Urunbaev Erkinning fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «K-qiymatli mantiq funksiyalari asosida evristik algoritmlarning optimal korrektorlarini sintez qilish usullari», 01.01.03– Hisoblash matematikasi va diskret matematika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.5DSc/FM148.
Ilmiy maslahatchi: Kabulov Anvar Vasilovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand Davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.FM.01.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Kasimov Nadimullo Xabibullaevich fizika-matematika fanlari doktori, professor, Xayotov Abdullo Raxmonovich
fizika-matematika fanlari doktori, professor, Allakov Ismoil fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent shaxridagi Turin politexnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi evristik usullarning aniqligini oshirish masalasiga k-qiymatli mantiq funksiyalari yordamida optimal korrektorlarni qurishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
nokorrekt algoritmlar to‘plamini korreksiyalovchi k-qiymatli funksiyalar sistemasi sinflarining to‘liqligi to‘g‘risidagi teoremalar isbotlangan;
evristik algoritmlar natijasini korreksiyalash uchun nokorrekt algoritmlar to‘plamini korreksiyalovchi kanonik normal shakldagi k-qiymatli funksiyani minimallashtirishning mantiqiy usuli va algoritmi qurilgan;
nazorat materiallari asosida evristik algoritmlarning optimal korrektorlarini qurish metodologiyasi ishlab chiqilgan;
o‘rnatilgan turli cheklovlar va nazorat materiallari asosida evristik algoritmlarning optimal korrektorlarini tuzishning mantiqiy usullari va algoritmlari yaratilgan;
evristik algoritmlarning kanonik normal shakl sinfidagi optimal korrektorini qurish va monotonlikni aniqlash masalasini echish uchun, Shennon masalasiga asoslangan k-qiymatli monoton funksilar soni xaqidagi teorema isbotlangan;
nokorrekt algoritmlar to‘plamini korreksiyalovchi k-qiymatli funksiyani kanonik normal sinfida minimal ko‘rinishda ifodalash uchun mahsus minimal bazislari to‘g‘risidagi teoremalar isbotlangan;
berilgan kodlashga nisbatan to‘liq aniqlanmagan diskret monoton funksiyani davom ettirishning invariantlik prinsipi xaqidagi teorema isbotlangan;
kollegial diagnostika va boshqaruv qarorini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun korreksiyalovchi algoritmlardan foydalangan holda evristik algoritmlarni optimal korreksiyalash algoritmik tizimi va dasturiy ta’minoti yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Evristik usullarning aniqligini oshirish masalasiga k-qiymatli mantiq funksiyalari yordamida optimal korrektorlarni qurish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yaratilgan evristik algoritmni korreksiyalash usuli Nukus tumani suv xo‘jaligi korxonasining gidrotexnik siklini boshqarishda tatbiq etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 15 apreldagi 01/01-3-151-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi gidrotexnik jarayonning modernizatsiya qilinadigan gidrotexnik joylarini aniqlash asosida suv xo‘jaligini optimallashtirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini 15% ga oshirish imkonini bergan;
texnologik rejimlarni avtomatlashtirilgan boshqaruv va nazorat tizimi uchun tavsiya etilgan korrektordan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida texnologik rejimlarni optimizatsiyalashda qo‘llanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2021 yil 16 apreldagi 01/18- 846-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi, tizimning ishlash ishonchliligini oshirish, mahsulotlarning sifatini yaxshilash va ishlab chiqarish hajmini oshirish, xomashyo va energiya resurslari sarfini kamaytirish, ishchi xodimlarning mehnat sharoitlarini 12 foizga yaxshilash imkonini bergan;
evristik algoritmlarni k-qiymatli mantiq funksiyalari bo‘yicha optimal korreksiyalash uchun yaratilgan algoritmik tizim va dasturiy ta’minotidan Nukus shahar tibbiyot birlashmasida diagnostikada kollegial qaror qabul qilish jarayonida qo‘llanilgan. (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 14 apreldagi 01/2345 ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi qaror qabul qilishda korreksiyalash algoritmlaridan foydalanish evristik usullarning aniqligini oshirish masalasini hal qilish hamda tashxisning aniqligini 15 foiz oshirish imkonini bergan;
taklif qilingan oddiy kanonik shakllar sinfidagi k-qiymatli fuksiyalarni minimallashtirish usullari, algoritmlari va k-qiymatli mantiq funksiyalarini monotonligini tekshirishni murakkabligini baholash mezonidan BV-M-F4-004 "Boshqaruv tizimlari nazariyasida algoritmlash tamoyillarini ishlab chiqish" grant loyihasida ekstremal muammolarni echishning algoritmlarini ishlab chiqishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2021 yil 16 iyuldagi 33-8/5163 ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi texnologik jarayonlarning funksional jadvallari asosida qurilgan avtomatlashtirish tizimida aniq optimal echimlarni aniqlash dasturiy ta’minotini ishlab chiqish imkonini bergan.