Xaytbaeva Nodira Seytjanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qoraqalpog‘iston Respublikasining sho‘rlangan tuproqlarida bug‘doyning fuzarioz kasalliklari va ularga qarshi kurash choralari», 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx68.
Ilmiy rahbar: Zuparov Mirakbar Abzalovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc. 27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Xodjaev Shomil Tursunovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xoldarov Mirxalil Urazbekovich, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpog‘iston Respublikasining sho‘rlangan tuproqlari sharoitida bug‘doy navlarida kasallik qo‘zg‘atuvchi Fusarium turkumi turlarining bug‘doy navlari hosildorligiga ta’sirini aniqlash va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasida bug‘doyning fuzarioz kasalligining Fusarium turkumiga mansub 12 ta tur va 3 ta kenja turlari aniqlangan;
sho‘rlangan tuproq sharoitida ekinlarning har xil rivojlanish fazalarida fuzarioz kasalligini qo‘zg‘atuvchi turlarning morfologik, sistematik va biologik xususiyatlari aniqlangan;
fuzarioz kasalligini qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larning eng agressiv turlari – F.oxysporum, F.gramenearum va F.solani isbotlangan;
ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasining sho‘rlangan tuproqlarida bug‘doyda fuzarioz kasalligini qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larning patogenlik va fitotoksin sintez qilish xususiyatlari aniqlangan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida rayonlashtirilgan bug‘doy genotiplaridan «G‘arezsizlik», «Krasnodar-99» va «Tanya» navlari fuzarioz kasalliklariga nisbatan chidamli navlar ekanligi isbotlangan;
bug‘doyning fuzarioz kasalligiga qarshi kurash choralarini qo‘llashda Fitolavin va Trixoderminbiologik preparatlari hamda Vial Trast, Gerkules va Raksil kimyoviy fungisidlari yaxshi samara berishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasining sho‘rlangan tuproqlarida bug‘doyning fuzarioz kasalliklari va ularga qarshi kurash choralari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarning natijalari asosida:
fuzarioz kasalligiga qarshi urug‘dorilagichlar: Vial Trast, Gerkules, Raksil fungisidlarini qo‘llash Nukus tumani Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tajriba xo‘jaligida, Taxtako‘pir tumani «Pirniyaz Taxta» va «Nuratdin Taxta», Amudaryo tumani «Abduxalikov Jalg‘ash» va «Sultamurat Qiyra», Chimboy tumani «Nurlanbek Bekbergenov» va «Qallibekova Gulmira» fermer xo‘jaliklari sharoitida joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 28 avgustdagi 02/21-437-son ma’lumotnomasi). Bunda qo‘shimcha gektaridan 3–4 sentner don hosili olishga erishilgan;
fuzarioz kasalliklariga qarshi urug‘lik donga mikrobiologik preparatlar: Trixodermin, Fitobiosol bilan ishlov berish Nukus tumani Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tajriba xo‘jaligida, Taxtako‘pir tumani «Pirniyaz Taxta» va «Nuratdin Taxta», Amudaryo tumani «Abduxalikov Jalg‘ash» va «Sultamurat Qiyra», Chimboy tumani «Nurlanbek Bekbergenov» va «Qallibekova Gulmira» fermer xo‘jaliklari sharoitida joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 28 avgustdagi 02/21-437-son ma’lumotnomasi). Bunda gektaridan qo‘shimcha hosil 4–5 sentnergacha don hosili olingan.