To‘raev Shavkat Shuxratovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:  
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Iqtisodiyotda soliq yukini optimallashtirish yo‘nalishlari», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Iqt101.
Ilmiy maslahatchi: Iminov Odiljon Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi, DSc.20/13.05.2020.I.23.01.
Rasmiy opponentlar: Haydarov Nizomiddin Hamroevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor;  Olimjonov Odil Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Jo‘raev Abdug‘affor Safarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi iqtisodiyotda soliq yukini optimallashtirishga qaratilgan ilmiy-uslubiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
respublikada ishlab chiqariladigan va import qilinadigan aksizosti tovarlarning alohida turlari bo‘yicha aksiz solig‘i stavkalarini unifikatsiya qilish orqali soliq yukini optimallashtirish zarurligi ilmiy asoslangan;
yuridik shaxs tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlarda ijtimoiy soliq stavkalarini oilaning boshqa a’zolari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi qilib belgilash taklif etilgan;
elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, avtomobil` yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish uchun olib kiriladigan xom ashyo va uskunalar hamda asalarichilikni rivojlantirish, charm-poyabzal sanoati ishlab chiqaruvchilari uchun olib kiriladigan ayrim tovarlar bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish zarurligi isbotlangan; 
yuridik shaxslarning soliq yuki ko‘rsatkichi ular tomonidan davlat byudjetiga to‘langan barcha soliqlar va to‘lovlarni qo‘shilgan qiymatga nisbati orqali aniqlash uslubiyoti taklif etilgan;
soliq yukini iqtisodiyot darajalari kesimida hamda hududlarda undirilayotgan soliqlar va to‘lovlar summasini yalpi hududiy mahsulotga nisbatan hisoblash uslubiyoti taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Iqtisodiyotda soliq yukini optimallashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
respublikada ishlab chiqariladigan va import qilinadigan aksizosti tovarlarning alohida turlari bo‘yicha aksiz solig‘i stavkalarini unifikatsiya qilish bo‘yicha berilgan taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 30 dekabrdagi O‘RQ-659-son Qonuni bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi Soliq kodeksini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021 yil 1 iyuldagi 06/04-01-32/846-son ma’lumotnomasi). Natijada, 10 ta pozisiyadagi tovarlar (benzin, dizel` yoqilg‘isi, motor moyi va b.) bo‘yicha aksiz solig‘i stavkalari birxillashtirilgan va joriy yilning yanvar`-may oylarida mazkur tovarlar importi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8% ga o‘sishiga erishilgan;
yuridik shaxs tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlik shaklda amalga oshiruvchi sub’ektlarda ijtimoiy soliq stavkalarini oilaning boshqa a’zolari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilash bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 30dekabrdagi O‘RQ-659-sonli Qonuni bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Soliq kodeksini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligining 2021 yil 1 iyuldagi 06/04-01-32/846-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, joriy yilning yanvar`-may oylarida 8,9 mingta oilaviy tadbirkorlik sub’ektlaridagi 11,2 ming nafar a’zolari tomonidan qariyb 15 mlrd.so‘m ijtimoiy soliq tushishiga erishilgan;
elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, avtomobil` yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish uchun olib kiriladigan xom ashyo va uskunalar hamda asalarichilikni rivojlantirish, charm-poyabzal sanoati ishlab chiqaruvchilari uchun olib kiriladigan ayrim tovarlar bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 iyundagi PF-6011-son farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021 yil 1 iyuldagi 06/04-01-32/846-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2021 yilning yanvar`-may oylarida davlat byudjetiga qo‘shimcha 503,8 mlrd.so‘m mablag‘ tushgan;
yuridik shaxslarning soliq yuki ko‘rsatkichini hisoblashda yuridik shaxslar tomonidan davlat byudjetiga to‘langan barcha soliqlar va to‘lovlarning yuridik shaxs tomonidan yaratilgan qo‘shilgan qiymatiga nisbati orqali aniqlash uslubiyoti O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan amaliyotda qo‘llash uchun qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2021 yil 12 maydagi 18/1-31851-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, yuridik shaxslar zimmasidagi soliq yukining real darajasi aniqlanadi va kelgusida ularni soliqqa tortish tizimi takomillashtirilgan;
soliq yukini hududlarda undirilayotgan soliqlar va to‘lovlar summasini yalpi hududiy mahsulotga nisbatan hisoblash uslubiyoti statistika organlari faoliyatida qo‘llash uchun qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2021 yil 15 iyundagi 01/1-03-21-44-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, yalpi hududiy mahsulotga nisbatan hudud soliq yukini hisoblash yo‘lga qo‘yilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish