Gulyamov Abdurasul G‘afurovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yarimo‘tkazgichli strukturalarning dinamik xarakteristikalariga deformatsiya va kuchli elektromagnit maydonning ta’siri», 01.04.10–Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/FM36.
Ilmiy maslahatchi: Ayuxanov Rashid Axmetovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fizika-texnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Fizika-texnika instituti, Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, Samarqand davlat universiteti, DSc.27.06.2017.FM/T.34.01.
Rasmiy opponentlar: Mamadalimov Abdugafur Tishabaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik; Imomov Erkin Zunnunovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Rasulov Rustam Yavkachovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yarimo‘tkazgich va yarimo‘tkazgichli strukturalarda kechadigan fizik jarayonlarga kuchli elektromagnit maydon, yorug‘lik va deformatsiya ta’sirini aniqlashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fundamental yutilish chegarasida deformatsiya ta’sirida taqiqlangan soha kengligini o‘zgarishi hisobiga yutilish koeffisientining keskin ortishi natijasida p-n-o‘tish tenzosezgirligining anomal katta qiymatlarga erishishi aniqlangan;
p-n-o‘tishning vol`tamper xarakteristikasining yorug‘lik, deformatsiya va kuchli o‘ta yuqori chastotali elektromagnit maydoni ta’sirida o‘zgarishi elektron va kovaklarning Fermi kvazisathlarining farqi bilan tushuntirilishi nazariy asoslangan;
yorug‘lik va deformatsiya ta’sirida fotoelektron va fotokovaklar generatsiyalanishi natijasida diodlarda manfiy elektr yurituvchi kuch hosil bo‘lishi, o‘ta yuqori chastotali to‘lqin ta’sirida esa elektron va kovaklar qizishi natijasida musbat ishorali elektr yurituvchi kuch paydo bo‘lishi aniqlangan;
o‘zgaruvchan deformatsiya chastotasining zaryad tashuvchilar yashash vaqtiga ko‘paytmasi birdan katta bo‘lganda fazalar portretining shakli gorizontal kesmaga aylanishi, birdan kichik bo‘lganda fazalar portretining shakli vertikal kesma tusini olishi va birga teng bo‘lganda esa fazalar portretining shakli eng katta yuza hosil qilishi aniqlangan;
o‘zgaruvchan deformatsiya ta’sirida rekombinatsiya markazlarining ortishi fazalar traektoriyasining spiralsimon ravishda kichik qiymatlar tomon o‘ralib borishi, rekombinatsion markazlarning kamayishi esa fazalar traektoriyasini spiralsimon ravishda katta qiymatlar tomon ochilib borishi aniqlangan;
MnIn5S8.5, FeIn2S4 va CuIn5S8 monokristallarida elektronlarning panjara tebranishi bilan birga ruxsat etilgan sohalardagi energetik satxlarning termik kengayishi taqiqlangan soha kengligini to‘liq o‘zgarishiga olib kelishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Yarimo‘tkazgichli strukturalarning dinamik xarakteristikalariga deformatsiya va kuchli elektromagnit maydonning ta’sirini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
kuchli elektromagnit maydoni, yorug‘lik va deformatsiya ta’sirida yarimo‘tkazgich va yarimo‘tkazgichli strukturalarda kechayotgan fizik jarayonlarga nazariy yondashishlari «Transporte Mono- y Bipolar en Estructuras Semiconductoras» mavzudagi xorijiy grant loyihasida yarimo‘tkazgichli strukturalarning deformatsiya va elektromagnit ta’siridagi dinamik xarakteristikalarini tushuntirishda qo‘llanilgan (Meksika Milliy politexnika institutining 2017 yil 15 fevraldagi 615-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish tashqi ta’sir natijasida energetik satxlarda sodir bo‘ladigan jarayonlarni tushuntirish imkonini bergan;
yorug‘lik, o‘ta yuqori chastotali maydon va deformatsiya ta’sirida yuzaga keluvchi tok va elektryurituvchi kuchlarning yangi mexanizmlari bo‘yicha olingan natijalar 14-02-00033 raqamli «Svetoindusirovannie effekti v asimmetrichnix nanostrukturax» mavzusidagi xorijiy grant loyihasida p-n-o‘tishning vol`tamper xarakteristikasining o‘zgarish mexanizmini aniqlashda foydalanilgan (Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘linmasi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi institutining 2017 yil 29 avgustdagi 15307-46-2433-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish yarimo‘tkazgichli nanostrukturalarning va kvant nuqtalarining optik xossalariga kuchli elektromagnit maydon ta’sirini aniqlash imkonini bergan;
xususiy yutilish chegarasida deformatsiya effektlarining yangicha talqini, yarimo‘tkazgichli fotoelementlarda generatsiyalanayotgan fototoklar va fotoelektr yurituvchi kuchlarni deformatsiya va o‘ta yuqori chastotali maydon ta’siridagi nazariy hisoblari
OT-2F-076 raqamli «Yuqori samarali fotoqayd qilgichlar yaratish maqsadida kvant nuqtali nanoo‘lchamli geterostrukturalardagi eksitonlar, polyaronlar va ko‘chish xodisalarini o‘rganish» mavzusidagi grant loyihasida (2007-2011) qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 28 avgustdagi FTA-02-11/560-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish yarimo‘tkazgichli strukturalarda yorug‘likning yutilish koeffisientini boshqarish imkonini bergan.