Rahmatova Govhar Omonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Devonu lug‘ati-t-turk»dagi she’rlar: matn va uning talqini masalalari», 24.00.04 – Mumtoz sharq adabiyoti va manbashunosligi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Fil772.
Ilmiy rahbar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Omonov Qudratilla Sharipovich, filologiya fanlar doktori, professor; Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi «Devonu lug‘ati-t-turk» asarida keltirilgan she’rlarning matn xususiyatlari va talqini masalalarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Devonu lug‘ati-t-turk»ning arab-musulmon xalqlari ichida keng yoyilishi uchun asarda oyat va hadislar mazmuniga mos keluvchi turkiy xalqlar og‘zaki ijodining pandnoma va jangnoma mavzusidagi she’rlaridan keng iste’foda etilgani dalillangan;
«Devonu lug‘ati-t-turk»dagi she’rlarda badiiylikni oshirish uchun rang bildiruvchi sifatlardan foydalanilgan bo‘lib, lirik she’rlarda qïzïl – «chiroy va go‘zallik»; qara – «go‘zallik va yoshlik», sarïq – «ayriliq va hijron»; jangnoma she’rlarda qïzïl – «qaynoqlik; jo‘shqinlik va jonlanish»; qara – «buyuklik; kuch-qudrat va yovuzlik»; tabiat tasviriga bag‘ishlangan qo‘shiqlarda aq, örüŋ – «poklik va qut-baraka»; sarïq – «quyosh va ko‘klam»; qïzïl – «xursandchilik va shodlik»; yašïl – «jonlanish va yangilanish» ramzi ekani aniqlangan;
Turkiy xalqlar og‘zaki ijodida variatsiyaning yuzaga kelishi variantdosh so‘zlarning qo‘llanishi, lahjalardagi fonetik o‘zgachaliklar (ü>i, a>ï, ä>e, e>y, d=δ) hamda inversiya hodisalari bilan bog‘liqligi isbotlangan;
«Devonu lug‘ati-t-turk»da keltirilgan she’riy uzindilar misolida arab va fors she’riyatidan farqli holda barmoq vaznidagi ruboiy, qasida hamda doston singari she’riy janrlar mavjud bo‘lgani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. «Devonu lug‘ati-t-turk»da keltirilgan she’rlar: matn va uning talqini masalalaridan olingan natijalar asosida:
«Devonu lug‘ati-t-turk»da keltirilgan she’rlar mazmuni turkiy so‘zlarning ma’nosini izohlash, ularning o‘ziga xos jihatlarini ochib berishda foydalanilgan Qur’oni karim oyatlari va hadislar mazmuniga mos kelishi bo‘yicha olingan ilmiy yutuqlar buyurtma asosida tayyorlangan «Imom Termiziy» va «Adib Sobir Termiziy» kabi kitoblar mazmuniga singdirilgan (Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 2021 yil 04 maydagi 01-07/82-son dalolatnomasi). Natijada «Devonu lug‘ati-t-turk»da keltirilgan she’riy parchalar Qur’on oyatlari bilan o‘zaro qiyoslanib, XI asrga kelib, turkiy xalqlar hayotida islom dinining mavqei ancha kuchaygani va uning badiiy adabiyotga ta’siri masalalari haqida o‘quvchilarda ko‘nikma hosil qilish uchun muhim ahamiyat kasb etgan;
«Devonu lug‘ati-t-turk»dagi she’rlarda qo‘llanilgan ranglar mazmuni bilan bog‘liq ilmiy xulosalardan OT-F1-71 «Ilk va o‘rta asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida etnolingvistik vaziyat» mavzuidagi loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 12 avgustdagi 89-03-2781-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ilmiy xulosalarning keltirilishi o‘rta asrlarda Markaziy Osiyodagi turkiy xalqlarning joylashuvi va bu davrdagi etno-lingvistik vaziyatni ochib berishga xizmat qilgan;
uzindilarda variatsiyalarning yuzaga kelishi inversiya, lahjalardagi fonetik o‘zgachaliklar, leksik tarkibning o‘zgarishi kabi hodisalar bilan bog‘liqligi bo‘yicha chiqarilgan ilmiy xulosalar Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida 2017-2018 yillarda bajarilgan PZ-2016-0911134349 raqamli «Devonu lug‘ati-t-turk» asarining rus tiliga tarjimasini nashrga tayyorlash va nashr qildirish» mavzuidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 2021 yil 29 apreldagi 3/1255-1254-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida «Devonu lug‘ati-t-turk»da keltirilgan she’rlarning ruscha tarjimasini to‘g‘ri amalga oshirishda mazkur dissertatsiya ishidagi parchalarning o‘qilishi, talqini hamda semantikasiga oid ilmiy dalillar tarjima sifatini oshirishga xizmat qilgan;
«Devonu lug‘ati-t-turk»da keltirilgan she’riy parchalar badiiyati, ulardagi rang bilan bog‘liq ramzlar, turkiy xalqlar og‘zaki ijodining turkiy yozma adabiyotga ta’siri kabi natija va materiallaridan «O‘zbekiston tarixi» telekanalida efirga uzatilgan «Taqdimot» va boshqa turkum ko‘rsatuvlar ssenariysini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 13 fevraldagi 02-40-357-son ma’lumotnomasi). Natijada foydalanilgan materiallar efirga uzatilgan teleko‘rsatuvlarning mazmun-mohiyatini boyitgan hamda ilmiy dalillarga boy bo‘lishini ta’minlagan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish