Xudoyqulov To‘ymurod Bekmurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Akademik V.V. Bartol`d ilmiy merosida Buxoro tarixi masalalari”, 07.00.08 –Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Tar.438.
Ilmiy rahbar: To‘raev Halim Hojievich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Tar.72.07, bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Buriev Amanulla, tarix fanlari doktori; Raxmatullaeva Azada Rustamovna, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi akademik V.V.Bartol`d asarlari asosida Buxoro tarixini tarixshunoslik nuqtai nazaridan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
V.V.Bartol`dning Buxoroga qilgan ilmiy safarlari amirlik saroyidagi qo‘lyozmalarni saqlab qolish va Buxoroda zamonaviy kutubxona tashkil etishga xizmat qilgani aniqlangan;
o‘rta asr arab geograflarining Buxoro vohasi tarixiy geografiyasi bo‘yicha qoldirgan ma’lumotlaridagi noaniqliklar V.V.Bartol`d tomonidan Narshaxiy asari asosida to‘ldirilgani va aniqlik kiritilgani asoslangan;
V.V.Bartol`dning Buxoro shahri o‘z tarixiy o‘rnini hech qachon o‘zgartirmaganligi to‘g‘risidagi ilmiy qarashlarining haqqoniyligi XX asrning 60-70-yillarida shaharda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida o‘z isbotini topganligi dalillangan;
V.V.Bartol`dning Buxoro moddiy-ma’naviy yodgorliklarini saqlab qolish borasidagi taklif va mulohazalari asosida mutasaddilar tomonidan shahardagi me’moriy inshootlar, qadimgi va o‘rta asrlarga tegishli buyumlar, osori-atiqalar muhofazasiga zarur e’tibor qaratilib, ularning aksariyati bugungi kunga qadar talafotlarsiz etib kelgani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Akademik V.V.Bartol`d ilmiy merosida Buxoro tarixining yoritilishi masalalarini tahlil qilish natijasida olingan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
akademik V.V.Bartol`dning Buxoroga qilgan ilmiy safarlari amirlik saroyidagi qo‘lyozmalarni saqlab qolish va Buxoroda zamonaviy kutubxona tashkil etishga xizmat qilgani to‘g‘risidagi ilmiy natijalardan Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasida yangi ekspozisiya tashkil qilishda foydalanilgan (Madaniyat vazirligining 2020 yil 19 fevraldagi 01-12-10-791-son ma’lumotnomasi). Natijada taqdim etilgan nodir materiallar Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi “Hujjatlar” fondini boyitishga xizmat qilgan;
o‘rta asr arab geograflarining Buxoro vohasi tarixiy geografiyasi bo‘yicha qoldirgan ma’lumotlaridagi noaniqliklar V.V.Bartol`d tomonidan Narshaxiy asari asosida to‘ldirilgani va aniqlik kiritilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlardan Buxoro davlat universiteti “Buxoro tarixi” kafedrasi talabalari uchun maxsus, fakul`tativ kurslarni tashkil etishda samarali foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2020 yil 9 oktyabrdagi 89-03-3817-son ma’lumotnomasi). Natijada talabalarning Buxoro tarixi bo‘yicha bilimlarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilgan;
akademik V.V.Bartol`dning Buxoro moddiy-ma’naviy yodgorliklarini saqlab qolish borasidagi ilmiy taklif va mulohazalariga tayangan holda mutasaddilar tomonidan shahardagi me’moriy inshootlar, qadimgi va o‘rta asrlarga tegishli buyumlar, osori-atiqalar muhofazasiga zarur e’tibor qaratilib, ularning aksariyati bugungi kunga qadar talafotlarsiz etib kelgani haqidagi ma’lumotlardan Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining “Menga so‘z bering”, “Munosabat”, “Assalom, Buxoro” “Jahon tamadduni durdonalari”, “Asrlarning asraganlari” teleko‘rsatuvlarini tasvirga olishda foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2019 yil 4 dekabrdagi 1/429-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlanib, teletomoshabinlarni noyob ma’lumot bilan xabardor etish va ularda tarixiy xotira ma’naviyatini yuksaltirish, vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilgan.