Ziyamuxamedov Jasur Tashpulatovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi: “Pu Sungling nasri poetikasi”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/Fil342.
Ilmiy maslahatchi: Muxtarov Temur Askadovich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSC.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Muxibova Ul`patxon Uchkunovna, filologiya fanlari doktori, professor; Karimov Baxodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nasirova Saodat Abdullaevna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rta asrlar xitoy adabiyotining ijtimoiy-tarixiy muhitdagi adabiy hodisalar bilan uyg‘unlikda Pu Sungling nasri poetikasini hamda yozuvchi ijodi xitoy adabiyotining keyingi davrlari rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘rta asrlar xitoy adabiyotiga xos syujet, kompozisiya, uslub kabi poetik unsurlar hamda tarixiy muhitning adabiy tur va janrlariga xos g‘ayritabiiylik hamda noan’anaviylikni aks ettiruvchi, shu bilan birga, zamirida xitoy milliy qadriyatlari va falsafiy ta’limotlarini targ‘ib etuvchi noodatiy adabiy tamoyillar ochib berilgan;
Pu Sungling asarlarining individual “noan’anaviy bayon” uslubi o‘rta asrlarda paydo bo‘lgan xitoy “shahar adabiyoti” janrining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgani dalillangan;
Pu Sungling ijodiy merosining metaforik tabiati, umumpoetik jihatlaridan o‘rta asrlar va undan keyingi davr xitoy adabiyotidagi hikoya hamda romanlarga motivlarning o‘zlashtirilishi, mazkur hikoya va romanlarda kompozisiyaning shakllanishiga hamda ularda yangi syujetlarining paydo bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatganligi isbotlangan;
Pu Sunglingning “Lyao Jayning g‘aroyibotlar haqidagi hikoyalari” to‘plami badiiyatida ma’naviy qadriyatlar, olijanoblik, insoniylik kabi fazilatlarning ustunlik qilishi aniqlanib, uning hikoyalarida konfusiylik, buddaviylik va daosiylik bilan bog‘liq ustuvor falsafiy tushunchalarga yozuvchining ijobiy va salbiy yondashuvlari mavjudligi asoslangan;
adib hikoyalari syujet va kompozisiyasiga xos “sharhlash” hodisasi – “qissadan hissa” badiiy vositasi orqali aks ettirilishining o‘ziga xos “muallif nasihati” usuli ekanligi isbotlangan;
Lyao Jay nasri poetikasi negizida noan’anaviy obrazlarning o‘ziga xos tabiati, metamorfoza usuli, muallifning qahramonlar portretiga yangicha yondashuvi, ular harakat qiladigan noodatiy makon hamda zamonda sehr-jodu va afsun bilan bog‘liq hodisalar bayonining o‘ziga xos jihatlari, shu bilan bir qatorda oddiy insonning mavqeini ko‘tarish, jamiyat va ahloqiy normalarni isloh qilishda g‘ayrioddiy qahramonlarning o‘rni hamda ahamiyati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Pu Sungling poetikasi tadqiqoti bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
o‘rta asr xitoy hikoyasining shakllanish jarayoni tahlili natijasida olingan ilmiy-nazariy qarashlar, jumladan syujet, kompozisiya, uslub kabi poetik unsurlar hamda tarixiy muhitning adabiy tur va janrlariga xos g‘ayritabiiylik, noan’anaviylikni aks ettiruvchi adabiy tamoyillardan va xitoy fol`kloriga xos unsurlarning ifodasidan OT-F1-67-son «Buyuk ipak yo‘li mintaqasi xalqlari fol`klorining tipologiyasi, milliy o‘ziga xosligi va yozma adabiyot rivojida tutgan o‘rni» mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2021 yil 10 sentyabrdagi 01-04-01/1804-son ma’lumotnomasi). Natijada xitoy o‘rta asrlar adabiyotida fol`klorga xos elementlar, syujetlar, obrazlar mavjudligi masalalarini yoritib berishga, xitoy adabiyoti tarixida sehrli novella janrining paydo bo‘lishi va taraqqiyoti, Pu Sungling ijodining o‘rganilishi, yozuvchining fol`klor syujetlarning rivojlanishiga qo‘shgan hissasi, Pu Sunglingning xitoy adabiyotshunosligida kichik epik janrlarning rivojlanishidagi o‘rni kabi masalalarga doir ma’lumotlarni ham ilm ahliga etkazib berishga xizmat qilgan;
