Eshbaeva Ulbosin Jamalovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tarkibiga sintetik polimerlar kiritilgan ofset qog‘ozi va uning bosma-texnik xossalari», 05.02.03–Texnologik mashinalar, robotlar, mexatronika va robototexnika tizimlari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/T35.
Ilmiy maslahatchi: Rafikov Adxam Salimovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti, DSs.27.06.2017.T.08.01.
Rasmiy opponentlar: Primkulov Maxmud Temirovich, texnika fanlari doktori professor; Klimova Elena Dmitrievna, texnika fanlari doktori (Rossiya Federatsiyasi); Ixtiyarova Gul`nora Akmalovna, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qog‘oz kompozisiyasida lintdan olingan paxta sellyulozasi bilan uyg‘unlikda sintetik polimerlarni qo‘llash asosida ofset bosma qog‘ozini olish texnologiyasini ishlab chiqish va qog‘oz komponentlarining o‘zaro va bosma bo‘yog‘i bilan ta’sirlashuvi mexanizmini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tarkibida lintdan olingan paxta sellyulozasi va sintetik tola chiqindilari mavjud bo‘lgan ofset qog‘ozi olish texnologiyasi va ratsional kompozisiya parametrlari ishlab chiqilgan;
sintetik polimerlar va tabiiy ipak chiqindilari eritmasi bilan modifikatsiyalangan va gidrolizlangan PAN-tolalaridan foydalanib qog‘oz massasining shakllanish qonuniyati yaratilgan;
massada elimlash uchun gidroksil, karboksil va aminoguruhlarga ega polimerlardan foydalanib molekulalararo bog‘larni mustahkamlash uslublari yaratilgan;
bo‘yalgan tolali komponentlarni kiritish yo‘li bilan qog‘ozli hujjatlarning qalbakilashtirishdan himoyalanganligini oshirish usuli ishlab chiqilgan;
bosiluvchi materialning g‘ovakligi, bo‘yoqning shimilish chuqurligi va taqsimlanishini hisobga olib, nazariy tahlil asosida qog‘ozning bo‘yoq qabul qilishini hisoblash uslubi ishlab chiqilgan;
Boks-Uilsonning keskin ko‘tarilish uslubi bo‘yicha tajribaviy qog‘oz turlarida bosishda bo‘yoqni qabul qilish qonuniyati ishlab chiqilgan;
lintdan olingan paxta sellyulozasi va sintetik polimerlar asosida tayyorlangan qog‘ozning bosma-texnik xossalarini sozlash parametrlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Mahalliy xomashyolardan foydalangan holda yangi tarkibdagi qog‘oz olish texnologiyasi va bosma xossalarini yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy natijalar asosida:
lintdan olingan paxta sellyulozasi va nitron chiqindilari asosidagi qog‘oz kompozisiyasi tarkibida polimerli elimlovchi moddalarni qo‘llash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan («Qog‘oz massasi» IAP 05165-2016 y, «Qog‘oz massasi» IAP 04622-2012 y.). Natijada qog‘oz yuzasining bir jinsli tuzilmasi hosil bo‘lib, bu esa ancha yuqori mexanik mustahkamlik xossalariga ega bo‘lgan qog‘oz olish imkonini bergan;
himoyalangan qog‘oz tarkibida polivalent metall tuziga ega bo‘lgan tabiiy ipak chiqindilari va nitron chiqindilaridan foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan («Qog‘ozni qalbakilashtirishdan himoyalash uchun qog‘oz massasi», IAP 04213-2010 y.). Natijada qimmatbaho hujjatlarni qalbakilashtirishdan himoyalash imkoni yaratilgan;
lintdan olingan paxta sellyulozasi va nitron chiqindilari asosida qog‘oz olish texnologiyasi tasdiqlangan texnologik reglament asosida Matbuot va axborot agentligi korxonalarida, jumladan «BUM KOS KARTON» MChJ, «ANGREN PACK» AJ va «JUHAL QALIN QOGOZ» MChJlar faoliyatiga joriy qilingan, qog‘ozlarning yuzasiga tasvir tushirish va bosma-texnik xossalarini tadqiq qilish «Sharq» NMAK, «G‘ofur G‘ulom» NMIU va «O‘zbekiston» NMIU bosmaxona sharoitlarida amalga oshirilgan (Matbuot va axborot agentligining 2016 yil 21 noyabridagi 02-3093-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiya natijalari bo‘yicha tavsiya qilingan qog‘ozni korxonalarda ishlab chiqarishga joriy qilish respublikada qog‘oz ishlab chiqarish hajmini 5-6% ga oshirishga va matbaachilik korxonalari tomonidan talab etilgan xossalarga ega qog‘oz olishga imkon bergan.