Boymurodov Xusniddin Toshboltaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston suv havzalarining ikki pallali (Bivalvia: Unionidae, Corbiculidae) mollyuskalari», 03.00.06–Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/B32.
Ilmiy maslahatchi: Izzatullaev Zuvaydullo Izatullaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Zoologiya instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.52.01.
Rasmiy opponentlar: Pozilov Abduvoyit Pozilovich, biologiya fanlari doktori; Akromova Firuza Djalaliddinova, biologiya fanlari doktori; Xolboev Faxriddin Raxmonqulovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston suv havzalaridagi ikki pallali (Bivalvia:Unionidae va Corbisulidae) mollyuskalarning faunistik tarkibini aniqlash va ulardan foydalanish istiqbollarini baholashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston suv havzalarida Bivalvia sinfi Unionidae va Corbiculidae oilalariga mansub ikki pallali mollyuskalarining 10 ta tur va 2 ta kenja turdan iborat ro‘yxati tuzilgan;
ikki pallali mollyuskalarning uch turi – Sinadonta orbicularis, S.gibba, S.puerorumlarni birinchi marta O‘zbekiston suv havzalarida tarqalishi va zichligi aniqlangan;
daryolarning gidrologik rejimi bilan bog‘liq holda ularda Unionidae va Corbiculidae oilasi vakillarining taqsimlanishi ochib berilgan;
sun’iy suv havzalarining ikki pallali mollyuskalar tarqalish manbasi va yo‘li sifatidagi ahamiyati baholangan;
ilk bor kamyob va endem mollyuskalar biologik yosh guruhlarining populyasiyalarda taqsimlanishi ochib berilgan;
ikki pallali mollyuskalarning saprobligi aniqlangan va uni mollyuskalarning suv havzalarida tarqalish darajasi bilan bog‘liqligi isbotlangan;
ikki pallali mollyuskalarning suv havzalari radioaktivligini aniqlashdagi imkoniyatlari baholangan;
ilk bor O‘zbekiston iqlimi sharoitida baliqchilik xo‘jaliklarida Sinanodonta urug‘i turlaridan marvarid etishtirish yo‘llari isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbekiston suv havzalarida ikki pallali mollyuskalarning tarqalishi, populyasiyasi va ulardan iqtisodiyot tarmoqlarida foydalanish yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida: ikki pallali mollyuskalarning bioindikatorlik xususiyatlari hamda kamyob va endem turlar populyasiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tabiatni muhofaza qilish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2016 yil 23 martdagi RF-02/19-1520-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalari suv sifatini aniqlash, ularni tozalash hamda regressiv populyasiyalarni muhofaza qilish chora-tadbirlari samaradorligini oshirish imkonini bergan;
ikki pallali mollyuskalardan marvarid etishtirish yo‘llari ishlab chiqarishga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 15 martdagi 02/12-387-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar baliqchilik xo‘jaliklarida mollyuskalardan jahon andozasiga mos o‘rtacha kattalikdagi (L15,5/L23) marvaridlar olish imkonini bergan.