Xamdullaev Shuxrat Abduraxmonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Barg shakli turlicha bo‘lgan g‘o‘za genotiplarining suv tanqisligiga moslashuvchanlik xususiyatlarining genetik asoslari», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/V123.
Ilmiy rahbar: Nabiev Saydig‘ani Muxtorovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.V.53.01.
Rasmiy opponentlar: Qaxxorov Izzatulla Tilovovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Mo‘minov Xasan Aliqulovich, biologiya fanlari bshhyicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: barg shakli turlicha bo‘lgan o‘rta tolali g‘o‘za navlari va tizmalarining F1-F2 duragaylarida barg shaklining, turli suv rejimi sharoitlarida fiziologik va morfoxo‘jalik belgilarining irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi va o‘zaro bog‘liqligini, ingichka tolali g‘o‘za nav va tizmalarining suv tanqisligiga genotipik reaksiyalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘rta tolali g‘o‘zada suv tanqisligi sharoitida o‘simlik barglaridagi umumiy suvning yuqori miqdoriga lansetsimon bargli Determinant -3 tizmasi, barglarning suv ushlash xususiyatining yuqori ko‘rsatkichlariga Ishonch va Omad navlari, past transpiratsiya jadalligiga yaxlit dumaloq bargli Determinant -2 va L-501 tizmalari ega ekanliklari aniqlangan;
suv bilan optimal ta’minlanganlik va suv tanqisligi sharoitlarida barg shakli turlicha bo‘lgan g‘o‘za navlari va tizmalarining F1 duragaylarida tola uzunligi belgisi asosan ijobiy dominantlik, tola chiqimi belgisi ota yoki ona shaklining to‘liqsiz dominantligi va ijobiy o‘ta dominantlik, bitta ko‘sakdagi paxta og‘irligi va 1000 dona chigit og‘irligi belgilari asosan past ko‘rsatkichli ota yoki ona shaklining to‘liqsiz dominantligi holatlarida irsiylanishi ochib berilgan;
G. hirsutum L. g‘o‘za turi nav va tizmalari duragaylarining fiziologik va morfoxo‘jalik belgilari bo‘yicha suv tanqisligiga reaksiyasi barg shakliga nisbatan ko‘proq otalik va onalik genotiplariga bog‘liq ravishda turli darajada namoyon bo‘lishi aniqlangan;
turli suv rejimi sharoitlarida F1 duragaylarida fiziologik va morfoxo‘jalik belgilarining nazoratida ota-ona shakllarining donorlik xususiyatiga bog‘liq holda additiv yoki noadditiv genlar samarasi yuzaga kelishi aniqlangan;
o‘rta tolali g‘o‘zada barg shakli bilan miqdoriy belgilar o‘rtasidagi korrelyasiya natijalariga ko‘ra, barg shaklining kirtikli va qirqimli bo‘lishligi tola chiqimi, indeksi, bitta ko‘sak og‘irligi va o‘simlik mahsuldorligi bilan ijobiy bog‘liqlikka ega ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Barg shakli turlicha bo‘lgan g‘o‘za genotiplarining suv tanqisligiga moslashuvchanlik xususiyatlarining genetik asoslarini tahlil qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yangi irsiy asosga ega ingichka tolali, suv tanqisligiga chidamli, tezpishar, hosildor va yuqori sifatli tolaga ega bo‘lgan “G‘uzor” (L-450) g‘o‘za navi yaratilib, «G‘o‘za genofondi» noyob ob’ekti kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 23 apreldagi №4/125-1189-son ma’lumotnomasi). Natijada, bu nav ingichka tolali g‘o‘za kolleksiyasi xilma-xilligini boyitish imkonini bergan;
g‘o‘zani ingichka tolali «Marvarid» navi 2021 yil Surxondaryo viloyati «Surxon» dastlabki urug‘ ko‘paytirish elita xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 28 sentyabrdagi №02/020-3928-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi ingichka tolali «Marvarid» g‘o‘za navidan suv tanqisligiga chidamli, tezpishar va sifatli hosil olish imkonini bergan.