Tashpulatova Maktuba Muxamedali qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Erta revmatoid artritning klinik kechishining o‘ziga hosligi va tashxislashning zamonaviy jihatlari», 14.00.05 – Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tib1155.
Ilmiy rahbar: Nabieva Dildora Abdumalikovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc 04/30.12.2019.Tib 30.02.
Rasmiy opponentlar: Xamraev Abror Asrarovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Abdullaev Akbar Xatamovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: revmatoid artritning erta davrida kasallikning o‘ziga xos klinik hususiyatlarini aniqlash hamda unga chalingan bemorlar qon zardobida 14-3-3η oqsilining diagnostik ahamiyatini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
revmatoid artritning erta davrlarida tipik bo‘g‘im sindromi kuzatilmaganda 14-3-3η oqsilining miqdorini ortishi kasallikni erta tashhislash markyori ekanligi asoslangan;
qonda 14-3-3η oqsili miqdorining ortishi bo‘g‘im sindromi bilan kechuvchi boshqa kasalliklarda kuzatilmasligi va revmatoid artritning erta davri uchun maxsusligi aniqlangan;
revmatoid artritning erta davrlarida gipersitokinemiya (interleykin -10 va o‘sma nekrozi omili-α), eroziv artrit rivojlanishi va kasallikning rentgenologik belgilarning avjlanishi negizida 14-3-3 η oqsili titrining ortib borishi asoslangan;
revmatoid artritning erta davrlarida kombinirlangan bazis yallig‘lanishga qarshi dori vositalar ta’sirida revmatoid omil va siklik sitrullinlangan peptidga qarshi antitanachalar miqdorining kamayib borishi, 14-3-3η oqsili esa o‘zgarmas ko‘rsatkich ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Revmatoid artritning erta bosqichlarda klinik kechishini o‘ziga hos xususiyatlarini tahlil qilish, bazis davolash negizida bo‘g‘im sindromi hamda laborator-asbobiy ko‘rsatkichlarning dinamikasini baholash va kasallikni erta tashxislashga yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
revmatoid artritni 14-3-3η markyoridan foydalangan holda erta tashxislash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Revmatoid artritni 14-3-3η markyoridan foydalangan holda erta tashxislash usuli» uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan. (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 7 avgustdagi 8 n-z/266-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma revmatoid artritni 14-3-3η markyoridan foydalangan holda erta tashxislash imkonini bergan;
revmatoid artritning erta bosqichida kombinirlangan patogenetik davolash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Erta revmatoid artritni kombinirlangan patogenetik davolash usuli» uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 7 avgustdagi 8 n-z/266-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma revmatoid artritning erta bosqichida kombinirlangan patogenetik davolash usullarini takomillashtirish orqali bo‘g‘imlarning funksional faolligini yaxshilash, eroziv-destruktiv o‘zgarishlarni oldini olish, nogironlik xavfini kamaytirish va xayot sifatini yaxshilash imkonini bergan;
revmatoid artritni erta tashxislash va davolash bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasining ko‘p tarmoqli klinikasi revmatologiya bo‘limida, TTA ko‘p tarmoqli klinikasi revmatologiya, kardiorevmatologiya, artrologik ixtisoslashgan ambulator davolash bo‘limlari hamda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani tibbiyot birlashmasi amaliy faoliyatiga tadbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 23 noyabrdagi 08-09/18179-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etilishi revmatoid artritni erta aniqlash, kasallikning o‘ziga hos klinik kechishini baholash va patogenetik kombinirlangan davolashni maqbulllashtirish hamda hayot sifati ko‘rsatkichlarini yaxshilash imkonini bergan.