Durdieva Gavhar Salaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xiva me’moriy yodgorliklarini saqlash va ta’mirlash metodologiyasini takomillashtirish», 18.00.01–Arxitektura nazariyasi va tarixi. Arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va qayta tiklash (arxitektura).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/A1.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, DSs.27.06.2017.A.11.02.
Rasmiy opponentlar: O‘ralov Axtam Sindarovich, arxitektura doktori, professor; Mamajonova Saliya, arxitektura doktori, professor (Tojikiston); Salimov Orifjon Muslimovich, arxitektura doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xiva me’moriy yodgorliklarida qo‘llanilgan an’anaviy usullarni tarixiy izchillikda aniqlash hamda yodgorliklardan samarali foydalanishga qaratilgan obidalarning arxitekturaviy-kompozision mezonlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qadimiy Xorazmshohlar davlati tamadduniga xos me’morchilik-qurilish an’analarining VI–XII asrlar davomida shakllanganligi va Xiva xonligi davrida (XV-XX asrlar) o‘ziga xos xalq me’morchiligi maktabi yaratilganligi aniqlangan;
o‘rta asrlar an’anaviy shaharsozligiga xos bo‘lgan bosh markaz (Ko‘hna Ark), ikkilamchi markaz (Tosh Hovli) va an’anaviy turarjoylarning majmuaviy tarzda o‘zaro bog‘langanligi aniqlangan;
eski shahar kompozisiyasini shakllantirishda minorasimon vertikal aksentlarning o‘zaro uyg‘unlik mezonlari asoslab berilgan;
me’moriy obidalarning me’morchilik tarixi, ularda ishlatilgan ashyolar, arxitekturaviy kompozisiya, aniq o‘lchamlar, tarixiy fotosuratlar, qo‘llanilgan usullar, qurilmalar va yodgorliklarning bugungi kundagi holatlari bo‘yicha katalog tarzida ilk bora ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan;
me’moriy yodgorlikning badiiyligi, koshin bezaklari, qo‘llanilgan uslublari va ashyolarining individuallik xususiyatlari ochib berilgan;
minoralarni tiklashda qo‘llanilgan fanga noma’lum poydevor va zamin qismining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan me’moriy tadbirlarning izchilligi aniqlangan;
me’moriy obidalarni saqlash va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan tavsiyalar bo‘yicha Ichan Qal’a va Deshon Qal’a hududidagi 10 ta yodgorlikning muhofaza hududini tiklanishi imkoniyatini kengaytirgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Xiva me’moriy yodgorliklarini saqlash va ta’mirlash metodologiyasini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
Ichan Qal’a hududidagi obidalarning arxitekturaviy-kompozision echimlari bo‘yicha YuNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan «Ichan Qal’a boshqaruv rejalarini ishlab chiqish harakat rejasi» xalqaro loyihasining menejment dasturini ishlab chiqishda amalda qo‘llanilgan (YuNESKOning O‘zbekistondagi Vakolatxonasining 2017 yil 28 martdagi ma’lumotnomasi). Natijada Ichan Qal’a hududidagi 32 ta tarixiy turar uylar saqlab qolinishiga erishilgan;
me’moriy yodgorliklarni kelgusi avlodga saqlab qolish va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan ishlanmadan F1-FA-0-17788 raqamli fundamental loyihaning «Xumbuztepa yodgorligini himoyalash tadbiri» qismini bajarishda qo‘llanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 16 oktyabrdagi FTK 0313/105–son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi xalqaro sayyohlik yo‘nalishiga kiritilgan noyob me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash va saqlab qolish usullarini takomillashtirish imkonini bergan;
ishlab chiqilgan ilmiy tavsiyalardan Xivadagi 98 ta tarixiy-me’moriy yodgorliklarni saqlash, qayta tiklash va ta’mirlash ishlarida amalda keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi «Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining 2017 yil 27 sentyabrdagi 01-01/28-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tavsiyalarning qo‘llanilishi me’moriy obidalarning badiiy ko‘rinishi va ularning turg‘unlik holatini uzaytirish imkoniyatini yaratgan.