Madalieva Oysara Rustamovnananing
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Navoiy devonlari qo‘lyozmalarining tarkibiy-qiyosiy tadqiqi (O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondi qo‘lyozmalari asosida)», 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil634.
Ilmiy rahbar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Imomnazarov Muhammadjon Sultonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Erkinov Aftondil Sadirxanovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Alisher Navoiyning O‘zR FA ShI fondida saqlanayotgan qo‘lyozma devonlari tarkibi, tuzilishi, tekstologik jihatlarini asoslash, ularni chet el fondlaridagi nusxalar bilan qiyoslab, o‘ziga xos yutuqlarini belgilash va muallif variantiga yo‘l izlash, uni tiklash borasidagi nazariy fikrlarni o‘rtaga qo‘yish, shu tariqa devonlarini ilmiy o‘rganish, ularning yangi ilmiy nashrlarini yaratishga yo‘l ochishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Navoiy devonlarining asosiy fondga oid XV asrdan to XX asrning 1-choragiga qadar ko‘chirilgan qo‘lyozmalaridan 20 ta va Hamid Sulaymon fondiga tegishli 2 ta qo‘lyozmasining tarkibi shoir devonlarining Turkiya, Eron, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya va AQShning ba’zi fondlarida saqlanayotgan nusxalari bilan qiyosiy o‘rganilib, manbashunoslik va matnshunoslikning tarixiylik, to‘liqlik, ishonchlilik prinsiplariga ko‘ra fonddagi boshqa nusxalarga nisbatan muhim ekanligi aniqlangan;
Navoiy devonlari qo‘lyozmalariga bitilgan kolofonlar tekstologiyasi o‘rganilib, ularning qo‘lyozma bitish an’analaridagi o‘ziga xos jihatlari manbashunoslikning muhim rasmiy hujjatlari ekanligi dalillangan;
«Xazoyinu-l-maoniy» va «Terma devon»larning qadimiylik va ishonchlilik jihatidan muhim qo‘lyozmalari sarlavhalari o‘rganilishi natijasida Alisher Navoiy g‘azallarining XVI asrdayoq tematik klassifikatsiya qilingani asoslangan;
Navoiy «Terma devon»lari qo‘lyozmalaridan 4 tasining har biri o‘ziga yarasha original tartibda ko‘chirilgani, shuningdek, XIX asrga tegishli «Terma devon» nusxalarining birida boshqa devonlarga kirmagan ikkita g‘azal borligi isbotlangan;
Navoiy devonlarining tarkibi va tuzilishi davr va ko‘chirilish muhiti bilan, xususan, saroy va uning tashqarisida rivojlangan adabiy jarayonlar va kitobat ishiga bog‘liq holda devonchilik an’analaridan farq qiluvchi belgilarga ham ega ekanligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Alisher Navoiy devonlari qo‘lyozmalarining tarkibini yoritish bo‘yicha tadqiqotning  ilmiy natijalari asosida:
Navoiy devonlarining Samarqand hududida ko‘chirilgan qo‘lyozmalari o‘rganilishiga doir ilmiy-nazariy natijalaridan «P3-20170930393 Alisher Navoiyning «G‘aroyib us-sig‘ar» devonidagi g‘azallarning o‘zbek va ingliz tillarida ilmiy izoh va sharhlarini yaratish» nomli amaliy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zR Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 17 sentyabrdagi 89-03-3364-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur monografiya Alisher Navoiyga Samarqandiy nisbasi berilgani haqidagi yangi ma’lumot bilan boyitilgan;
«Terma devon»lar tarkibining tanqidiy-qiyosiy tadqiqi bilan bog‘liq amaliy natijalardan «F1-FA-055746 raqamli «Markaziy Osiyo xalqlari qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish, O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivini ilmiy tavsifi va nashr etish» fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 7 oktyabrdagi №3/1255-2148-son ma’lumotnomasi). Natijada Navoiy «Terma devon»larining turli davrlarda ko‘chirilgan nusxalari deyarli yangi tarkibda ko‘chirilgani haqidagi ilmiy farazlar tasdiqlangan;
Alisher Navoiy lirikasi tarixi, asarlari qo‘lyozmalarining tarqalishi geografiyasi kabi ma’lumotlardan «O‘zbekiston tarixi» telekanalining «Tarixiy savol» va «Javohir» nomli turkum ko‘rsatuvlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan («O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi»ning 2020 yil 17 sentyabrdagi 20-14-824-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilib, ularning ilmiy-ma’rifiy saviyasi oshgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish