Qoryog‘diev Zufar Oxunjonovich ning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Buxoro lo‘lilarining ijtimoiy hayoti va madaniyati”. 07.00.07 – Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2018.3.PhD/Tar370. Ilmiy rahbar: Ashirov Adhamjon Azimbaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.02/30.12.2019. Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Ballieva Ruza, tarix fanlari doktori, professor; Sirbu Tatyana Konstantin, tarix, san’at va arxeologiya fanlari doktori, ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Fanlar akademiyasi Milliy Arxeologiya markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Buxoro lo‘lilarida o‘zlikni anglash, ularning ijtimoiy va marosimiy hayoti hamda madaniyatidagi o‘zgarishlarni elshunoslik ma’lumotlari asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro viloyati lo‘lilari mintaqada olti asr mobaynida yuz bergan ko‘chish to‘lqinlari, turg‘un hayot tarziga o‘tishi bosqichlari, turmush tarzining o‘zgarishi, mahalliy aholiga singishi, o‘zligini anglashdagi o‘zgarishlar kabi etnoijtimoiy jarayonlar natijasida uch guruhga – Buxoro shahri, Kogon va G‘ijduvon lo‘lilariga bo‘linganligi dalillangan;
vohada Markaziy Osiyo lo‘lilariga xos bo‘lgan jo‘gi, mo‘ltoni guruhlari bilan birga bobo Abdurayim, bobo Oymahmad, bobo Begmat, bobo Yormat, bobo G‘ulomi, bobo Yo‘ldoshi, bobo Shahrisabzi, mallagi, qoragi, o‘tagi, niyoz urganji, qavchin, balxi, qoracha kabi yangi ichki urug‘-aymoqlar ham mavjudligi aniqlangan;
lo‘lilarning ayrimlari an’anaviy mashg‘uloti bo‘lgan tilanchilik, folbinlikdan voz kechib, tabdirkorlik, savdo-sotiq, ichki ishlar, maorif, madaniyat xodimi kabi soha va kasblarni o‘zlashtirish jarayoni XX asr ikkinchi yarmi va XXI asr boshlarida lo‘lilarning faol turg‘unlashuvi hamda yangi mehnat ko‘nikmalarini egallashi bilan bog‘liq tarzda yuz bergani elshunoslik ma’lumotlari asosida isbotlangan;
lo‘lilar orasida kechgan tildagi o‘zgarish jarayonlari asosida etnolingvistikaga noma’lum Buxoro vohasi lo‘lilarining o‘zaro ichki muloqot vositasi – mug‘at tiliga oid yangi 25 ta so‘z aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
lo‘lilarning xo‘jalik mashg‘ulotlari o‘zgarishi, turg‘unlashuv natijasida tilanchilik bilan shug‘ullanishdan yangi sohalarga va kasblarga kirib borayotgan lo‘lilarning muammolari va uni bartaraf etishga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2019-2021 yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning ijrosini taminlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 6 may 2021 yil 14-07-926-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘p millatli O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar takomillashuviga, milliy-madaniy qadriyatlarni rivojlantirish, diasporalar madaniyatini keng targ‘ib etishga asos bo‘lgan;
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Oʻzbekiston tarixi” telekanali “Etno” ko‘rsatuvini tayyorlashda tadqiqotdagi ilmiy-nazariy xulosalar, jumladan, O‘zbekistonda yashayotgan lo‘li millatining etnik tarixi, Buxoro lo‘lilarining ijtimoiy hayoti va madaniyatiga doir ma’lumotlardan foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” DUK ning 26 fevral 2021 yil 02-40-288-son ma’lumotnomasi). Bu lo‘lilarning turmush tarzi va madaniyatidan keng jamoatchilikni yaqindan xabardor bo‘lishi uchun ilmiy asos bo‘lgan;
lo‘lilarning o‘zaro ichki muloqot tili – mug‘at tilining bugungi holati va uni saqlab qolishga oid ilmiy xulosalardan Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazining targ‘ibot ishlarida foydalanilgan (Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazining 6 avgust 2021 yil 02/08-914-son dalolatnomasi). Targ‘ibot ishlari O‘zbekistonda yashovchi lo‘lilarga xos madaniyat namunalari xususan, tili, urf-odatlari, marosimlarini saqlab qolishga xizmat qilgan.