Nematov Shuxrat Nasillo o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):“Muqobil energiya manbalaridan foydalanib kichik quvvatli iste’molchilarni elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish”, 05.05.06 – «Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari» ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2018.2.PhD/T763
Ilmiy rahbar: Muxamedxanov Ulug‘bek Turgudovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro muhandislik–texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.09.2020.T.111.03.
Rasmiy opponentlar: Yuldoshev Isroil Abrievich, texnika fanlari doktori, dotsent; Urishev Boboraim Urishevich,texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qayta tiklanadigan energiya manbalari milliy ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi muqobil energiya manbalaridan foydalanib kichik quvvatli iste’molchilarni elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish
III. Tadqiqotningilmiy yangiligi:
kichik quvvatli iste’molchilar elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish uchun past potensialli shamol va suv oqimlaridan olingan mexanik energiyani elastik materiallar yordamida jamlovchi mexanik energiya zahiralash qurilmasi ishlab chiqilgan;
mexanik energiya zahiralagich, past tezlikli shamol oqimlarida samarali ishlovchi shamol energetik qurilmasi va quyosh fotoelektrik stansiyasidan tashkil topgan takomillashtirilgan gibrid energetik tizim ishlab chiqilgan;
gibrid energetik tizim tarkibiga kiruvchi energiya manbalar quvvati va konstruktiv o‘lchamlari samarador qiymatlarini hududdagi qayta tiklanuvchan energiya resurslarning energetik salohiyatidan kelib chiqib hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan
kichik quvvatli gibrid energetik tizim energiya manbalari quvvatlar oqimini oqilona taqsimlash asosida olingan elektr energiyasidan samarali foydalanishni boshqarish algoritmi ishlab chiqilgan;
taqsimlangan energiya manbalardan tashkil topgan gibrid energetik tizimning elektr ta’minoti ishonchliligini keng qamrovli va aniqroq baholash uchun energiya manbasini diversifikatsiyalash koeffisientini aniqlash tenglamasi taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Muqobil energiya manbalaridan foydalanib kichik quvvatli iste’molchilarni elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mexanik zahiralagich elementlarini optimal o‘lchamlarini hisoblash dasturi ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Intellektual mulk agentligining EHM dasturiga mualliflik guvohnomasi olingan (№ DGU 20202199., 10.02.21 y.). Natijada, kichik quvvatli elektr iste’molchilar uchun kuchsiz shamol va suv oqimlarida ishlovchi mexanik energiyani zahiralash imkoniyati yaratilgan;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan tashkil topgan gibrid energetik tizim Buxoro viloyatida sinovdan o‘tkazilgan (O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 15 yanvardagi №04/20-148 ma’lumotnomasi). Natijada, qayta tiklanuvchi energiya manbalardan tashkil topgan gibrid elektr stansiyaning xarajatlari an’anaviy elektr energiyasidan foydalanishga nisbatan 3 baravarga arzonligi aniqlangan;
ishlab chiqilgan gibrid energetik tizim Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi “Toshrabot-Jilvon” irrigatsiya tizimlari boshqarmasiga qarashli suv taqsimlash inshootida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 15 yanvardagi №04/20-148 ma’lumotnomasi). Natijada, suv taqsimlash inshootining elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirishga va yillik 105 mln. so‘m mablag‘ni tejash imkoniyati yaratilgan.