Yuvmitov Anvar Sayfullaevichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Zamin bilan poydevorlar orasidagi elastik-qovushqoq-plastik o‘zaro ta’sir xususiyatlarini hisobga olgan holda dempfer bilan ulangan yonma-yon binolarning zilzilabardoshligi», 05.09.01–Qurilish konstruksiyalari, binolar va inshootlar (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/T145.

Ilmiy rahbar: Xojmetov Gaibnazar Xadievich, texnika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent arxitektura-qurilish instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti va Namangan muhandislik-qurilish instituti, DSc.27.06.2017.T.11.01.

Rasmiy opponentlar: Ashrabov Anvar Abbasovich, texnika fanlari doktori, professor; Rumi Dinara Fuadovna, texnika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.

Yetakchi tashkilot: “Toshuyjoy LITI” AJ.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: turli xil konstruktiv tizimga ega bo‘lgan yonma-yon ko‘p qavatli binolarni ishlab chiqilgan dempfer qurilmasi yordamida ulash orqali zilzilabardoshligini oshirish hamda ularda foydali maydonni kengaytirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

binolarning seysmik tebranishini so‘ndiruvchi va ularni bir-biri bilan bog‘laydigan dempfer qurilmasining elastik-qovushqoq qismi elementlari asosida takomillashtirilgan;

dempfer qurilmasi yordamida ulangan yonma-yon binolarning poydevori bilan grunt orasidagi o‘zaro ta’sirini hisobga olgan holda dinamik ko‘rsatkichlari nazariya va tajriba natijalarini solishtirish asosida aniqlashtirilgan;

ko‘p qavatli binolarda paydo bo‘ladigan seysmik kuchlarning qiymatini hisoblash usullari so‘nuvchi tebranma harakat nazariyasi asosida takomillashtirilgan;

loyihalash ishlari uchun dempfer qurilmasining bikrlik va qovushqoqlik koeffisientlari aniqlashtirilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Zamin bilan poydevorlar orasidagi elastik-qovushqoq-plastik o‘zaro ta’sir xususiyatlarini hisobga olgan holda dempfer bilan ulangan yonma-yon binolarning zilzilabardoshligi bo‘yicha ishlab chiqilgan natijalar asosida:

ko‘p qavatli binolarni ulash hamda seysmik mustahkamligini oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dempfer qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modeliga patent olingan («Bino va unga yonma-yon qilib qurilgan boshqa bino tizimining ulanish uzeli», №FAP00973-2014 y.). Natijada ko‘p qavatli binolarning seysmik mustahkamligini oshirish va ularda foydali maydonni kengaytirish imkoniyati yaratilgan;

yonma-yon binolarni ulash uchun ishlab chiqilgan dempfer qurilmasi elementlari hamda zamin grunti bilan poydevorlari orasidagi o‘zaro ta’sir xususiyatlarini hisobga olgan holda tebranishlarning dasturiy ta’minoti, me’yoriy hujjatlarda ko‘zda tutilgan talablar asosida seysmik hududlarda quriladigan yonma-yon binolarni loyihalash uslubi, yonma-yon binolarni bikr bog‘ bilan ulash bo‘yicha olingan hisob natijalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga qarashli loyihalash korxonasi “Ta’mir-loyiha” MChJda loyihalash ishlari uchun joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining 2016 yil 27 iyuldagi 4672/18–005-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi loyihalash jarayonida binoning seysmik mustahkamligini 1,15 marta ortishiga, hisob ishlari vaqtini 1,2 marta qisqartirishga imkon bergan;

yonma-yon binolarni ulash uchun ishlab chiqilgan foydali model` elementlari, yonma-yon binolarning zamin grunti va poydevorlari orasidagi o‘zaro ta’sir xususiyatlarini hisobga olib, zilzila ta’sirida dinamik xarakteristikalarini aniqlash uchun ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot, yonma-yon binolarni me’yoriy qoidalar talablari asosida loyihalash bo‘yicha  uslubi O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga qarashli loyihalash korxonasi “Farg‘onafuqaroloyiha” MChJda loyihalash ishlari uchun joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining  2016 yil 27 iyuldagi 4672/18–005-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi loyihalash jarayonida binoning seysmik mustahkamligini 1,2 marta ortishiga imkon bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish