Komilov Nodirbek Bokijonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936 yy.)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Tar728.
Ilmiy rahbar: Shamsutdinov Rustambek Temirovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/31.12.2020.Tar.60.01.
Rasmiy opponentlar: Choroev Tinchtikbek Kadirmambetovich, tarix fanlari doktori, professor; A’zamxo‘jaev Saidakbar Saidovich, tarix fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi Obidjon Mahmudovning hayoti va faoliyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Obidjon Mahmudovning mustamlaka Turkistonida milliy matbuot va noshirlikni joriy etishdagi o‘rni va roli, u tomonidan “Sadoi Farg‘ona” gazetasida chop etilgan maqolalarning jamiyat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotida ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lgani isbotlangan;
Obidjon Mahmudovning Turkiston iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘lida Qo‘qon birja jamiyatini tashkil etganligi, halol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlagani, qog‘oz ishlab chiqarish muammolarini hal etish uchun olib borgan amaliy faoliyati dalillangan;
Obidjon Mahmudovning sa’y-harakatlari tufayli “Sho‘roi Islomiya”, “Milliy Ittixod” tashkilotlari, “Nashri maorif” jamiyati faoliyati yanada rivojlanganligi, istiqlolchilik harakatlarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagani, Turkiston Muxtoriyatini sovetlar tomonidan qurolli ag‘darishini oldindan fahmlagan va Turkiyadan najot kutgan muxtoriyatchilar Obidjon Mahmudovni Bokuga yuborgani, uning Turkiyadagi “Ittihod va taraqqiy”chilar vakillari bilan muzokara olib borganligi, natijada muxtoriyatchilarga yordam berish uchun Turkiyadan Turkistonga vakillar kelgani dalillangan;
Obidjon Mahmudovning sovet hukumati tomonidan nohaq ayblar bilan qamoqqa olinganligi, mol-mulklarining musodara etilganligi, shu bois qamoqdan ozod qilishni so‘rab yozgan murojaati, singlisi Sharofat bibi, o‘g‘illari Olimjon, Sobirjonlarning sobiq SSSR Markaziy ijroiy qo‘mitasi raisi M.I.Kalininga, O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiy qo‘mitasi raisi Y.Oxunboboevga yozgan xatlari uni ozodlikka chiqishi uchun muhim rol o‘ynagani asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Obidjon Mahmudov hayoti va faoliyatini tadqiq etish davomida olingan natijalar, xulosalar va amaliy tavsiyalardan:
Obidjon Mahmudovning XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkistonda milliy taraqqiyparvarlik harakatida faol ishtirok etganligi, nohaq qatag‘on qurboni bo‘lganligiga oid materiallar va manbalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, shuningdek, Farg‘ona davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining “Sovet hokimiyatining O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘onlik siyosati” nomli ekspozisiyasini to‘ldirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining 2021 yil 28 yanvardagi 31-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi mazkur davrni faktik materiallar va ma’lumotlar bilan to‘ldirishga ko‘mak berib, Turkistonning o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy jarayonlarida faol qatnashgan Obidjon Mahmudov merosini ilmiy asosda yoritishga xizmat qilgan;
Obidjon Mahmudovning Turkistonda milliy matbuot va noshirlikni joriy etishdagi o‘rni va roli, u tomonidan tashkil etilgan “Sadoi Farg‘ona” gazetasining jamiyat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotidagi ahamiyati aks ettirilgan ilmiy manba va materiallardan Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Turkiston Muxtoriyati” nomli ekspozision rejalarini tuzishda, uni materiallar, manbalar hamda ma’lumotlar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 2 martdagi 05-12-08-1155-son ma’lumotnomasi). Natijada materiallar muzey fondini Obidjon Mahmudovning milliy matbuot va noshirlik faoliyatiga oid ilmiy axborotlar bilan to‘ldirishga xizmat qilgan;
Obidjon Mahmudovning Turkiston sanoati va iqtisodiyotini rivojlantirish borasida aniq amaliy harakatlar olib borganligi, Qo‘qon birja jamiyati uning bevosita ishtirokida tashkil etilgani, Turkistonda yuzaga kelgan ijtimoiy muammolarni hal qilishdagi faoliyati natijasida Mayram, Isfara, Konibodom, Qo‘qon kabi hududlarda suv va g‘alla tanqisligi muammosi hal qilinganligiga doir ma’lumotlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2021 yil 16 fevraldagi 02-10-228-son ma’lumotnomasi). Natijalar teletomoshabinlarga Obidjon Mahmudovning Turkiston sanoati va iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirgan sa’y-harakatlari to‘g‘risida yangi tarixiy ma’lumotlar etkazib berilishida xizmat qilgan.