xitoy adabiyoti Xan davridan shi va fu janrlarini meros qilib olganligi, Pu Sungling ijodiy merosining metaforik tabiati, umumpoetik jihatlari o‘rta asr va undan keyingi davr xitoy adabiyotiga yangi janr va o‘ziga xos kompozision tuzilishning paydo bo‘lishiga ta’siri masalalari, Pu Sungling ijodi, ayniqsa, nasriy asarlari umuminsoniy mazmun-mohiyati, betakror poetik tasviri va uslubiy o‘ziga xosligi bilan ajralib turishi bilan bog‘liq nazariy va amaliy materiallardan, xitoy adabiyotining qadimgi va o‘rta asrlar davri hamda novella va hikoya janri bilan bog‘liq masalalarni o‘rganishda “Filologiya va tillarni o‘qitish (xitoy tili)” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar uchun hozirlangan “Xitoy adabiyoti (qadim va o‘rta asrlar)” darsligini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 2 maydagi 394-son buyrug‘i, 394-264 raqamli guvohnoma). Natijada, talabalarga qadimgi va o‘rta asrlar xitoy adabiyotidan keng ko‘lamdagi ma’lumotlarni etkazib, bakalavr talabalarining bilim darajalarini oshirishga nazariy va amaliy yordam bergan;
Pu Sunglingning “Lyao Jayning g‘aroyibotlar haqidagi hikoyalari” to‘plami badiiyatida ma’naviy qadriyatlar, olijanoblik, insoniylik kabi fazilatlar ustunlik qilishi, konfusiylik, buddaviylik va daosiylik bilan bog‘liq ustuvor falsafiy tushunchalarga yangicha yondashuvdan olingan xulosalar Konfusiy nomidagi o‘zbek-xitoy institutining ilmiy faoliyatida, xususan, xitoy tili va adabiyoti hamda xitoy madaniyati bilan bog‘liq ilmiy yo‘nalishlarda va dars jarayonida qo‘llanilgan (Konfusiy nomidagi o‘zbek-xitoy institutining 2021 yil 19 avgustdagi 79/21-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quv jarayonida badiiy matnlarni tarjima qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, xitoy adabiyotshunosligiga xos atamalarni to‘g‘ri qo‘llash, qolaversa, Ching davri adabiy muhiti, Pu Sungling hayoti va ijodini o‘rgatish va o‘rganishda tinglovchi va mustaqil ilmiy tadqiqotchilarga ma’lumotlar manbai bo‘lib xizmat qilgan;
XXRning Gangsu viloyatidagi Shimoli-g‘arbiy millatlar universitetida tashkil etilgan ilmiy-nazariy seminarda Pu Sungling poetikasi masalasiga oid o‘qilgan ma’ruza orqali olingan natija va xulosalardan, jumladan, Lyao Jay nasri poetikasi negizida noan’anaviy obrazlar tabiati, muallifning o‘z qahramonlariga yangicha yondashuvi va ular harakat qiladigan noan’anaviy makon hamda zamon xususiyati kabi masalalardan universitetda tahsil olayotgan chet ellik talabalarga xitoy adabiyotidagi kichik epik janrlar, xitoy adabiyotining o‘ziga xosligi, Pu Sungling hayoti va ijodi hamda uning jahon adabiyotshunosligida o‘rganilishi kabi mavzularni yoritish bo‘yicha o‘qilayotgan ma’ruzalarda foydalanilgan (Shimoli-g‘arbiy millatlar universitetining 2021 yil 5 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijalar tatbiqi universitet talabalariga xitoy adabiyoti bo‘yicha bilimlar berishda qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘lib xizmat qilgan;
Pu Sungling nasriy asarlari poetikasi tahlili va Lyao Jay hikoyalarining tarjimalari, adib hikoyalari syujet va kompozisiyasiga xos “sharhlash” hodisasi-“qissadan hissa” badiiy vositasi orqali aks ettirilishining o‘ziga xos “muallif nasihati” usuliga doir ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Mahalla» telekanalida 2021 yilda efirga uzatilgan “Umr so‘qmoqlari”, “Hayot haqiqatlari” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda, “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot”, “Ibtido”, “Tarixiy savol” kabi turkum dasturlar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” teleradiokanali davlat unitar korxonasining, 2021 yil 10 avgustdagi 01-18-590-son va 2021 yil 10 avgustdagi 02-40-1304-son ma’lumotnomalari). Natijada, mazkur ko‘rsatuvlar ssenariylarining ilmiy-ommabopligi ortgan.