga ajratilib, ularning paydo bo‘lish va tarqalish ildizlari dalillangan;
o‘zbek va nemis xalq maqollarida eng ko‘p qo‘llangan obrazlar, ikki xalq maqollarining obrazlar tizimidagi insonlar, hayvonlar, narsa-predmetlar va voqea-hodisalar ramzlari bilan bog‘liq o‘xshashliklar va maqollar matnida qo‘llangan obrazlarning o‘zbek va nemis xalqlari tafakkurida shakllangan ma’nolari bilan bog‘liq farqli jihatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va nemis xalq maqollarining qiyosiy tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
xalq maqollarining o‘ziga xos xususiyatlariga doir ilmiy-nazariy natijalaridan O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari” fundamental ilmiy loyihada foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2021 yil 6 sentyabrdagi 3/1255-2437-son ma’lumotnomasi). Natijada  “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligi tarkibidagi nashrga tayyorlanishi rejalashtirilgan o‘zbek xalq maqollarining alifbo tartibiga asoslangan uch jildligi uchun zarur faktik materiallar jamlashda, xususan, xalq maqollariga oid materiallarni saralash, ularning turli variantlarini jamlash va badiiy jihatdan eng mukammal namunalar asosida tayanch matnlar bazasini yaratishda ish davomida to‘plangan faktik materiallar, jumladan, Buxoro viloyatidan yozib olingan va turli adabiy-badiiy manbalardan yig‘ilgan maqollardan foydalanilishiga erishilgan;
qadimgi manbalar asosidagi xalq maqollarini saralash, ularning asl va o‘zgargan muqobillarini aniqlash, semantik ma’no talqinlarini sharhlash va tasniflash borasidagi natijalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan “Qadimgi davrlardan XIII asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi” amaliy loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 12 oktyabrdagi 01/4-1866-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyot munosabatlari, obrazlar tizimi, fol`klorning yozma adabiyotga ko‘chib o‘tish jarayoni yoritilgan boy manbalar bilan to‘ldirilgan;  
o‘zbek va nemis xalq maqollarini qiyosiy o‘rganish ishini keng omma orasida targ‘ib qilishda tadqiqotning ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” telekanalining “Ibratga yo‘g‘rilgan umr”, “Ta’lim va taraqqiyot” va “Oydin hayot layf” ko‘rsatuvlarida   hamda “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Maxzan” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 17 dekabrdagi 02-14-1307 hamda 2021 yil 12 oktyabrdagi 02-13-1604-son ma’lumotnomalari). Natijada o‘zbek va nemis xalq maqollarining  o‘ziga xos xususiyatlari, ularning xalq pedagogikasidagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib qilishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish