Samandarova Lola Sultanovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Xorazm adiblari ijodida fol`klor an’analari (mustaqillik davri)”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD.Fil1918.     
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: [Ro‘zimboev Safarboy Ro‘zimboevich], filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.55.02.
Rasmiy opponentlar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; G‘ayipov Dilshod Qadamboevich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mustaqillik yillarida Xorazm adiblari tomonidan yaratilgan qator romanlar, she’rlar va dramatik asarlarning kompozision tuzilishi va syujet tizimida fol`klorizmlarning semantik funksiyalari va badiiy estetik vazifalarini aniqlash asosida adiblarning xalq ijodiyotidan foydalanishdagi individual badiiy mahoratini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mustaqillik yillarida Xorazm adabiy muhiti vakillari tomonidan yaratilgan she’riy asarning badiiy-kompozision, lingvopoetik, uslubiy-vazifaviy xususiyatlari aniqlangan hamda zamonaviy she’riyatda faol qo‘llanilayotgan fol`klorizmlarning sintezlashuvi, xalqqa xos frazeologizmlar, uchiriq so‘zlar, shevaga oid leksik birliklar, anafora, alliteratsiya, morfologik vositalarga murojaat etilishi, xalq dostonlari she’riyatiga nazira bag‘ishlash an’anasi mavjudligi asoslangan; 
yirik nasriy asarlarda mif, afsona va rivoyatlarning qo‘llanilish darajasi, ularda afsona, rivoyat, maqol, matal, frazeologik iboralar, mifologiyaga aloqador bashoratchi homiylar, farishtasifat obrazlar istifoda etilganligi, xalq teatri asarlaridan namunalar keltirilganligi, obrazlar portreti xalq eposidagi andozalarni eslatishi, mifologik motivlar, badiiy matndagi tush motivlarining janr poetikasida tutgan o‘rni ochib berilgan; 
dramatik asarlarda analitik fol`klorizmlar doirasi latifa, naql kabi janrlar bilan to‘ldirilganligi, latifa komediyadagi yumoristik kayfiyatni jonlantirishga ko‘maklashsa, naql ularga didaktik ruh bag‘ishlaganligi, stilizatsiya xarakteridagi fol`klorizmlarga e’tibor kuchli namoyon bo‘lganligi, ulardagi o‘xshatishlar, sifatlashlar, qofiyalanish tartibi xalqona xarakter kasb etishi isbotlangan;
Xorazm ijodkorlari asarlarning xalqona xarakter kasb etishini, badiiy estetik ta’sirchanligini oshirish, asar tilining xalqchilligini, ulardagi mahalliy koloritni, yumoristik ruhning samaradorligini ta’minlash maqsadida fol`klorizmlarga murojaat qilganliklari hamda adiblarning bu boradagi poetik mahorati ochib berilgan.  
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xorazm adiblari ijodida fol`klor an’analarini tadqiq qilish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida: 
“Xalq dramasidan andoza olib...” uslubiy qo‘llanmasi hamda “Xorazm adiblari lirikasi va xalq she’riyati”, “Hozirgi davr o‘zbek romanchiligida fol`klor an’analarining tutgan o‘rni” kabi ilmiy natija materiallaridan A-FA-2019-9 shifrli “Qadimiy yozma noyob qo‘lyozma va manbalarni tadqiq qilish, ularning raqamlashtirilgan bibliotekasini yaratish” nomli amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Xorazm Ma’mun akademiyasining 2021 yil 31 maydagi 75/2-21-son ma’lumotnomasi).  Natijada o‘zbek xalq ijodi an’analari va milliy qadriyatlarimizni e’zozlash, ma’naviy merosni asrab-avaylash ruhini yoshlar qalbida shakllantirishga erishilgan; 
dramaturgiya va fol`klor bilan bog‘liq ilmiy natijalar haqidagi xulosalar va Erkin Samandarning “Olma pishganda keling” nomli musiqali komediyasi tadqiqiga bag‘ishlangan o‘quv-uslubiy qo‘llanmadan A-FA-2019-9 shifrli “Qadimiy yozma noyob qo‘lyozma va manbalarni tadqiq qilish, ularning raqamlashtirilgan bibliotekasini yaratish” nomli amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Xorazm viloyati madaniyat boshqarmasining 2021 yil 2 iyundagi 419-1-son ma’lumotnomasi). Natijada Xorazm viloyatidagi muzey va kutubxonalarning fondini boyitishga erishilgan; 
romanlarda barqaror birikmalar, lirik parchalar va xalqona tashbehlarning istifoda etilishi va ularning badiiy-kompozision, lingvopoetik, uslubiy-vazifaviy xususiyatlari kabi ilmiy qarashlardan Erasmus+ dasturining 585845-EPP-1-2017-1-ES-EPPKA2-CBHD-JP “Devolopment of the interdisciplinary master program on Computation Linguistics at Central Asian Universities: CLASS” grant loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2021 yil 22 iyundagi  89-06-683-son ma’lumotnomasi). Natijada romanlarning badiiy-kompozision, lingvopoetik, uslubiy-vazifaviy xususiyatlari, ulardagi barqaror birikmalar, lirik parchalar va xalqona tashbehlarning xalq og‘zaki ijodidagi ko‘rinishlari bilan genetik aloqadorligi, o‘xshash va farqli jihatlari bo‘yicha ilmiy tasavvur-tushunchalarini boyitishga erishilgan;
fol`klor an’analarining she’riyatdagi jilolari, yirik nasriy asarlar va xalq  ijodiyoti hamda dramatik asarlarda fol`klorizmlardan foydalanish tamoyillari, ularda uchraydigan an’anaviy motivlar, yangicha ko‘rinishdagi talqinlari haqidagi xulosalardan I-FA-2019.25 shifrli “Xorazm shaharlarining tarixi, madaniy meroslari, obidalari va san’at asarlari tadqiqotlari asosida  SMART texnologiyalarini yaratish” mavzusidagi (2019-2021y.y.) loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining  2021 yil 18 avgustdagi  3/1255-2295-son ma’lumotnomasi). Natijada Xorazm adiblari asarlarida istifoda etilgan fol`klorizmlarning manbalari, badiiy-estetik o‘ziga xosligini yoritib berishga, mustaqillik yillarida Xorazm adabiy muhiti vakillari tomonidan yaratilgan turli asarlar tarkibidagi fol`klor unsurlarining etnomadaniy tasvirini gavdalantirish va ijtimoiy-siyosiy mundarijasini namoyish qilishdagi badiiy-estetik ahamiyatini asoslashga hamda nomoddiy yodgorliklarning ma’naviy qiymatini aniqlashga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish