Yusupov Zafarjon Zoirovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichiga yosh gandbolchilarni saralash texnologiyasi”, 13.00.04 – Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Ped482.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, DSc.03/30.12.2019.Ped 28.01.
Ilmiy rahbar: Nabiev Timur Erikovich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent;
Rasmiy opponentlar: Allamuratov Shuxratulla Inoyatovich biologiya fanlari doktori, dotsent; Akramov Jasur Anvarovich pedagogika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 7-9 yoshli yosh gandbolchilarni boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichiga saralash texnologiyasini takomillashtirish va uni qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar va takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichida yosh gandbolchilarni saralashda jismoniy sifatlarni aniqlash uchun to‘p bilan bajariladigan harakatlarda qo‘l va oyoqlarning reaksiya vaqti hamda vaziyatga muvofiq texnik harakatlarni tanlab reaksiya qilish vaqtini tavsiflash hisobiga maxsus sifatlar bo‘yicha tanlash imkoniyatlari kengaytirilgan;
7-9 yoshli gandbolchilarni saralashda koordinatsion qobiliyatlarni rivojlantirish uchun shug‘ullanuvchilar tomonidan maxsus jismoniy, texnik, taktik tayyorgarlikdagi elementlarning o‘zlashtirilishidan kelib chiqib, modellarni uyg‘unlashtirish hisobiga majmuaviy saralash imkoniyati takomillashtirilgan;
7-9 yoshli gandbolchilarni boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichiga saralab olish jarayonida sportchilarning umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarligini, jismoniy sifatlarni rivojlantirishning sensitiv davridan kelib chiqib, tananing harakat tezligi hamda gavda mushaklarining statik muvozanatini yaxshilashning yosh ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish evaziga sportchilarni boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichiga saralash imkoniyati kengaytirilgan;
gandbol sport turida boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichida yosh gandbolchilarning jismoniy va funksional tayyorgarlik imkoniyatlaridan kelib chiqib, iqtidorli yosh sportchilarni saralash uchun to‘rt bosqichli saralash texnologiyasini ishlab chiqish evaziga 7-9 yoshli gandbolchilarni dastlabki saralash imkoniyatlari takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Gandbolda bolalar-o‘smirlar sport maktabining boshlang‘ich tayyorgarlik guruhiga iqtidorli bolalarni saralash texnologiyasini joriy etish asosida:
boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichida yosh gandbolchilarni saralash uchun qo‘llaniladigan texnik harakatlarning reaksiya vaqtini tavsiflash bo‘yicha takliflar “Gandbol nazariyasi va uslubiyati” nomli o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 27 martdagi 247-sonli buyrug‘iga asosan 247-278 raqamli guvohnoma). Natijada boshlang‘ich tayyorgarlik guruhiga saralab olish jarayonida texnik tayyorgarlik bo‘yicha oltita test ko‘rsatkichi 18,9%ga oshgan;
gandbolchilarni saralashda koordinatsion qobiliyatlarni rivojlantirish uchun barcha tayyorgarlik elementlarini modellar asosida uyg‘unlashtirish bo‘yicha takliflar Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘quv-mashg‘ulotlari jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 02-07-08-2057-son ma’lumotnomasi). Natijada koordinatsion qobiliyatlar bo‘yicha saralash imkoniyati 18%ga oshgan;
7-9 yoshli gandbolchilarni boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichiga saralashda tananing xarakat tezligi hamda gavda mushaklarining statik muvozanatini yaxshilash bo‘yicha takliflar “Gandbol nazariyasi va uslubiyati” nomli o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 27 martdagi 247-sonli buyrug‘iga asosan 247-278 raqamli guvohnoma). Natijada to‘pni darvozaga yo‘llash, to‘pni yuqoridan uzatish texnikasi elementlarini o‘rgatishda tayyorlov, rivojlantiruvchi va ko‘maklashuvchi mashqlardan (soyabonli shchitga to‘p otish, 4 metr masofadan darvozaning chap yoki o‘ng tomonidan “to‘qqiz”ga to‘p otish, 1-kompleks va 2-kompleks mashqlar) foydalanish yosh gandbolchilar texnik tayyorgarligining 25 %ga oshishiga xizmat qilgan;
7-9 yoshli bolalarni boshlang‘ich tayyorgarlik guruhlariga qabul qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan saralash texnologiyasi Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 2-sonli BO‘SM gandbol bo‘limi o‘quv-mashg‘ulotlariga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 02-07-08-2057-son ma’lumotnomasi). Natijada 7-9 yoshli gandbolchilarda koordinatsion qobiliyatlarning rivojlanish darajasi 22% ga, qo‘l kuchi 25% ga, tezlik-kuch qobiliyatlari 28% ga, egiluvchanlik 20% ga yaxshilangan. Shuningdek, yosh gandbolchilarning texnik tayyorgarligi ko‘rsatkichlari o‘sgan: soyabonli shchitga to‘p otish 24% ga, 4 metr masofadan darvozaning chap yoki o‘ng tomonidagi “to‘qqiz”ga to‘p otish 28% ga, 1-kompleks (slalom harakati) 25% ga, 2-kompleks mashqlari 28% ga yaxshilangan.