Ataqulova Manzura Nematovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Pedagogika oliy ta’lim muassasalari talabalarida tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish metodikasini takomillashtirish (biologiya o‘qitish metodikasi ta’lim yo‘nalishi misolida)», 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (biologiya) (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Ped421.
Ilmiy rahbar: Ergasheva Gulruxsor Surxonidinovna, pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, RhD.03/30.12.2019.V.02.08.
Rasmiy opponentlar: Shadiev Rizamat Davranovich, pedagogika fanlari doktori, professor; Imomova Dilfuza Anorovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent;
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi pedagogika oliy ta’lim muassasalarida talabalarning tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
pedagogika oliy ta’lim muassasalari talabalarining tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish mazmuni shaxsiy intellektual sifatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘zaro aloqador komponentlarni (tashkiliy, mazmun, faoliyatli, baholash-natija) uyg‘unlashtirish asosida takomillashtirilgan;
talabalarning tadqiqotchilik faoliyatining aksiologik, tashkiliy-faoliyatli, refleksiv-baholash kabi mazmun komponentlari, cheklangan, ehtimollik, optimal kabi rivojlantirish darajalari va o‘zini o‘zi ijodiy rivojlantirish sur’ati natijadorligini o‘zaro mujassamlashtirish asosida takomillashtirishning tarkibiy-funksional modeli yaratilgan;
talabalarning tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish metodikasi o‘qitish mazmunini lokal, modul`, tizimli o‘zgarishlar ssenariysiga muvofiq o‘zini o‘zi ijodiy rivojlantirishga yo‘naltirilgan metodik ta’minotga muammoli, loyihalash, intellektual xarita kabi refleksiv boshqarish texnologiyalarini kiritish asosida takomillashtirilgan;
talabalar tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish samaradorligi tashkiliy-pedagogik sharoitlarning ta’minlanganligi hamda optimal darajada namoyon bo‘ladigan ijodiy rivojlanish dinamikasi orqali aniqlashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Talabalarning tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish metodikasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
OTM talabalari tadqiqotchilik faoliyati o‘zaro aloqador komponentlar (tashkiliy, mazmun, faoliyat, baholash-natija) yig‘indisi sifatida asoslanib, talabalar tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish mazmunini gumanistik yondashuv asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan metodik tavsiyalardan «Pedagogika» ta’lim sohasi Davlat ta’lim standartining 5110400-Biologiya o‘qitish metodikasi ta’lim yo‘nalishining malaka talablarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 11 dekabrdagi 89-03-5229-son ma’lumotnomasi). Mazkur tizim talabalarning tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish metodikasini insonparvarlik yondashuvi asosida takomillashtirish hamda o‘quv mazmunini ishlab chiqishga xizmat qilgan;
talabalarning tadqiqotchilik faoliyati komponentlari (kognitiv, aksiologik, kreativ, tashkiliy-faoliyatli, refleksiv-baholash) hamda tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish darajalari (cheklangan, ehtimollik, optimal) va rivojlantirish natijadorligini (o‘zini o‘zi ijodiy rivojlantirish sur’ati) aniqlashtirishga oid takliflar “Ilmiy-tadqiqot faoliyati asoslari” o‘quv qo‘llanmasi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 11 dekabrdagi 89-03-5229-son ma’lumotnomasi). Natijada, talabalarning bilim, natijalari va tadqiqotchilik kompetensiyalarini baholashning metodik jihatlari takomillashtirilgan;
talabalarning tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish texnologiyalari (muammoli, loyihalash, intellektual-xarita) asosida o‘qitish mazmunini lokal, modul`, tizimli o‘zgarishlar ssenariysiga muvofiq muammoli-murakkablashtirish va integrasiyalash hamda o‘qitish jarayonini hamkorlikda refleksiv boshqarish orqali o‘zini o‘zi ijodiy rivojlantirish metodikasini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalardan A-1-230 - “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” darsligi va “Ekologik o‘lkashunoslik” o‘quv-metodik qo‘llanmasini tayyorlash” (2015-2017 yy.) amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 11 dekabrdagi 89-03-5229-son ma’lumotnomasi). Natijada, talabalarning tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish metodikasini elektron ta’lim resurslari vositasida takomillashtirish imkoni yaratilgan;
talabalar tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish natijadorligi samaradorlik mezoni (tashkiliy-pedagogik sharoitlarning ta’minlanishi) hamda yo‘l qo‘yiladigan, optimal darajada namoyon bo‘ladigan ijodiy rivojlanish dinamikasi orqali aniqlashtirish, o‘quv jarayonini tashkil etishda ta’lim texnologiyalarini axborot almashinuvchi ta’lim portalida (bioportal.uz) joylashtirish va elektron ta’lim resursidan foydalanishning didaktik imkoniyatlari mazmunini ochib berish asosida takomillashtirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 11 dekabrdagi 89-03-5229-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif talabalarning tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish, pedagoglar kasbiy kompetensiyalari darajasini oshirishga xizmat qilgan.