Pardaev Azamat Baxronovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek tili yordamchi so‘z turkumlarining lisoniy tizimdagi o‘rni va lingvopragmatikasi», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Fil7.
Ilmiy maslahatchi: Karimov Suyun Amirovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.27.06.2017Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Sobirov Abdulhay Shukurovich, filologiya fanlari doktori, professor; Mamatov Abdimurod Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nabieva Dilora Abduhamidovna, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tili yordamchi so‘zlarining lisoniy tizimdagi maqomini aniqlashtirish, ularning boyish manbalari va usullari, tarixiy-tadrijiy taraqqiyoti hamda funksional-stilistik va substansial-pragmatik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
formal, substansial va diskursiv tahlil usullari yordamida yordamchi so‘zlarning substansial-pragmatik xususiyatlari aniqlangan;
o‘zbek tilidagi yordamchi so‘zlarning shakllanish bosqichlari va vazifaviy-semantik xususiyatlari ochib berilgan;
yordamchi so‘zlarning til sohiblari tomonidan so‘z sifatida qabul qilinib, grammatik vazifa bajarishga xoslanganligi asoslangan;
mustaqil leksemalarning yordamchi so‘zlarga o‘tishida grammatikalizatsiya hodisasining alohida roli mavjudligi aniqlangan, ulardagi umumiy va xususiy grammatik ma’no munosabatlari oydinlashtirilib, bu birliklarning «so‘z» – «morfema» zidlanishida oraliq uchinchi mavqeda ekanligi dalillangan;
yordamchi so‘z turkumlarining o‘zaro (ko‘makchining bog‘lovchiga, bog‘lovchining yuklamaga, yuklamaning bog‘lovchiga) ko‘chishi asoslangan va bu birliklarda presuppozitiv ishora mavjudligi aniqlangan;
formal, substansial va diskursiv tahlil usullarini birgalikda qo‘llash natijasida yordamchi so‘zlar shakl-vazifa jihatidan tizimiy tasniflangan va o‘nga yaqin parametr bo‘yicha ochib berilgan;
yordamchi so‘zlarning matnda muallifning badiiy niyatini yuzaga chiqarish bilan bog‘liq turli xil pragmatik mazmunlar ifoda etishi dalillangan va yuklamalarda yangi matnni «jonlantirish», unga diskurs ruhini berish kabi vazifa shakllanayotganligi asoslangan;
o‘zbek adabiy tili aloqa imkoniyatlarining kengayib borayotganligi natijasida barcha so‘z turkumlari qatorida yordamchi so‘zlarning tarkibiga ham yangi-yangi birliklar kiritilayotganligi va ularning grammatik hamda pragmatik imkoniyatlari ham ortib borayotganligi aniq misollar yordamida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Yordamchi so‘zlar (ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklamalar)ning til va nutqdagi o‘rni, ahamiyati, formal, substansial va pragmatik xususiyatlarini ochib berish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar asosida:
tilimizdagi 100 dan ortiq mustaqil so‘zlar (taqdirda, qo‘ltig‘ida, girdida, domida, zamirida, zaminida, zamonda, kasriga, kezlarda, og‘ushida, pallada, qirg‘og‘ida, qo‘ynida, holatda, niyatida, oqibatda, mahalda, tegrasida kabi) semantik strukturasida yordamchilik vazifasi shakllanganligini ko‘rsatishga, 40 dan ortiq yordamchi so‘zlarning (ammo, va, lekin, biroq, -u, -yu, -da, -mi, -chi, -ku, agar, garchi, basharti, go‘yo, go‘yoki, garchand, balki, mabodo, shekilli, na..., na... kabi) boshqa yordamchi so‘z turkumlariga doimiy ko‘chib turishini izohlashga oid xulosalardan FA-F8-034 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining rivojlanish tamoyillari» fundamental loyiha doirasida ko‘p jildli «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 4 iyuldagi FTK-03-13/439-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida ko‘plab lug‘aviy birliklarning izohlari mukammallashtirilgan;
ayrim atamalarning (yordamchi so‘z, ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama kabi) tavsifini takomillashtirishda, yordamchi so‘zlarning semantik va grammatik, funksional-stilistik imkoniyatlarini aniqlashga oid nazariy xulosalar FA-F1-GO41 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» (2012–2016) nomli fundamental loyihaga tatbiq etilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 17 oktyabrdagi FTK-0313/693-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida o‘zbek tili terminlar tizimi boyigan, yordamchi birliklar ma’nolari ochib berilgan;
ko‘pvazifalilik, serqirralikning mohiyatini tushuntirishda yordamchi so‘zlardagi umumiylik-xususiylik munosabati, ulardagi xususiy ma’noning son-sanoqsiz bo‘lishi nutqiy imkoniyatlarning cheksizligini ta’minlashiga oid nazariy xulosalar 7F-4.13 raqamli «Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi» (2003–2007) nomli fundamental loyihaga qo‘llanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 10 noyabrdagi FTK-0313/784-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida birlikning serqirralik mohiyati yoritib berilgan;
Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining «Ta’lim va taraqqiyot», «Jarayon», «Talqin»,«Tafakkurdan tomgan tomchilar» ko‘rsatuvlari hamda «Mutaxassis maslahat beradi» eshittirishlarida tadqiqotchi tomonidan tavsiya etilgan til taraqqiyotidagi o‘zgarishlar, muloqot jarayoni, yordamchi so‘zlarning nutqni bezash xususiyati, matndagi vazifasi bilan bog‘liq ayrim mulohazalari hamda til imkoniyati, so‘zlovchining so‘z tanlash mahoratiga oid fikrlaridan foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2017 yil 11 sentyabrdagi 05-15/1056-son ma’lumotnomasi). Natijada ayni ko‘rsatuvlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan va yangi manbalar bilan boyigan.